
EChL «yonmoqda»! Pley-off ishtirokchilarida imkoniyat qanday? Finalda kimni ko‘rishimiz mumkin?!
Klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqa o‘zining avj pallasiga kirib bormoqda. Hozirning o‘zidayoq final darajasidagi qarama-qarshiliklar mavjud. Xo‘sh, 8 jamoadan qay biri hal qiluvchi o‘yinga qadar etib boradi? Bugun shu haqida batafsil.
«Manchester Siti» — «Borussiya» Dortmund — 80% ga 20%
- «Manchester Siti» bu bosqichda ham nemis klubi bilan to‘qnash keladi. Avvalroq, Pep Gvardiola shogirdlari «Borussiya M»ni ortiqcha muammosiz (2:0,0:2) taslim etgan edi.
- Dortmund jamoasi o‘z tarixida ikkinchi bor EChL o‘yinlarida «Siti»ga qarshi to‘qnash kelmoqda. Avvalroq, (2013/14) ular guruh bosqichida kuch sinashgan.
«Manchester Siti» bu juftlikda yaqqol favorit. «Shaharliklar» Pep Gvardiola qo‘l ostida super formaga kirib oldi. Klub 21 o‘yindan iborat g‘alabali seriyani namoyish etdi va muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Bir qarashda ingliz jamoasining imkoniyatlari yaxshiroq ko‘rinishi mumkin, ammo EChL o‘zgacha musobaqa. So‘nggi 4 yil ichida Pep turnirning shu bosqichida musobaqani tark etmoqda. Chorak finalda ularni «Monako» va «Lion» to‘xtatib qolganini inobatga olsak, Erling Xolandi bor «Borussiya»ni hisobdan chiqarmaslik lozim. Erling otasi 2000/03 yillar oralig‘ida to‘p surgan klubga qarshi maydonga tushadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu o‘yinda intriga qolgan to‘qnashuvlardagidan ancha kamroq.
«Real» — «Liverpul» — 50% ga 50%
- Jamoalar 2017/18 yilgi turnirdagi finalda Kievda to‘qnash kelgan. O‘shanda, Lorius Kariusning xatolari sababli, madridliklar 3:1 natijasi bilan g‘alaba qozongan edi.
- Klublar o‘rtasidagi yagona pley-off o‘yini 2008/09 yilgi mavsumda bo‘lib o‘tgan. Umumiy hisobda, «Enfild» egalari 5:0 natijasi bilan keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Bundan avvalgi juftlikdan farqli o‘laroq, bu erda g‘olib nomini taxmin qilish imkonsiz. «Liverpul» ham «Real» singari ichki musobaqada juda omadsiz ishtirok etmoqda. Boz ustiga, jarohatlar seriyasi Zidanni ancha murakkab ahvolga solib qo‘ygan. «Liverpul»da ham yo‘qotishlar etarlicha. Yurgen Klopp va Zayniddin Zidan o‘rtasidagi duel qanday ko‘rinish olishi muxlislarga juda qiziq.
«Real» o‘z tarkibidagi «eski jangchilar»ga ishonch bildiradi. «Mersisaydliklar» esa, APL uchun kurashdan chiqqanini tan oldi. Endi, bor e’tiborini xalqaro arenaga qaratishi mumkin. Ingliz jamoalari bilan to‘p surishdan zerikkan jamoa 180 daqiqa maksimum imkoniyatini namoyishi etishi aniq.
«Bavariya» — PSJ — 51% ga 49%
- Ular o‘rtasidagi so‘nggi bahs EChL finaliga to‘g‘ri keladi. Yodingizda bo‘lsa, «Bavariya» Kingsli Komanning yagona goli evaziga Parij klubini taslim etgan edi. Koman aynan PSJ tarbiyalanuvchisi sanaladi.
- 1994 yildan beri klublar o‘zaro EChL doirasida 9 bor kurash olib borgan. Hisob 5:4, PSJ foydasiga. Shu kunga qadar biror marotaba durang qayd etilmagan.
«Bavariya» ichki chempionatdagi ustunligi fonida PSJ biroz kuchsiz ko‘rishi mumkin, biroq hammasi maydonda boshqacha ko‘rinish oladi. Pochettino «Liga 1»da bemalol to‘p surish mumkinligini his etdi. Argentinalik mutaxassis o‘z taktik sxemasini «Bavariya»ning o‘yin uslubini izdan chiqarishga qaratishi aniq. Boz ustiga, jamoa Neymarsiz «Barselona»ni musobaqadan chiqarib yuboradi. Braziliyalik hujumchi tez orada lazaretdan chiqadi. Ana shunda, alamli final uchun revansh olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
«Portu» — «Chelsi» — 10% ga 90%
- «Portu»ni chorak finaldagi barcha klublar o‘z raqibi bo‘lishini istadi, biroq yakunda «aristokratlar»ga omad kulib boqdi.
- Ular ilk bor pley-offda 2006/07 yilgi mavsumda to‘qnash kelgan. London jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 3:2 hisobida g‘olib chiqqan.
Tomas Tuxel o‘tgan mavsumda PSJni finalga qadar olib chiqqan edi. Endi o‘z natijasini yaxshilab olish uchun qulay imkoniyatga ega. Yangilangan va yaxshilangan tarkibga ega «Chelsi» Tomasni Evropadagi eng kuchli murabbiyga aylantirishi mumkin. «Portu» esa, «Yuventus»ni dog‘da qoldirgani bilan uzoq vaqt maqtana olmaydi. Ularni yana 2 ta og‘ir bahs kutib turibdi. Turindagi qahramonlik o‘z yo‘liga. «Chelsi» «Atletiko»ga qarshi o‘yinlarda tajovuzkor ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shunday ekan, «Portu» «Chelsi»dan o‘tishi uchun ikki hissa ko‘proq harakat qilishi kerak.
Finalga kim chiqadi?
«Manchester Siti»/«Borussiya D» vs «Bavariya»/PSJ
«Real»/«Liverpul» vs «Portu»/«Chelsi»
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, yarim final uchun qur’a tashlanmaydi. Savatchadagi 4 klubdan faqat biri finalga yo‘l olishi mumkin. Bir qarashda kvartetlar o‘rasidagi farq darrov ko‘zga tashlanadi. Chempionlik uchun asosiy da’vogarlar «Man Siti», «Bavariya» va PSJdan biri hal qiluvchi o‘yinda ishtirok etishi mumkin. Erling Xoland bilan «qurollangan» Dortmund jamoasida imkoniyat kamroq.
Narigi savatchada esa, finalga chiqish uchun barchada imkoniyat bor. Hatto «Portu»da ham! Muammolarga o‘ralashib qolgan «Liverpul» va «Real»dan hamma narsa kutish mumkin. «Chelsi» ham istalgan o‘yinda omadsizlikka uchrashi hech gap emas. «Portu»dan ko‘p narsa kutib bo‘lmaydi, ammo bu futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bizda inglizcha final ko‘rish imkoni mavjud. Buning uchun «Siti» final yo‘llanmasiga ega chiqishi kerak. Unga so‘nggi o‘yinda «Liverpul» yoki «Chelsi»dan biri raqiblik qilishi mumkin. Shuningdek, «Siti» – «Real», «Bavariya» – «Chelsi», PSJ – «Liverpul» to‘qnashuvlari sodir bo‘lishi ham hech gap emas. Hatto, «Borussiya» – «Portu»ni ham variant sifatida qabul qilish mumkin. Sizningcha, finalda qaysi klublar to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz?
Fikrlar