Eldor Shomurodov: “Uning yo‘qligi terma jamoa uchun katta yo‘qotish”
O‘zbekiston milliy terma jamoamiz navbatdagi xalqaro turnir uchun yig‘in o‘tkazmoqda. Bugungi mashg‘ulotlar oldidan Eldor Shomurodov jurnalistlarning savollariga javob berib o‘tdi.
Mashg‘ulot jarayonlari qanday o‘tmoqda?
— Mashg‘ulotlarni yaxshi boshlab oldik, hamma a’lo kayfiyatda. Bugun hamma futbolchilar yig‘inga kelib qo‘shilishdi. Oldinda ikkita muhim o‘yin kutib turibdi. Xudo xohlasa, hamma tayyor.
Jamoadoshingiz Abbosbek Fayzullaevning yig‘inga chaqirilmagani sababi va uning yo‘qligi o‘yinga qanday ta’sir qiladi?
— Albatta, uning yo‘qligi terma jamoa uchun katta yo‘qotish. Unda kichik jarohat bor. Xudo xohlasa, yaqinda u qaytadi.
Eldor Shomurodov “Bashakshehir” safida oxirgi payt gol urmay qo‘ydi. Buni nima bilan izohlaysiz?
— Hamma futbolchida bunday holat bo‘lib turadi deb o‘ylayman. Har doim o‘zimiz istagandek bo‘lavermaydi. Muhimi jamoaviy natija.
Gabon va Venesuelaga qarshi o‘yin terma jamoa uchun qanchalik muhim?
— Bu yig‘in jahon chempionatiga ketish oldidan oxirgi yig‘inimiz. Albatta bu juda ham muhim. Bor kuchimizni sinab olish uchun imkon. Bir necha futbolchilarimiz jarohatda, termaga yangi futbolchilar kelib qo‘shilgan. Bu ular uchun ham yana bir tayyorgarlik va ular uchun o‘zlarini ko‘rsatishga yaxshi imkoniyat.
FIFA Series turnirining o‘tkazilishi JChga tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun qanchalik foydali?
— Oddiy o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilgandan ko‘ra, shunday kichik turnirlar tashkil etilishi qiziqishni orttiradi. Shu tomondan bundan ham futbolchilar, ham muxlislar yutadi.

Fikrlar