Dunyoning eng badavlat futbolchisi qanday hayot kechirmoqda?

  • 20 yanvar, 2021, 23:10
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Dunyoning eng badavlat futbolchisi kim va u qanday hayot kechirmoqda?

Tecno

U aslida kim?

deni2

«Mendan nega futbolchi bo‘lishga shunchalar intilasan, deb ko‘p so‘rashadi. Ularga doimo bir xil javob qaytaraman. Mening aka-ukalarim ko‘p. Ular 24 soat uyda o‘tiradi. Bankdagi hisoblarida millionlab evro pullar mavjud. Menda ham shunday, biroq men ular singari, ertalabdan kechgacha hech narsa qilmay, uyda o‘tirmoqchi emasman. Men nimanidir uddasidan chiqish maqsadida tinimsiz harakatdaman».

Bu so‘zlar futbol olamidagi eng badavlat shaxs sanalgan Bruney sultonining jiyani - Faik Bolkiaga tegishli. Hasanali Bolkia 1997 yilda “Forbes” jurnali tomonidan dunyoning eng badavlat insoni, deb topilgan edi. Ushbu sultonning hisobida 17 milliard dollar pul mavjud. Faik esa, uning jiyani bo‘lib, qirollik oilasining erkatoy vakillaridan biri sanaladi.

Dani3

E’tiborlisi shundaki, Faik dunyoning eng badavlat bolalaridan biri bo‘lishiga qaramay, 10 yil davomida Angliyaning «Lester» jamoasi akademiyasida tarbiya olgan. U «Lester»ning yoshlar jamoasida ham bir muncha fursat to‘p surdi. Temmi Abraxam va Loftus-Chik bilan birga to‘p surgan qahramonimiz taniqli futbolchi bo‘lishni uddalay olgani yo‘q.

Keling, biroz ortga qaytamiz. Faik Bolkia 1998 yilda Los-Anjelos shahrida tavallud topgan. Shunday bo‘lsa-da, qahramonimiz amakisining o‘g‘li bilan Angliyada ta’lim oladi. Faikning ota-onasi evropaliklarga o‘xshab fikrlashi uchun uni xorij maktabida ilm olishini istagan edi. Evropaliklar singari hayot kechirishga uringan Faik ular singari futbolni sevib qoladi.

Uning dadasi bu paytda millionlarni havoga uchirish borasida hammaga «o‘rnak» bo‘layotgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, Faikning dadasi o‘z tug‘ilgan kunida Maykl Jeksonning tashrifi uchun 17 million dollar sarflagan ekan. Ingliz nashrlari bergan xabarlarga qaraganda, Bruneyda sulton oilasi a’zolarining oylik sarf-xarajati 1 million dollardan ko‘proq. Ushbu mashina Faikning dadasiga tegishli.

dani6

Bruney sultonining jiyani futboldagi ilk qadamlarini «Nyuberi» shahri jamoasida boshlaydi. 2009 yilga kelib, «Sautgempton» jamoasiga o‘tadi. Uning futboldagi ilk ustozi Pol Morganning fikrlariga e’tibor bering:

«U klub akademiyasiga kirish uchun lozim bo‘lgan hujjatlarni to‘ldirayotgan paytda, doimo yashash joyini ko‘rsatishi kerak. Shunda, Faik «Xollington Xaus»ni belgilaydi. Biz uning bu ishiga kulib qo‘ydik. Keyinroq bilsak, uning oilasi ushbu mehmonxonani to‘liqligicha sotib olgan ekan. Shu sababli, birinchi kundanoq, u qirol oilasi a’zosi ekanligini ma’lum bo‘lgan edi. Birinchi mashg‘ulotlar kuniyoq, uning inson sifatida yaxshi tarbiya olgani ma’lum bo‘ldi. Faik juda kamtarin va oddiy bolalardan ajralmas edi».

Bunga hozir ishonmasligingiz mumkin, ammo Faikni «Sautgempton» skautlari bejiz tarkibga qo‘shib olmadi. Gap shundaki, u juda tezkor va chaqqon futbolchi edi. Boz ustiga, hech qachon to‘pni qizg‘anmas, kerakli pallada pas berishni uddalar edi. Shu bois, birinchi ko‘rikdayoq uni «Sautgempton» o‘z safiga qo‘shib oldi.

Faik Bolkia 2009-2013 yillar oralig‘ida «avliyolar» safida mashg‘ulot o‘tkazdi. Keyin Londonning «Arsenal» jamoasi qahramonimizni o‘zi bilan Singapurdagi turnega olib ketdi.

Bunga qadar «Arsenal» futbolchilari Bruney qirolining jiyani haqida aytarli ma’lumotga ega emas edi. Singapurda esa, Faikni xalq katta qiziqish bilan kutib oldi. U bilan suratga tushganlar soni mashhur futbolchilarnikidan ortib ketdi. O‘sha turneda Faik bilan birga ishtirok etgan klub personali Ruben Sammut quyidagicha xotirlaydi:

dani5

«U juda kamtarin futbolchi edi. O‘ng qanotda to‘p surar edi. Teo Uolkott singari super tezlik egasi edi. To‘g‘risi, «Arsenal» jamoasidagi hech kim uning bu qadar badavlat ekanligini bilmagan. Gap shundaki, u boshqa yosh futbolchilar singari klub bazasida yotib qolar, o‘zi uchun qimmat narsa sotib olmas edi. U bor kuchi bilan oddiy futbolchi bo‘lishga intilar, o‘z imijini tushirib yubormaslikka urinar edi.»

Faik o‘zi singari futbol orqali katta yutuqlarga erishish orzusidagi bolalar ichida katta bo‘ldi. Balki, shu bois uning kamtarligi ko‘plab insonlarda hayratlanish hissini uyg‘otar. Qahramonimiz media olamda juda mashhur bo‘lishiga qaramay, negadir intervyulardan qochishga urinadi. U bilan shu kunga qadar, jurnalistlardan faqat Gerri Koxgina suhbat qurgan, xolos. Jurnalistning ma’lum qilishicha, Faik juda oddiy inson, biroq uning atrofida bo‘layotgan voqealar uni noqulay ahvolda qolishga majbur qilaveradi. Jurnalist Bruney qirollik oilasi a’zosi haqida yozgan maqolasidan iqtibos keltiramiz.

«Bruney yoshlar jamoasi Singapurda futbol uchrashuvida ishtirok etganida, Faikni butun boshli armiya qo‘riqlagan ekan. O‘yindan oldin, hatto raqib jamoasi futbolchilari ham tintuv qilingan. Futbolchi jamoadoshlari bilan birgalikda mehmonxonada qolgan, ammo uni 50 ga yaqin tansoqchi himoya qilgan.»

2016 yilda qahramonimiz o‘z faoliyatidagi ilk professional shartnomaga imzo chekadi. «Lester» klubi chaqqon vingerga ishonch bildiradi.

Qiziquvchan ingliz jurnalistlari «tulkilar»ning yangi futbolchi qanday maqsadda klubga qabul qilgani haqida tergov-surishtiruv ishlarini olib borgan bo‘lsa-da, hech qanday ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi. Qahramonimiz «Lester»ning U18 va U19 jamoalari safida to‘p surdi. 5 bor UEFA doirasidagi turnirlarda ishtirok etdi, ammo asosiy jamoada to‘p surish unga nasib etmadi. Shartnoma muddati yakunlangach, u Portugaliyaning «Martimu» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. O‘tgan yozda uning Portugaliyaga ko‘chib o‘tganini ingliz futbol muxlislari sezmay qoldi.

«Martimu»da jamoasi futbolchilar millioner futbolchini juda iliq kutib oldi. U haqida klub himoyachisi Klaudio Ving bildirgan fiklarga e’tibor qaratamiz:

Deni1

«U Portugaliyaga katta maqsadlar bilan tashrif buyurdi. E’tiborlisi shundaki, u barcha singari mashg‘ulot o‘tkazadi. Doimo nimadir o‘rganishga va nimanidir uddalashga urinadi. Vaholanki, u hech kimga hech narsani isbotlab qo‘yishga majbur emas.

Men  inglizcha oz-moz so‘zlashaman. U esa, portugal tilida hali no‘noq. Shunday bo‘lsa-da, birga ko‘p vaqt o‘tkazamiz. U juda sodda va mehnatkash yigit. O‘ylashimcha, uni oldinda ajoyib kelajak kutmoqda.»

Faikning o‘zi Braziliyalik afsona – Ronaldoning ashaddiy muxlisi. Gap shundaki, Bruney terma jamoasi sardori shu tempda yana 10 yil to‘p sursa, bu chinakam qahramonlikka teng.

«Men o‘z mamlakatim tarixida ilk bor Evropada to‘p surgan futbolchi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Buning uchun yoshlik chog‘imdagi eng o‘yinqaroq davrlarimni sportga bag‘ishladim. Hozirgi darajamga chiqishim uchun uzoq yillar mehnat qilishimga to‘g‘ri keldi.

Futbolchilik faoliyatim davomida o‘zimni yaxshi tutishga harakat qilaman. Oilam men bilan faxrlanishini juda ham istayman. Har bir golimdan so‘ng, ularga qo‘ng‘iroq qilaman va suhbatlashaman. Asosiy maqsadim esa, Bruney futbolini yangi darajaga olib chiqish».

Qahramonimiz 2016 yilda AQSh terma jamoasida to‘p surish taklifini oldi, biroq u Bruney terma jamoasida to‘p surishni afzal ko‘rdi. Eng qizig‘i shundaki, u endigina 22 yoshga qadam qo‘ydi. Oldinda, butun boshli karera uni kutib turibdi. Hisob raqamida milliard dollardan ortiq puli bo‘lgan Faik esa, portugal tilini o‘rganish bilan band. SPORTS.uz o‘z ustida ishlashda davom etayotgan sayyoramizdagi eng badavlat futbolchiga omad va zafarlar tilab qoladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!