EChL. "Borussiya" M - "Manchester Siti": muammolar va muvaffaqiyatlilar to‘qnashuvi!
Bugun tunda dunyo muxlislari intiqlik bilan kutayotgan Evropa Chempionlar Ligasi turniri doirasida yana 2 bahs o‘tkaziladi. Deyarli barcha Evropa futboli muxlislari uchun chorshanba oqshomi bedorlikda o‘tishi shubhasiz. Sababi, jamoalar nomining o‘ziyoq bu uchrashuvlarga bo‘lgan qiziqishni oshirib yuboradi. Shu sababli, ko‘pchilik futbol ixlosmandlariga qiziq bo‘lgan ushbu 2 uchrashuvga saytimiz alohida to‘xtalishni lozim deb topdi va o‘ylaymizki, bu siz aziz muxlislarga ham manzur bo‘ladi. Biz esa hozir “Borussiya” Myonxengladbax - “Manchester Siti” o‘yini haqida gaplashamiz. Demak, boshladik!

“Borussiya” Myonxengladbax
Myonxengladbaxning “Borussiya”si uchun mavsum ancha yaxshi boshlangan bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinlar bunday o‘tayotgani yo‘q. Guruh bosqichida “Real” va “Inter” klublari bilan joy olgan nemislar o‘ta katta kuch va chiroyli o‘yini evaziga “Inter”ni guruhda qoldirib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Biroq, ayni damda ularning ahvoli havas qilarli darajada emas: klub hattoki kelasi mavsum Chempionlar Ligasiga ham chiqa olmay qolishi mumkin. So‘nggi turda “Maynts”dan 1:2 hisobida engilgan Marko Rouz shogirdlari turnir jadvalida 8-o‘rinda bormoqda hamda kuchli to‘rtlikdan ularni 9 ochko ajratib turibdi. Ayni damda ularning oldida turgan vazifa - eng kamida EChL yo‘llanmasiga ega chiqish. Bu yo‘lda ularni jiddiy sinovlar kutib turibdi. Raqobat tobora kuchayayotgan Bundesligada biron natija qayd eta olish uchun jamoa tinimsiz harakat qilishi lozim. Yoki EChLni qo‘lga kiritish kerak. To‘g‘ri, 2-variant ehtimoldan ancha yiroq. Biroq hamma narsa maydonda hal bo‘ladi, biron nima haqida konkret fikr bildirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
“Pley-off”ning ilk bosqichidayoq ularga Pep Gvardiolaning tobora to‘xtatib bo‘lmas jamoaga aylanib borayotgan “Manchester Siti”si to‘qnash keladi. Albatta, qur’a paytida ham ko‘pchilik “Siti”ning favorit ekanligini ta’kidladi, ammo Gvardiolaning “qovun tushirish”lari yana yuz bermasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. O‘tgan mavsum “Lion”dan, undan oldingilarida “Tottenxem”dan va “Monako”dan kutilmaganda mag‘lubiyatga uchraganliklari haligacha hammaning yodida. Shu tufayli, bu o‘yindan ham biroz intriga kutgan holda myunxengladbaxliklarning imkoniyatini o‘rtacha baholaymiz.
Taxminiy tarkiblar: Zommer; Layner, Ginter, Elvedi, Bensebaini; Kramer, Noyxaus, Zakariya; Plea, Embolo, Xofmann.

“Manchester Siti”
“Shaharliklar”da esa hammasi tobora ideal suratda kechib bormoqda. So‘nggi turda “Arsenal”ni Sterlingning 2-daqiqada urgan yagona goli evaziga mag‘lub etgan Pep shogirdlari barcha musobaqalardagi mag‘lubiyatsiz o‘yinlari sonini 18 taga etkazib oldi va bu borada hammani ortda qoldirdi. Shuningdek, APL doirasidagi so‘nggi 10 bahsda 8 ta quruq o‘yin qayd etishdi; EChL guruh bosqichida 6 o‘yinda atigi 1 ta gol o‘tkazib yuborishgani ham yodingizda bo‘lsa kerak. Ko‘pchilik futbol mutaxassislari bunday dahshatli mudofaa chizig‘i bilan “Siti” nihoyat o‘z tarixidagi ilk EChL kubogini qo‘lga kiritishini taxmin qilmoqda. Biroq bunday taxminlar har yili aytilishiga hamda yakunda Gvardiola “qovun tushirishi”ga o‘rganib ham qoldik. Kuzatamiz, bu safar Pep xatoga yo‘l qo‘ymay vazifani bajararmikan? Tarkibda himoyachi Natan Akening yo‘qligini aytmaganda, umuman yo‘qotish yo‘q. Optimal tarkib, ajoyib kayfiyat ayni damda ularning hamrohi. APL turnir jadvalidagi katta ochko farqidagi etakchilik, Liga Kubogi finali, EChLda osonroq raqib… Hammasi ularning foydasiga ishlamoqda, faqat yuzaga kelgan imkoniyatdan unumli foydalanib qolish kifoya.
Taxminiy tarkiblar: Ederson; Uoker, Stounz, Diash, Kanselu; Rodri, Bernardu Silva, Gyundogan; Foden, De Bryuyne, Sterling.

Murabbiylar fikri.
Marko Rouz:
“Biz bugun jasorat bilan o‘ynashimiz kerak. Odatda, “Siti” bilan bo‘lgan o‘yinlarda biron natijaga erishish uchun tavakkal o‘yin ko‘rsatish lozim. Aql bilan, shaxmat partiyasiga asoslangan o‘yin ko‘rsatish - mening fikrimcha, Pep jamoasiga qarshi kamdan-kam holda foyda keltiradi. Ular hozir pik formaga chiqqan. Bizda esa ayrim muammolar bor. O‘ylaymizki, muammolarni unutgan holda o‘ynasak, biron natijaga erishishimiz mumkin”.

Pep Gvardiola:
“Biz iloji boricha yaxshi o‘ynashga va yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz. Meni hozir “Borussiya” bilan bo‘ladigan o‘yinga qaraganda ko‘proq “Vest Xem” bilan bo‘ladigan o‘yinimiz o‘ylantirmoqda. Biz barcha turnirlar uchun birday kurash olib boramiz. Jamoamizning kayfiyati yaxshi. Bizda hozircha muammolar yo‘q, o‘ylaymizki, kutilgan natijani qayd etamiz”.

Xulosa o‘rnida
"Manchester Siti" bu o‘yinda mutlaq favorit. Bunga isbot sifatida shunchaki so‘nggi o‘yinlardagi natijalarni misol qilib keltirishning o‘zi kifoya. So‘nggi 10 ta o‘yinning 10 tasida g‘alaba, 8 ta quruq o‘yin - "shaharliklar"ning foydasiga. 10 ta bahsning 5 tasida g‘alaba, 3 tasida durang va 2 tasida mag‘lubiyat - bu "Siti"ga munosib raqobat uyushtirib berish uchun etarli emas. Lekin, nima bo‘lgan taqdirda ham tezkor gol yoki sensatsiyalar yuz berishi ehtimoldan holi emas. Katta ehtimol bilan Gvardiola bu bahsni ham o‘z foydasiga hal qilsa kerak. Albatta, bu shunchaki taxmin. Barchasi 90 daqiqa ichida maydonda hal bo‘ladi. Biz esa sizga maroqli tomosha tilaymiz!
Abdulla Mannonov tayyorladi.

Fikrlar