
“Manchester Siti” Husanovni tanladi
“Manchester Siti” avlodlar almashinuvi va tarkibni yoshartirish siyosatini davom ettirmoqda va bu jarayonda jamoada keragidan ortiq futbolchilar to‘planib qoldi.
Bosh murabbiy Xosep Gvardiola klub rahbariyatiga jamoada ortiqcha o‘yinchilarning paydo bo‘lishi unga ishlashda noqulayliklar tug‘dirayotganini, ayrim futbolchilar zaxirada qolib ketayotganidan qiynalayotganini, tarkibni qisqartirish lozimligini ma’lum qilgan edi.
Yangi sport direktori Ugo Viana ham chiqish transferlarga e’tibor qarata boshladi. So‘nggi kunlarda ayrim futbolchilar yangi jamoaga o‘tkazildi.
Nufuzli manbalardan biri – manchestereveningnews.co.uk portali “Manchester Siti” himoyasi markazidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Sports.uz sayti ushbu tahlilda Abduqodir Husanov haqida fikr-mulohazalar bildirilgani bois, ushbu maqolani o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- “Manchester Siti”dagi so‘nggi o‘zgarishlar klub rahbariyati o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovni yangi mavsum uchun jamoada olib qolishidan dalolat beradi. Chunki bu pozitsiyaga da’vogar Vitor Reysning “Jirona”ga ijaraga o‘tishi bo‘yicha muzokaralar ijobiy yakunlandi.
Himoya markazining bu ikki futbolchisi qishki transferlar davrida umumiy 63 million funtga olib kelingan edi.
Aslida Reys va Husanov iqtidorli yosh o‘yinchilar sifatida istiqbolni ko‘zlab, kelajakda asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lish ehtimoli bilan transfer qilingandi. Biroq o‘tgan mavsumda “Manchester Siti” himoyachilari orasida avj olgan jarohatlar krizisi murabbiy shtabini Abduqodir Husanovni hech qanday tayyorgarliksiz darrov “janglar”ga tashlashga majbur qildi.
Husanov murakkab vaziyatga juda tez moslashdi va hatto fevral oyida jamoaning eng yaxshi o‘yinchisi, deb e’tirof etildi. O‘zbek legioneri Angliya Premer-ligasida ajoyib o‘yinlar namoyish qildi, Evropa Chempionlar ligasi doirasida “Santyago Bernabeu” arenasida “Real”ga qarshi himoyaning o‘ng qanotida zo‘r o‘ynadi.
Bu o‘yinlardan keyin Xosep Gvardiola Husanovning oddiy va sodda yigit ekani unga yoqishini alohida tilga oldi.
21 yoshli Husanov Angliya Premer-ligasidagi birinchi o‘zbek futbolchisi bo‘ldi. Biroq mavsumning oxirida maydonda ko‘rinish bermadi. Yozda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida to‘rtta uchrashuvdan faqat bittasida o‘yinga tushib, 60 daqiqa harakat qildi. Bu jarayonda Vitor Reysga sal ko‘proq imkoniyat berildi.
Ammo himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun Rayan Ayt-Nuri olingani Yoshko Gvardiolni tamoman himoya markaziga qaytishini anglatadi. Mavsumlar oralig‘ida avvaliga Abduqodir Husanovning ijaraga ketishi haqida axborotlar avj olgan bo‘lsa, endi vaziyat o‘zgardi va jamoani Vitor Reys tark etadigan bo‘ldi.
Klub o‘z tarkibini yangi mavsum uchun Evropa Chempiolar ligasi qaydnomasidan o‘tkazish uchun jamoadagi legionerlar sonini qisqartirishi talab etilgani uchun ham shu yo‘l tanlandi.
Yangi mavsum oldidan Xosep Gvardiola ixtiyorida Yoshko Gvardioldan tashqari Ruben Diash, Jon Stounz, Natan Ake va Manuel Akanji kabi markaziy himoyachilar bor. Ichki raqobat juda kuchliligiga qaramay, Husanov asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashga tayyorligini namoyish qilmoqda.
Vitor Reys uchun “Jirona”dagi mavsum tajriba maktabi bo‘ladi. Buni Savino misolida ko‘rish mumkin. Bu futbolchining La Ligada olgan malakasi Angliya Premer-ligasida porlashida ancha qo‘l kelyapti.
“Jirona” ham “Manchester Siti”ga egalik qiluvchi City Football Group xoldingi tarkibiga kiradi. O‘tgan yili jironaliklar ham Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etgani bois, “shaharliklar” bu klubga o‘yinchi jo‘nata olmagan edi. Bu gal ispan klubi qit’aning eng nufuzli musobaqasiga chiqa olmadi, - deb yozmoqda manchestereveningnews.co.uk portali eksperti Saymon Baykovski.
Ta’kidlash lozimki, “Manchester Siti” Xosep Gvardiola rejasiga kiritilmagan o‘yinchilardan sekin-asta qutilmoqda. Xususan, yosh markaziy himoyachi Jaxmay Simpson-Pyuzi Shotlandiyaning eng qudratli klubi “Seltik”ga ijaraga jo‘natildi.
“Everton” Jek Grilishni to‘liq transfer qilish bo‘yicha muzokara boshladi. Bir necha klub yosh ijrochilar – Klaudio Echeverri va Sverre Nyupanni ijaraga olishga harakat qilyapti. Klub Gvardiola talabiga ko‘ra, tarkibni qisqartirib, optimal darajadaga olib kelish yo‘nalishida ishlayapti.
Husanovni so‘rayotgan klublar bor, lekin...
Husanov, do‘stingni tabriklab qo‘y!
Hammasi tugadi! Husanovning ustozidan noxush xabar
Fayzullaev nega Evrokuboklarda o‘ynamayapti?
Gvardiola Husanov “g‘ajib tashlagan” yulduzni olib kelmoqchi
Husanov bo‘yicha muhim qaror!
Husanovni “Manchester Siti”ga joylagan mutaxassis ishdan ketdi!
Fayzullaev TsSKAdan ketganining asl sababi oshkor bo‘ldi
Ekspert: Bu futbolchi Husanovning yo‘lini to‘syapti
Fikrlar