
Ehtimol, men Qozog‘iston klublarida ishlarman - Ja’far Irismetov qozoq matbuotiga intervyu berdi
Ikki marotaba Qozog‘iston chempionati elit divizionining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan o‘zbekistonlik hujumchi Ja’far Irismetov, shubhasiz, Qozog‘iston futbolida sezilarli iz qoldirgan. «Qayrat», «Olma-Ota» va «Aktobe» klublari safida o‘tkazilgan 5 mavsum davomida hujumchi umumiy hisobda 62 ta gol urgan holda ham jamoaviy, ham individual mukofotlardan iborat boy kollektsiya to‘plashga erishgan. So‘nggi yillarda ushbu yorqin ijrochi Toshkentning «Paxtakor» klubi rahbariyatida mehnat qilib kelmoqda.
Yaqinda «Sports.kz» internet portali muxbiri Irismetov bilan bog‘lanib, undan intervyu oldi.
- Ja’far, hozirda qanday ish bilan shug‘ullanyapsiz? Tushunishimcha, siz «Paxtakor»da sport direktorisiz?!
- Ha, men hozir «Paxtakor» futbol klubining sport direktori bo‘lib ishlamoqdaman - bu lavozimda uchinchi yilni o‘tkazyapman. Avvaliga biroz qiyin bo‘ldi, endi ko‘nikib qoldim, tajriba orttirdim.
- Sizning klubingiz uchun hozirgi Qozog‘iston futbol bozori qanchalik qiziqarli?
- Qozog‘iston chempionati haqida gapiradigan bo‘lsam, bu shaxsan men uchun qiziq, deb ayta olaman, chunki o‘zim u erda o‘ynaganman. Men hozirgacha Grigoriy Babayan va «Qayrat»da ishlaydigan Vadim Borovskiy bilan aloqadaman. Ular yaqinda O‘zbekistonda bo‘lishdi - uchrashdik, qozoq futbolini esladik. Rostini aytganda, sof professional nuqtai nazardan, qozog‘istonlik futbolchilarga biz kamdan-kam hollarda qiziqish bildiramiz. Aytaylik, mening ishim bo‘yicha kimnidir taklif qilish juda qiyin, chunki Qozog‘istonda narx-navolar qanday ekanligini yaxshi bilaman va bu masalada, bizga albatta xorijliklar bilan ishlash osonroq. Biroq biz Qozog‘istonda o‘ynagan chet ellik futbolchilarga qiziqdik, masalan, keyinroq mamlakatni tark etgan o‘sha Gouga. «Ostona» safida xorijlik hujumchilar bor edi va o‘shalarga ham qiziqish bildirganmiz. Biroq bu ish bermadi - ularni klubimizga jalb qila olmadik.
Qozog‘iston futboli shaxsan o‘zimni qiziqtiradi, chunki men u erda o‘ynaganman va «Irtish» kabi taniqli klubning kuchli divizionda o‘ynashni to‘xtatgani juda achinarli. Bu albatta, qozoq futboli uchun katta minus... «Qayrat»ni astoydil kuzataman, shuningdek, klubda nimalar yuz berayotganini. U erda do‘stlarim ishlaydi. Vadim Borovskiy bilan, yuqorida aytib o‘tganimdek, yaqinda juda iliq suhbatlashdim, undan Qozog‘iston futboli haqida juda ko‘p narsalarni bilib oldim. Hozirda «Tobol» bosh murabbiyi bo‘lgan Grigoriy Babayan bilan juda yaqin aloqadaman. Shunday ekan, Qozog‘iston futboli haqida etarlicha ma’lumotga egaman. Umuman olganda, O‘zbekistonda Qozog‘iston futboli haqdagi ma’lumotlar juda kam.
- Koronavirus pandemiyasi o‘zbek futboliga qanday ta’sir qildi?
- Vabo, albatta, bizning futbolimizga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Hamma dunyo miqyosida qaraydi - asosiy ligada nimalar bo‘lmoqda, lekin biz bolalar futboli, akademiya haqida ham o‘ylashimiz kerak. Bizda bolalar futbolida juda ko‘p ishlar yuz bermoqda, shuning uchun eng muhimi bo‘shliq paydo bo‘lmasligi kerak. Masalan, bir-ikki yil ichida bizning oliy va birinchi ligalarimiz klublarimiz tarkiblarini to‘ldirishi kerak bo‘lgan U-18 jamoalari hozir o‘ynamayapti – futboldan chetlashishganiga 4-5 oy bo‘ldi. Shuning uchun endi ular haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak va albatta, birinchi jamoa haqida ham. Pandemiya muxlislarning futboldan chetlatilishiga qattiq ta’sir qildi – uchrashuvlar tomoshabinlarsiz o‘tkazilmoqda. Chiptalar va mavsum abonementlar sotuvidan ko‘p pul topadigan Evropa klublarichalik bizga katta ta’sir o‘tkazdi, deya olmayman. Meni ko‘proq bolalar va o‘smirlar futboli tashvishga solmoqda. Jamoalarimiz o‘ynashi kerak bo‘lgan musobaqalar bor - masalan, 16 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati - lekin ular deyarli mashg‘ulotlar o‘tkazishmayapti.
- Qozog‘istonda «Qayrat», «Aktobe», «Olma-Ota» uchun o‘ynagansiz... Ushbu klublardan qaysi biri ko‘proq esda qoldi va nimasi bilan?
- To‘g‘risini aytsam, barcha klublar xotiramda saqlanib qolgan. Avval «Qayrat»ga keldim - biz chempionlikni yutdik va yana kumush medalni ham qo‘lga kiritdik. Qozog‘istonda har yili nimadir yutardim, shu sabab qozoq futboli faoliyatimning eng yaxshi qismiga to‘g‘ri kelgan, deb hisoblayman va buni doimo takrorlab kelaman. O‘sha «Olma-Ota» bilan ham nimadir yutganman. Yagona yoqimsiz holat – bu «Aktobe» safiga qo‘shilganim bo‘lgan. Lekin rostini aytsam, Qozog‘istonda men qoniqmagan ba’zi yoqimsiz vaziyatlar ham bo‘lgan – xuddi «Aktobe»da o‘kazgan davrim singari.
Bunaqasiga olib qaraganda, «Olma-Ota» safida o‘tkazgan davrim ko‘proq yodimda qolgan. Jamoa safida ishtiyoqli yoshlar jamlangandi. Biz hammamiz yosh bolalardek baxtli edik (kulib). «Qayrat» safida o‘tkazgan yillarim ham yaxshi bo‘lgan, ammo u erda endi eng yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgandi va xursandchilik endi boshqacha his etilardi va siz mana shu yosh yigitlar - Borovskiy, Ilya Vorotnikov, Abzal Jumabaev, Larin bilan g‘alaba qozonganingizda... Hammani eslayman. Chet ellik legionerlar ham yaxshi edilar - darvozabon Bogdan, Berko, Boychenko ... Juda yaxshi jamoa yig‘ilgandi.
- Bilasizmi, endi «Aktobe» Qozog‘iston chempionatining birinchi ligasiga tushib ketdi. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?
- «Aktobe»ni ham kuzatib boraman. Ularning birinchi ligaga ravona bo‘lishgani juda achinarli, chunki Qozog‘istonda eng yaxshi muxlislar o‘sha erda edi. «13-sektor» - buni eslayman. «Aktobe»ga ham, «Irtish»ga ham achinaman. Qolaversa, Aktobe shahridagi stadion juda qulay edi... Menimcha, bu Qozog‘iston futboli uchun katta yo‘qotish. Bir vaqtlar ular o‘zlaridan juda yaxshi taassurot qoldirishgan.
- Bir kun kelib, Qozog‘istonga futbol funktsioneri sifatida ishlashga kelishingiz mumkinmi?
- Albatta, bu hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin, men Qozog‘istonda yoki boshqa biror joyda ishlamayman, deb ayta olmayman. Hayot shunday, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yaqinda PRO litsenziyasi uchun o‘qishni tugataman - deyarli tugadi, faqat litsenziyani olish qoldi xolos. Kim biladi, ehtimol men qozoq klublarida ishlarman. Agar ular qiziqish bildirishsa - nega endi yo‘q?! Ammo hozircha «Paxtakor»da meni hamma narsa qoniqtirmoqda. Men har doim bu klubda ishlashni orzu qilardim. Xudo xohlasa, bir kun kelib Qozog‘istonda ishlash nasib etib qolar.
Fikrlar