Dzyudo. Polvonlarimiz Budapeshtdagi "Katta dubulg‘a" turnirini medal bilan boshladi
Budapeshtda o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” musobaqasining birinchi kuni terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. -66 kg vazn toifasi finalida ishtirok etgan Rahimjon Subxonov hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Olimpiada chempioniga qarshi munosib kurashdi.
Garchi bellashuv kunchiqar yurt vakilining g‘alabasi bilan xotima topgan bo‘lsa ham, yosh polvonimiz Xifumi Abega munosib qarshilik ko‘rsata oldi. Yakunda Abe 2 vazari bahosi bilan o‘zining 3 yildan beri uzilmayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettiradigan bo‘ldi. Subxonov esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Shu tariqa, Subxonov faoliyatida ilk bor “Katta dubulg‘a” turnirlarida shohsupaga ko‘tarilmoqda. Bundan tashqari u jahon reytingi uchun 700, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 350 ochkoni o‘z hisobiga qo‘yib qo‘ymoqda.
Qayd etish joiz, bungacha hamyurtimiz jahon reytingida 197-pog‘onada joylashgan edi. Uning kumush medali yangi haftada kuchli 50 talikka kirishi uchun zamin yaratadi.
MOQ matbuot xizmati



Fikrlar