"Eng qiyini bu dayanga chiqishdan oldin o‘z-o‘zingizga qarshi kurashdir, Konyaga oltin medal uchun borgandim" - Islom birdamlik o‘yinlari sovrindori Niyaz Pulatov bilan eksklyuziv intervyu

  • 11 avgust, 2022, 23:09
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

Turkiyaning Konya shahrida Islom birdamligi o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.

Tecno

Taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz vakili, 2017 yilgi Bokuda o‘tgan Islom o‘yinlari chempioni Niyaz Pulatov o‘z unvonini himoya qilish uchun dayanga chiqdi. Mahoratli sportchimiz bu safar bronza medalini qo‘lga kiritdi. Biz Niyaz bilan bog‘lanib, uning fikrlariga qiziqdik.

Avvalo medal bilan tabriklayman. Hissiyotlaringizni ta’riflab bera olasizmi?

- Tuyg‘ular aralash. Bir tomondan natija o‘tgan safargidan biroz pastroq bo‘ldi. Biroq medal qo‘lga kiritdim. Bu ham juda quvonchli. Lekin baribir biz hammamiz bu erga oltin medal uchun kelgandik.

Islom birdamligi o‘yinlari oldidag yig‘in qanday o‘tgandi? Ya’ni, musobaqaga 100 foiz tayyormidingiz?

- Musobaqa oldidan yig‘in Dukentda bo‘lib o‘tdi. Xudoga shukur, bu borada hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Sportchilar o‘zlarini to‘liq mashg‘ulotga bag‘ishladi. O‘ylaymanki, jismonan 100 foiz tayyor edi, ammo hech qaysimiz xatolardan holi emasmiz. Keyingi bellashuvlarga qadar ularni albatta tuzatib boramiz.

niyyaz

Murabbiylarning qaysi ko‘rsatmalari ko‘proq yordam berdi? Har holda, ular sportchiga ko‘rinmaydigan xatolarni seza oladi...

- Biz sportchilar uchun murabbiyning har bir so‘zi muhim. Chunki dayanda harakat qilganimizda, o‘zimizni tashqaridan ko‘ra olmaymiz. Shu sabab ustozlarimni doim tinglashga harakat qilaman. Ularning har bir ko‘rsatmasi menga faqat va faqat yordam beradi. 

Musobaqaning amaldagi chempioni sifatida Turkiyaga kelgandingiz. Bu raqiblar sizga ko‘proq tayyorgarlik ko‘rishiga sabab bo‘ldimi?

- Xuddi shunday! Bu erga unvonimni himoya qilish uchun kelgandim. Ular esa mendan uni tortib olish uchun... Menimcha, hammasi yaxshi yakunlandi. Endi menda Islom birdamligi o‘yinlarining oltin va bronza medallari bor.

Chempionlikni qo‘lga kiritishdan ko‘ra uni himoya qilish qiyin, degan gap bor. Bunga munosabatingiz qanday?

- Bu gapga to‘liq qo‘shilaman. Sababi, barchaning e’tibori chempionda va hamma unga qarab tayyorgarlik ko‘radi. Bu sizga qiyinchilik tug‘diradi, albatta. Buni Konya dayanlaridagi bellashuvlar davomida yana bir marta his qildim.

Hech qaysi jang oson bo‘lmagani aniq. Orasidan eng ko‘p qiynalganingiz qaysi biri bo‘ldi?

- Aynan bittasini ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Bu raqiblarga ham kichik hurmatsizlik bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, eng qiyini bu dayanga chiqishdan oldin o‘z-o‘zingizga qarshi kurashdir. Chunki hali bahs boshlanmasidan miyaga turli xil fikrlar keladi. Ana shular ustidan g‘alaba qozona olsangiz, marra sizniki!

So‘nggi so‘z o‘rnida o‘zbekistonlik muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?

- Barchangizga chuqur minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Hammaga katta rahmat, do‘stlar! Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, faqat olg‘a intilamiz.

Javohir Azimov suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!