Dorievning egosi kuchlimi? Boshkovich nega matbuot anjumanida ishtirok etmadi? (Matbuot anjumani)
O‘zbekiston Superligasi 10-turidan o‘rin olgan "Surxon" - "So‘g‘diyona" bahsi yakunlandi. Unda maydon egalari 1:0 hisobida raqibdan ustun keldi.
Behruz Shaydulov tomonidan 68-daqiqada kiritilgan gol ularga g‘alaba keltirdi.
Bellashuvdan so‘ng har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq mehmonlar ustozi Ivan Boshkovich qizil kartochka tufayli anjumanda ishtirok eta olmadi. Uning o‘rniga Ulug‘bek Boqiev jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Avvalambor, hammaga assalomu alaykum. "Surxon" jamoasini bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, "Bunyodkor"ga qarshi bahsda o‘zimizning eng yaxshi uchrashuvlrimizdan birini o‘tkazgandik. Bugun ham shunday kutilma bor edi. Bugun o‘zimizda bor imkoniyatlardan foydalana olmadik va ayrim vaziyatlarda futbolchilarga sovuqqonlik etishmadi.
"So‘g‘diyona" hujumchilari tartibli va orqa chiziqda o‘ynaydigan jamoalarga qarshi o‘zini ko‘rsata olmayapti. Bunga sabab nima?
Bunday deb o‘ylamayman. Himoyada zich harakat qilib, qarshi hujumga qarshi chiqadigan va ochiq o‘yin ko‘rsatadigan jamoalarga qarshi ham bir xil o‘ynashga harakat qilyapmiz. Har bir uchrashuvga alohida tayyorlanamiz. Shunchaki, ba’zan bizga sovuqqonlik etishmayapti. Hozir tanaffusga chiqyapmiz va kuchliroq bo‘lib qaytishga harakat qilamiz.
Lyupche Doriev juda ko‘p epizodlarda to‘pni qizg‘onyapti. Uning egosi kuchayib ketgandek tuyulmayaptimi?
Savolingiz noto‘g‘ri, deb hisoblayman. Futbol jamoaviy sport turi. U gol urayotgan yoki assist qilayotgan bo‘lsa, bunda sheriklarining ham hissasi bor. U bugun o‘tgan safargidagi kabi o‘z o‘yinini ko‘rsatgani harakat qildi. Sovuqqonlik etishmagani sababli u va boshqalar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Lyupche bilan 1.5 yildan beri birga ishlayotgan bo‘lsak, unda egoni ko‘rmaganman. U juda samimiy va ochiq ko‘ngil yigit. Doriev to‘purarlar jadvalida birinchi o‘ringa chiqish uchun emas, jamoaga yordam berish uchun o‘ynayapti.
O‘yindan keyin bosh hakam Boshkovichga qizil kartochka ko‘rsatdi. O‘zPFL xodimlari aytishdiki, matbuot anjumaniga kirish mumkin emas ekan.
Hujumchining o‘yini chiqqani yoki chiqmaganini gollar bilan baholashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi. Samandar Mavlonqulov hujum chizig‘ida o‘z harakatlari bilan himoyachilarni shoshirib qo‘ymoqda. Uning potentsiali juda yuqori va kelgusida terma jamoada ham o‘ynashiga ishonaman.
"So‘g‘diyona" goldan so‘ng o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Jamoa bunday holatlarga tayyor emasmi?
Bunaqa vaziyatlarga biz doim tayyor turamiz. Gol urganimizdan keyin kimni maydonga tushiramizni yoki gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng qaysi taktikaga o‘tishimizni uchrashuv avvalida kelishib olamiz. Ayniqsa, gol o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng biroz aktivlashdik. Yaratgan xavfli vaziyatlarimiz ham aynan o‘sha voqeadan so‘ng sodir bo‘ldi. O‘ylaymanki, kelasi bellashuvlarga yana ham puxta tayyorlanib, muxlislarimizni xursand qilamiz, degan umiddamiz.
Fikrlar