Eng yaxshilar orasida legionerlar ko‘proq yoxud bu safar Superligada kimlar e’tirof etildi?

  • 12 noyabr, 2024, 10:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 24-turi yakunlariga ko‘ra, har bir uchrashuvning eng yaxshilari aniqlandi. Quyida shu xususida to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

OKMK – “Olimpik” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Nodir Abdurazzoqov

OKMK bu turda qimmatli ikki ochkoni boy berdi. “Olimpik” raqibiga ochiq o‘yin taklif qildi. Uchrashuvda qaysidir jamoa yutib ketishi mumkin edi. Yakunda esa jangovar 2:2 hisobi bilan tugadi. Bellashuvda hisobni ochgan OKMKning iqtidorli futbolchisi Nodir Abdurazzoqov uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etildi.

“Dinamo” – “Lokomotiv” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi Valeriy Kichin

Murabbiy o‘zgargan “Lokomotiv” Samarqandda “Dinamo”ni oxirgi soniyada urilgan gol evaziga 1:2 hisobida yutib ketdi. “Lokomotiv”ning qirg‘izistonlik himoyachisi Valeriy Kichin yaxshi taassurot qoldirdi. Uchrashuvda u aksar holatlarda raqib hujumlarini bartaraf etdi. O‘ziga bildirilgan ishonchni yaxshi uddaladi.

“Bunyodkor” – “Metallurg” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Odil Abdumajidov

G‘alabaga tashna bo‘lgan “Metallurg” “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda bir ochko ishladi. Lekin bu g‘alaba emas. Ammo yutqazib qo‘yishi ham mumkin edi. “Metallurg” himoyachisi Odil Abdumajidovning goli bekobodliklarni mag‘lubiyatdan saqladi. Gol urgan futbolchi himoyada ham ishonchli o‘ynagani bilan yodda qoldi.

“Navbahor” – “Paxtakor” – 5:2. Eng yaxshi futbolchi: Jamshid Iskanderov

Sergey Lushchan jamoasining “Paxtakor”ga 5 ta gol urishini kim ham o‘ylabdi, deysiz? “Paxtakor” 1994 yildan buyon o‘z darvozasidan ilk bor 5 ta to‘p o‘tkazib yubordi. “Navbahor”ning etakchisi, “Paxtakor”ning sobiq futbolchisi Jamshid Iskanderov jamoasining o‘yinini a’lo darajada boshqardi. O‘zi ham dublga erishdi. Futbolchi katta hajmdagi mehnati tufayli eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.

“Nasaf” – “So‘g‘diyona” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Lyupche Doriev

“Nasaf”ga Chempionlik Kubogi topshirilgan uchrashuvda “So‘g‘diyona” mezbonlarning kayfiyatini biroz buzib qo‘ydi. Jizzaxliklar yagona gol evaziga chempionni maydonidan g‘alaba bilan qaytishdi. “So‘g‘diyona”ning mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylangan makedoniyalik Lyupche Doriev mezbonlarga katta qiyinchilik tug‘dirdi va maydonda o‘z odatiga xos tarzda faol o‘yin namoyish qildi. Yagona golga assist vazifasini bajardi. Natijada u yana bir bor eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘ldi.

“Surxon” – “Neftchi” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Artyom Potapov

Bir-biriga munosib bo‘lgan ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinda hisob ochilmadi. Unda ayniqsa, “Surxon”ning rossiyalik darvozaboni Artyom Potapov yana o‘zini ko‘rsatdi. Tajribali posbon mahoratini namoyish qilib, “Surxon”ni gollardan saqlab qoldi.

“Andijon” – “Qizilqum” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Robert Ozols

Superliganing 24-turini yakunlab bergan “Andijon” – “Qizilqum” o‘rtasidagi uchrashuvda ham darvozalar daxlsiz qoldi. O‘yinda eng yaxshi futbolchi deb mehmonlarning latviyalik darvozaboni Robert Ozols e’tirof etildi. U bir nechta vaziyatda jamoasi joniga oro kirdi. Ishonchli o‘ynadi va klubining safardan bir ochko bilan qaytishiga hissa qo‘shdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
.... ....
13/11/2024 07:52
Legioner varatarlaga qoto bomi Uzbekistonda. Uzimizada Uzbek bollani uynatsa ulasanlami san kot UZb fotbbol assosiatsiyasi va comandala! Uzbelani uynatlarin kotla!!!