EChL qur’asi g‘olib va mag‘lublari (Erkin G‘aybullaev blogi)

  • 17 mart, 2019, 14:56
  • 0
CHERY AUTO

Kecha Chempionlar Ligasining chorak finaliga qur’a tashlandi va unda bir qator qiziqarli juftliklar guvohiga aylandik. Unga ko‘ra portugaliyalik superyulduz uchinchi jamoasi bilan bosh sovringa ega chiqish uchun “Ayaks” to‘sig‘idan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Argentinalik daho esa “qizil iblislar”ni sinovdan o‘tkazadi.

Tecno

Xo‘sh, ayni vaqtda qur’a natijasi g‘olib va mag‘lublari kimlar?

G‘olib: Krishtianu Ronaldu

Krishtianu Ronaldu “Ayaks”ga qarshi Chempionlar Ligasida besh bora to‘qnash kelgan va ularning barchasida g‘olib chiqqan. Naq etti golni ularning darvozasiga joylab qo‘ygan. Xullas turinliklarning “Ayaks” qo‘riqlaydigan darvoza oldida gol urish imkoniyatlari ancha oshgan, deb bemalol aytaversak bo‘ladi.

“Atletiko Madrid”ga qarshi muhim pallalarda o‘zini ko‘rsatib olgan super yulduz sport formasida. Amsterdamliklar “Real”ni chiqarib yuborgan bo‘lsada, javob o‘yinida madridliklarning tartibsiz harakatlanishi ularga foyda bergandi. “Ayaks”ning shijoatli yoshlari bundan unumli foydalanib qolishdi.

Turnirning bu bosqichiga qadar etib kelishning o‘zi “Ayaks”ning mavsumdan kutgan umidlari ortig‘i bilan bajarilganini ta’kidlash kerak. Sifat, tajribaga ega “keksa sinora” golland klubiga imkon qoldirmasligi ehtimoli ancha yuqori.

Mag‘lub: “Manchester Yunayted”

Agarda Presnel Kimpembening, keyinroq VAR tizimining yo‘l qo‘ygan xatosi bo‘lmaganida Neymar “Kamp Nou”da sobiq jamoasiga qarshi saf tortgan bo‘lardi. Biroq endi foydasiz.

Javob o‘yinidagi hisob Ole Gunnar Sulsherning master-klassi sifatida tilga olinayotgan bo‘lsada, “MYu”ga shunchaki omad kulib boqdi. Faqatgina omad!

Neymar va Edinson Kavani safda bo‘lganida “PSJ”ni yutish oson bo‘lmasdi. Fakt shuki, “MYu”ning haqiqiy kuchi birinchi o‘yinda ko‘ringandi. Parijliklar “Old Trafford”da ularni ishonchli tarzda yutishdi.

Messi va Suaresga qarshi o‘yinda asosiy strategiya sifatida darvozabonga yopishish to‘g‘ri qaror emas. Messi nufuzli musobaqaning ushbu bosqichidan o‘tish uchun etarlicha sport formasiga ega bo‘lib turibdi.

“Barsa” ikki o‘yinda ham xo‘jayinchilik qilishini tahmin qilish mumkin. 1999-yilgi finalda “Kamp Nou”da o‘yin taqdirini hal qilgan Sulsherga bu safargi sayohat baxtli yakun topmasligi mumkin.

G‘olib: Pep Gvardiola

Gvardiola “Tottenxem”ga qarshi uch o‘yinning barchasida g‘alabaga erishganidan albatta xursand. Premer Liga doirasida o‘tgan oktyabr oyida “Uembli”dagi g‘alaba ham ancha yorqin chiqqandi.

O‘zining dastlabki mavsumida bir mag‘lubiyat va durang bilan o‘tkazgan kataloniyalik murabbiy “taqachilar”ga qarshi statistikasini ancha yaxshilab oldi.

Endi biz “shaxarliklar” va “taqachilar” o‘rtasida 10 kun ichida naq uch marta “jang” guvohiga aylanamiz. Pochettino shogirdlari EChLda Gvardiola jamoasiga qanchalik qarshilik qilsa, Premer Ligada ham shunchalik “jang” taklif qilishi aniq. Boz ustiga Manchester derbisi ham o‘shandan keyin bo‘lishi Yurgen Klopp va “Liverpul”ga asqotib qolishi mumkin.

Mag‘lub: “Ayaks” va Frenki De Yong

Ba’zilar yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun “Ayaks” va “Portu”ni bir juftlikka tushishini istaganlar ham yo‘q emas. Amsterdamliklar uchun bu istak ro‘yobga chiqmadi va bunga erishish uchun qiyin yo‘ldan borishga majbur. Avval “Real”, endi Ronaldu etakchiligidagi “Yuventus”.

Ularda ayni vaqtda ancha yaxshi jamoa shakllangan. Dushan Tadich so‘nggi bosqichda ancha tanilib qolgan De Yong va De Ligtlar safiga qo‘shildi. Katta sensatsiyalar qila olishga qodir bo‘lgan jamoa to‘plangani rost.

Ammo ularning bunday o‘yinlarda o‘ta tajribasizligi italyan klubiga juda qo‘li kelishi mumkin.

Ammo qaerda tajriba etishmasa, qo‘rquv ham paydo bo‘lishi shubhasiz. “Santyago Bernabeu”da ular asabiylashishmadi, chunki jamoaning yo‘qotadigan narsasi yo‘q edi. Agarda ular asabiylashmasdan o‘z futbolini ko‘rsata olsa, “Ayaks” yana sensatsiya o‘rnatishga qodir bo‘ladi. Biroq bu bir faraz, xolos.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!