Endi Respublikadagi yana bir stadion tubdan o‘zgaradi yoxud "Bobur Arena" maydonini eng yaxshilaridan biriga aylantirishmoqchi!

  • 03.12.2022 14:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabaringiz bor, “Andijon” jamoasida yangi mavsum uchun katta hajmdagi tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Ayniqsa, “Bobur Arena” stadionining maydonida yangilash jarayoni boshlangani muxlislarni ham quvontiryapti. Shuningdek, stadion yoritgichlari ham endi talab darajasiga keltiriladi.

Yurtimizdagi bir qator maydonlarning sifatini ideal holatga keltirgan Uchqun Quvonov rahbarligidagi ishchi guruh endi “Bobur Arena”da katta kuch bilan ishga kirishgan. Maydon ustasi, tajribali mutaxassis Yahyo Toshtemirov hozirgi paytda “Bobur Arena” stadioni maydonining chimini yangilash bo‘yicha ishlarni jiddiy nazorat qilib bormoqda.

Qolaversa, mavsum boshlanguniga qadar stadionni yanada ko‘rkam, chiroyli hamda qulay sharoitlarga keltirish ishlari olib boriladi. Dastlabki vazifa esa bu maydon sifatini a’lo darajada bo‘lishini ta’minlash hamda yoritgich masalasini ham yaxshilashdan iborat.

Maydondagi ishlarni qanday ketayotgani yuzasidan Yahyo Toshtemirov batafsil ma’lumot berdi.

stadion yangi2

“Ish jarayonimiz juda yaxshi ketyapti, - deya gap boshladi, maydon ustasi. - Maydonning eski chimi Bo‘stondagi futbol maktabidagi maydonga yotqiziladi. Bu erdagi maydonning tagidagi qum-qatlamlarini ham o‘sha futbol maktabiga olib boryapmiz. Hozirda demontaj ishlarimiz yakuniga etdi. Materiallarga buyurtma berganmiz. Ishimiz bosqichma-bosqich ketaveradi. Keyin drenaj trubalarini yotqizishni boshlaymiz. So‘ngra sheben qatlamini tashlaymiz. Uni tekislab olganimizdan so‘ng “metpisok” ham tashlaymiz. So‘ngra, sug‘orish sistemasiga navbat keladi. Undan keyin mayin qum yotqiziladi. U bilan parallel ravishda 240 kub metrlik suv hovuzi bo‘yicha ishlar ham bajariladi. Keyin stadion yoritgichlarini yaxshilaymiz. Viloyat hokimi kuni kecha stadionga tashrif buyurgan chog‘ida “projektorlar”ni ham yangilash bo‘yicha yana topshiriqlar berdi. Hozir shuning ustida ham ish olib boryapmiz.

stadion yangi3

Yangi chim yotqizilish ishlari yangi yildan keyinga mo‘ljallanyapti. Bizda tayyor ekilgan chimlar bor. Hammasi nazorat ostida, sifatli. Qarshida ham, Toshkentda ham chimlarimiz bor. Bu erga Qarshida ekilgan chimlarni olib kelish mo‘ljallanyapti. Stadionda olib borayotgan ishlarimiz ko‘ngildagidek davom etyapti.

Biz bungacha 2017 yili “Nasaf” stadionining chimini yangilaganmiz. 2022 yil “Buxoro” markaziy stadionining maydonini ham sifat darajasiga keltirib, foydalanishga topshirdik. Shuningdek, Toshkentdagi Jar stadioni maydonini ham o‘zimiz qilganmiz. Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionini ham ta’mirlab yaxshi holatga keltirganmiz. Hozirgi vaqtda “Bunyodkor” stadioni chimi almashtirib bo‘lingan. U erda keyingi bosqich ishlari ketyapti.

stadion yangi1

“Bobur Arena” stadionining maydon chimi yakunda FIFA talablariga javob beradigan darajaga keladi. Bu Respublikadagi eng yaxshi maydonlardan biri bo‘ladi. Bizda ham yildan-yilga maydonlar bilan ishlayverganimiz uchun tajriba oshib boryapti.

Maydon tayyor bo‘lganidan keyin o‘zimizni mutaxassislarimiz bor va butun mavsum davomida yana o‘zimiz nazorat qilib turamiz. Maxsus ishchilarimiz qolishadi va chimni sug‘orib, parvarishlab turadilar. Bundan buyon stadionda tartibni o‘rnatish kerak bo‘ladi. Bu erda asosiy jamoa tur o‘yinida o‘ynaganidan so‘ng, keyingi uchrashuvgacha yanada sifatli bo‘lishi uchun parvarishlab turamiz. Eshitishimcha, stadionda sport kolleji o‘quvchilari ham o‘ynab turishar ekan. Lekin endi bunday bo‘lmaydi. Biz maydonga javobgar bo‘lganimiz uchun boshqalarga ruxsat bera olmaymiz. Bu erda faqat asosiy jamoa o‘ynaydi.

stadion yangi

Biz mavsum boshiga maydonni to‘liq topshirishga maksimal darajada harakat qilamiz. Yana qaytaraman: bu eng yaxshi maydonlardan biri bo‘ladi”, - deya fikr bildirdi, Toshtemirov.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Socceruzb
03/12/2022 19:39
Rahmat! Xudo quvvat bersin!