
Eldor Adhamov: "Akinfeevga qarshi o‘ynash yoqimli, lekin..."
Xabaringiz bor, “Andijon” klubi Antaliyadagi yig‘ini mobaynida Moskvaning nomdor TsSKA jamoasiga qarshi nazorat bellashuvida ishtirok etdi.
Bu uchrashuv andijonliklar uchun juda foydali va o‘zlari uchun kerakli tajribani olganliklariga ishonsa bo‘ladi. Zero, mahoratli jamoaga har doim o‘yin o‘tkazilavermaydi.
“Andijon” klubi esa bu imkoniyatdan foydalanib qoldi. “Armiyachilar”ga qarshi “Burgutlar” darvozasini qo‘riqlagan Eldor Adhamov bir qator savollarga javob berdi.
- TsSKAga qarshi o‘yin sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Hali optimal formagacha etib borishimizga, jamoaviy o‘yin va bir-birini tushunib o‘ynashga biroz vaqt bor. Albatta, mana shunday yaxshi darajadagi raqiblar bilan uchrashuvlarda xatolarimiz ko‘rinadi. Xudo xohlasa, shunday o‘yinlar orqali biz albatta chempionatgacha optimal formaga kirib olamiz.
- O‘yin siz kutgan darajada kechdimi?
- Klass tomonlama biroz kuchliroq va tarkibida nomdor futbolchilari bor. Bir-ikkita epizodlar bo‘lmaganida balki o‘yin durang bilan yakunlanishi ham mumkin edi.
- Aytmoqchimanki, TsSKA siz o‘ylagandek o‘yin ko‘rsatdimi yoki...
- Ha, men kutgandek o‘ynadi. O‘yinida ortiqcha harakatlar yo‘q. Faqat maqsadli to‘p uzatilishi bo‘ldi. Bundan albatta o‘zimiz uchun kerakli jihatlarini o‘rganamiz.
- TsSKAning afsonaviy darvozaboni Igor Akinfeev uchrashuvda ishtirok etdi va siz unga qarshi o‘ynadingiz. Bu vaziyatda o‘zingizni qanday his qildingiz?
- To‘g‘risini aytsam, futbolni endi boshlayotgan paytlarimda va undan avval Akinfeev Rossiya terma jamoasi darvozasini qo‘riqlardi. Bunday darvozabonga qarshi o‘ynash yoqimli. Lekin asosiy e’tiborim o‘yinda edi. Tezroq o‘yin tonusiga kirish uchun uchrashuv haqida o‘yladim. Unga esa alohida e’tibor qaratganim yo‘q.
- To‘g‘ri, "Andijon" natija bo‘yicha yutqazdi. Biroq umumiy jihatdan oladigan bo‘lsak, “Andijon” bu bellashuvda nima yutdi?
- Tajriba. Jismoniy yuklamalardan keyin mana shunday o‘yinlar orqali tonusga kirib boramiz. Muhimi, hamma o‘z pozitsiyasida mustahkam o‘yin namoyish etib, jipslashib borsak, yanada kuchli jamoa sifatida shakllana olamiz.
- Bundan oldin Janubiy Koreya olimiya terma jamoasi bilan 0:0 o‘ynadi. Ikkala bahsni solishtira olasizmi?
- TsSKA tajribaliroq. Koreya tezkor bo‘lgani bilan darvozani oldiga kelganidan so‘ng ko‘pincha ortga qaytishayotgandi. Hujumni yakunlovchi holat kamroq edi. TsSKA esa maqsadli futbol o‘ynadi va tajribasi ko‘proqligi bilinib turibdi.
- Sizni faoliyatingizda TsSKA eng nomdor raqib bo‘ldimi?
- Hozirgacha shu.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar