
EChL. Bugun amaldagi chempion, chempionlar kushandasi va chempionlik uchun da’vogar o‘ynaydi (prevyu)
Chempionlar Ligasi guruh bosqichi o‘zining qoq markaziga etib kelmoqda. Ertaga bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar bilan ushbu bosqichda ko‘p narsa ayon bo‘lib ulguradi. Biroq ba’zi sensatsion natijalar ham yo‘q emas. Va aynan ularning borligi uchun biz futbolni katta qiziqish bilan kuzatamiz. Quyida fikr yuritmoqchi bo‘lgan jamoalarimiz holati haqida deyarli tugal gap ayta olamiz. Chunki ortda qolgan 2 tur ular ishtirok etayotgan guruhlardagi jamoalarning "saragi sarakka, puchagi puchakka chiqib ulgurdi". Demak, dastavval amaldagi chempion ishtirokidagi o‘yinga e’tibor qaratamiz:
"Red Bull" Zaltsburg - "Bavariya"
Guruh peshqadami va autsayder o‘rtasidagi uchrashuv doim ham qiziqarli, har ikki darvoza qarshisida yuzaga keladigan xavfli hujumlar ostida kechmasligi mumkin. Biroq, odatda, gollarga boy kechadi. Ayniqsa, har ikki jamoa a’zolari gol urishni yaxshi bilsa. Qahramonlarimiz aynan shu toifa vakillari sanaladi. A guruhida so‘nggi pog‘onada joylashgan avstriyaliklar 4 ta gol urgan va bu natija ulardan yuqoridagi ikki klubnikidan yaxshiroq. "Bavariya" haqida, ulardagi golga chanqoqlik, bu vazifani ortig‘i bilan ado etish to‘g‘risida ortiqcha izoh shart bo‘lmasa-da, kasb nuqtai nazaridan aytishga majburmiz: "qizillar" "Atletiko"ga 4 ta, "Lokomotiv"ga 2 ta gol urgan. Ushbu gollardan birortasi Levandovski, Gnabri va Sane tomonidan kiritilmagani Flik jamoasi haqidagi tasavvurlarni dahshatli ko‘rinishga qaytaradi. Qizig‘i, o‘tgan mavsum ham shunday bo‘lgandi.
Taxminiy tarkib: Noyer, Pavar, Boateng, Alaba, Ernandes, Kimmix, Tolisso, Gnabri, Myuller, Koman, Levandovski.
Xans-Diter Flik: "Red Bull" bir necha yillardan beri ajoyib ishlarni amalga oshirmoqda. Ularning tarkibida o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan yosh iste’dodlar etarli. Bu holat ertangi o‘yinni juda qiziqarli o‘tishini ta’minlaydi. Bugungi mashg‘ulotlardan so‘ng, ertaga asosiy tarkibda maydonga tushadigan futbolchilarni saralayman".
"Red Bull" Zaltsburg
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, avstriyaliklar gol urishni xush ko‘radi. Shunchaki, hujum qanday kuchli bo‘lsa, himoya shu qadar zaif. Ortda qolgan uchrashuvlarning har ikkalasida ular hisobda oldinda bora turib, g‘alabani qo‘ldan chiqargan. "Lokomotiv" bilan o‘yinda hech bo‘lmasa, durangni saqlab qolgan Marsh shogidlari, darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan "Atletiko" oldida ojiz qoldi. Bu o‘yinga milliy chempionatdagi yirik hisobda qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan etib kelgan zaltsburgliklarga umid bag‘ishlovchi bir jihat bor: "Bavariya"ni 7 noyabr kuni "Borussiya"ga qarshi o‘ta muhim bellashuv kutib turibdi. Tarkib bilan bog‘liq muammolar bo‘y ko‘rsata boshlagan bir paytda, bosh murabbiy qiymati kattaroq o‘yin haqida ko‘proq o‘ylashi ehtimoldan holi emas. Bu "Red Bull" foydasiga ishlashi va ular o‘tgan mavsumdagi kabi o‘z futbolchilarini katta klublarga tanitib olishi mumkin. Yoki kimdir "Red Bull" Zaltsburgdan Chempionlar Ligasi g‘olibligini kutyaptimi?!
Taxminiy tarkib: Stankovich, Ulmer, Veber, Ramalo, Kristensen, Soboslai, Yunuzovich, Kamara, Mvepu, Koyta, Berisha.
Jessi Marsh: "Ertaga bizni og‘ir o‘yin kutmoqda. Kimga qarshi maydonga tushishimizdan qat’i nazar, doim g‘alaba qozonish uchun imkoniyat bo‘ladi. Afsuski, muxlislarsiz harakat qilishimizga to‘g‘ri kelmoqda, biroq maydonga 100 % ishtiyoq bilan chiqamiz".
"Lokomotiv" - "Atletiko"
Moskvaliklar guruh bosqichini yomon o‘tkazmoqda, deb bo‘lmaydi. Har holda, "Red Bull"ga qarshi mehmonda 1 ochko qo‘lga kiritildi. "Bavariya" futbolchilari Moskvada rosa ter to‘kishga majbur bo‘ldi. Demak, "Atletiko"ni ham oson bo‘lmagan o‘yin kutib turibdi. Chunki o‘z uyida amaldagi chempionga katta muammo tug‘dira olgan "temiryo‘lchilar" oddiy jamoalarga qarshi ko‘pincha qiynaladigan Simeone shogirdlariga ham o‘ziga xos "sovg‘a" hozirlab qo‘yganligi tayin. Ustiga ustak, Anton Miranchukning o‘yini ochilib borayotganligini hisobga olsak, "matraschilar" orqa chiziqda qiynaladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.
Taxminiy tarkib: Gilerme, Jivoglyadov, Raykovich, Murilo, Rybus, Ignatev, Kulikov, Krixovyak, Miranchuk, Smolov, Ze Luish.
Marko Nikolich: "Yana bir qiziqarli chaqiruv oldimizda turibdi. Moskvaga biz yaxshi bilgan klub kelmoqda. Men "Atletiko" va Diego Simeoneni hurmat qilaman. Biz ularga qarshi etarlicha tayyorgarlik ko‘rganmiz. Ertaga ochko olish uchun barcha narsaga tayyormiz".
"Atletiko"
Yuqorida ularni bejiz "chempionlar kushandasi", deb atamadik. Simeone shogirdlari istalgan turnir chempionlariga qarshi tengma-teng "tish qayray oladi". Bu so‘nggi dekadada ularning o‘yin uslubiga aylangan, miyasiga chuqur singdirilgan. Faqatgina barcha jamoalarda bo‘lgani kabi, ba’zi istisno holatlar mavjud. Shunga qaramay, qo‘rqinchli "Bavariya"dan o‘tib olgan Simeone shogirdlari EChLda ham, La Ligada ham yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Katta umidlar bilan jamoaga olib kelingan Felish, Suares kabi futbolchilar o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlamoqda. Boz ustiga, Lorente va Saul ham hujumlarga faol qo‘shilyapti. Bugungi bellashuvda ham bu faktorlar "matraschilar"ga yordam berishi lozim.
Taxminiy tarkib: Oblak, Tripper, Savich, Felipe, Lodi, Korrea, Saul, Lorente, Koke, Suares, Joau Felish.
Diego Simeone: "Biz juda kurashuvchan jamoamiz. So‘nggi uchrashuvlardagi natijalarimiz bizning haqiqiy kuchimizni ko‘rsatmoqda. Biz endi faqatgina 1 gol farqini ushlab qolishga harakat qilmayapmiz. Ertangi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz".
"Manchester Siti" - "Olimpiakos"
Bu mavsum Manchester klublarini ikki frontda har xil o‘yin ko‘rsatayotganligining guvohi bo‘lyapmiz. MYu APLda 15-pog‘onada yuribdi. Mag‘lub bo‘lgan o‘yinlari soni ochko olgan bahslari bilan teng. Ammo Chempionlar Ligasida yo‘lidan chiqqan raqibni chetga surib, dadil ildamlamoqda. "Siti" esa, Premer-liga turnir jadvalining qoq markazida. Shogirdlaridan maksimal natija talab qiladigan murabbiy jamoasi uchun havas qilgulik holat emas, nazarimizda. Bunga har mavsum kamida 2-3 ta transferni qo‘shib, vaziyatga chuqurroq nazar solsak, "shaharliklar" omadsiz start olganini ko‘ramiz. Biroq qo‘shnilari kabi Gvardiola shogirdlari ham halqaro maydonda hech qanday qoqilishsiz boryapti. Ikki o‘yinda 6 ta gol urgan manchesterliklar ushbu musobaqada doimgidek asosiy da’vogarlar qatorida tilga olinmoqda. Bu borada "Olimpiakos" ularda kichik muammo tug‘dirishga harakat qilib ko‘radi.
Taxminiy tarkib: Ederson, Uoker, Ruben Diash, Ake, Kanselu, Gyundogan, Rodri, de Bryuyne, Mahrez, Torres, Sterling.
Pep Gvardiola: "Birinchi navbatda keyingi bosqichga chiqishni istaymiz. Birinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l olsak, yanada yaxshi bo‘lardi. "Olimpiakos"ga qarshi bahsda g‘alaba qozonib, oradagi farqni yiriklashtirib olish imkoni bor. Bu bizning maqsadimiz va bunga erishish yo‘lida harakatdan to‘xtamaymiz".
"Olimpiakos"
Yunonlar oldida qiyin vazifa turibdi. Ular foydalanib ketishi mumkin bo‘lgan jihat "Siti"ning biroz zaif himoyasi. Aslida, Lyaport va Ake safga qaytdi, Kanselu va Uoker yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, ba’zi xatolar ham yo‘q emas. Bosh murabbiy kimni asosiy tarkibda maydonga tashlashi aniq emas. Shuning uchun, "Olimpiakos"da kichik imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin. Ulardan maksimal foyda chiqara olsagina, mehmonlar bugun sensatsiya qayd eta oladi.
Taxminiy tarkib: Sa, Rafinya, Semedu, Sisse, Olebas, M'Vila, Buxalakis, Kamara, Valbuena, El-Arabi, Masuras.
Pedru Martins: "Maqsadimiz o‘zgargani yo‘q. Raqibimiz yuqori darajada. Shuning uchun, o‘yin juda qiyin kechadi. Ertangi uchrashuvni o‘z foydamizga hal qilish uchun chuqur o‘ylab, qaror qabul qilishimiz, aqlni ishga solib, harakatlanishimiz lozim".
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar