Endi 100 millionlik transferlar bo‘lmaydi yoxud koronavirusdan keyin bozor

  • 15 may, 2020, 23:32
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ronalduning xafa bo‘lganicha bor. U «hozir futbolda hech narsani isbotlamagan bolakaylar ham 100 mln turadi», degandi.  Portugaliyalikning o‘zi 94 mln evroga «Real»ga o‘tganida «Manchester Yunayted» tarkibida arzirli xizmatlar qilgandi. Har holda 24 yoshli «Oltin to‘p» sohibi uchun bu narx munosib edi.

Huddi shu yoshda «Oltin to‘p» sovrini uchun kuchli uchlikka kirgan  Neymar transfer summasi rekord bo‘ldi. Uning hozir ham Ronaldudan ustun emasligi juda ko‘pchilik uchun haqiqat bo‘lib turgan bir paytda, braziliyalikning transfer narxi 5 karra dunyoning eng yaxshi o‘yinchisinikidan 2 barobar qimmat ekani mantiqqa to‘g‘ri keladimi?

960

Karantindan so‘ng transfer bozoridagi xaridlar qanday ko‘rinish oladi?

Shunisi aniqki, futbolda ko‘p narsalar o‘zgaradi. Endi futboldan katta daromad kelmaydi. Klub rahbarlari «ehtiyotlab» qo‘ygan mablag‘larning ham joyi tayin. Avvalo, futbolga «yopiq eshiklar» ortidagina ruxsat berilishi chiptalar savdosidan keladigan daromadni kuydiradi.

Karantindan keyin kutilayotgan jahon iqtisodiyoti inqirozi  futbolni ham chetlab o‘tmaydi. Bu translyatsiya, reklama va homiylardan keladigan mablag‘larga ham ta’sir qiladi.

Sport huquqshunosi Tiran Gunavardena «Goal.com» saytiga bergan intervyusida  quyidagicha fikr bildirdi:

«Qisqasi, koronavirus transfer bozoriga kuchli ta’sir qiladi. Futbolchilar va murabbiylar transfer narxlari hamda maoshlari pasayadi. Moliyaviy rahbarlarning mablag‘ni to‘g‘ri tasarruf etish va uni aniq maqsadlarga yo‘naltira olish xususiyati muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda jamoalarning futboldagi mavqelarida ham o‘zgarishlar bo‘ladi».

Savol_1

Yuqoridagi fikrlarni «Manchester Yunayted» ijrochi direktori Ed Vudvordning ushbu so‘zlari tasdiqlaydi: «Virusdan keyin hamma, hatto biz ham odatdagidan boshqacharoq biznes bilan shug‘ullanamiz. Endi ushbu yozda qaysidir futbolchi uchun 100 mln evro sarflashimiz haqida gapirish haqiqatdan qochish bo‘ladi».

Hali-hanuz «qizil iblislar»ni transfer to‘g‘risidagi xabarlarda Jeydon Sancho, Jeyms Meddison va Jek Grilish nomlari bilan bog‘lab kelishadi. Hozirgi sharoitda ushbu futbolchilar orasida Grilish varianti manchesterliklarga mos tushadi. Har holda moliyaviy holat shuni taqozo etadi.

Vudvordning gaplariga ko‘pchilik aks-sado berdi. «Bavariya» sobiq prezidenti Uli Xyonness yaqin vaqtlar oralig‘ida 100 mln evrolik transferlar bo‘lishini tasavvur qila olmasligini aytdi. «Yuventus» sport direktori Fabio Paratichining fikricha, futbol va NBA (basketbol)ning nufuzi ancha yaqinlashib qoladi. «Inter» ijrochi direktori Beppe Marotta kelgusi transfer oynasida narxlarning keskin pasayishi, talab kam, taklif ko‘p bo‘lishini taxmin qildi.

ed-woodward-manchester-united_y48ffora9ndl1vb0o8n8suj6i

Premer-liga ijrochi direktori Richard Masters bu masalada juda to‘g‘ri fikrlarni bildirib o‘tdi:

«Qaysi jamoa o‘zining hozirgi holatidayoq kurashga dosh bera olsa, o‘sha klub yutib ketadi. Ya’ni transferlarga tayanib qolgan jamoalar endi ancha qiynaladi. Akademiya uchun o‘z vaqtida kerakli sarmoyani kiritib ulgurgan klublar ushbu qiyin vaziyatdan birmuncha engillik bilan o‘tib olishadi».

Darhaqiqat, premer-liga transferlarga eng ko‘p pul ishlatadigan liga. O‘tgan yozda 20 ta jamoa xaridlarga 1,41 mlrd evro sarfladi. Angliya gazetalaridan biri APLning nomi oshkor qilinmagan klubi karantindagi har bir haftada 9 mln funt-sterling pulni boy berayotganini ma’lum qildi. Germaniyaning transfermarkt.de sayti  premer-liga futbolchilarining umumiy narxi 20 foizga, ya’ni 1,6 mlrdga arzonlashganini aytmoqda.

Bu jarayonda klublar maoshni qisqartirish, xodimlarni bepul ta’tilga chiqarish kabi usullarni qo‘llamoqda.

2019-11-20_12_062019-11-19_20_0420191121__Sabes-cuánto-pagan-los-futbolistas-por-llegar-tarde-al-entrenamiento

Hozir  mersisaydliklarning moliyaviy ahvoli sezilarli orqaga ketgani aytilmoqda. Vaholanki, bundan ikki oy avval ushbu mavsumda «Liverpul»ning rekord darajada 533 mln funt-sterling (shundan 42 mln sof foyda) ishlab topishi xabar qilingan edi. Dunyoning 7 o‘rindagi eng boy jamoasi va Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibida ahvol shunday ekan, boshqa jamoalar haqida nima ham deyish mumkin?

Transferlar oynasi qachondan boshlanishi aniq emas. «Tottenxem» va «Liverpul»da sport direktori bo‘lgan Damien Komolli «Sky Sports» kanaliga shunday dedi:

«Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarni uchratishimiz qiyin. Ushbu transferlar oynasida almashuvlar, mayda transferlar va asosan ijaraviy shartnomalarni ko‘proq kuzatsak kerak. Futbolchilarni yuqori maosh va’dasi bilan «avrash» holatlari ham kamayadi».

mohamed-salah-liverpool-2019-20_54pz86dph8691x6y1hkzru0er

Ma’lumotlarga qaraganda, FIFA ijara shartnomalarini engillashtiruvchi qaror loyihasini ishlab chiqmoqda.

Darhaqiqat, pandemiya sabab transfer bozoridagi vaziyat normal holatga tushsa, bu faqatgina futbol va uning muxlislari foydasiga xizmat qiladi. Mana shu transfer inflyatsiyasi sabab futbolda sadoqat tushunchasi yo‘qolib borayotgandek edi. Ammo ishonamizki, Jerrard yoki Totti kabi futbolchilar qaysi zamonda yashashlaridan qat’i nazar o‘z jamoalariga sodiq qolgan bo‘lishardi. Balki, shu bilan Neymarning transfer rekordi yangilanmas. Bundan hech kim xafa bo‘lmasa ham kerak. Kelajakda nima bo‘lishini esa hech kim aniq aytib berolmaydi.

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!