
Eng zo‘rlari: Muxtorovdan Abduholiqovgacha
Superligada har bir turning o‘z qahramonlari bor. 21-turda ham ana shunday futbolchilar topiladi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Turon” – “Metallurg” – 1:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Xurshid Muxtorov
Superligada oxirgi o‘rinda borayotgan “Turon” o‘z uyida “Metallurg”ni qabul qildi va bu bellashuvda kuchlar teng keldi. Holbuki, mezbonlarga g‘alaba suv va havodek zarur edi. “Turon” jamoasi sardori Xurshid Muxtorov jamoasining g‘alabasi uchun rosa harakat qildi. O‘ylaymizki, u shunga yarasha bahsning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.
“Bunyodkor” – “Qizilqum” – 2:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Muhammadali G‘iyosov
Ligada qolish uchun jiddiy kurashayotgan “Qizilqum” bu turda Toshkentda “Bunyodkor” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi va bir ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘yinda navoiyliklar g‘alaba qozonib ketishi ham mumkin edi. Hisob 1:1 bo‘lib turgan paytda “Qizilqum” futbolchisi Muhammadali G‘iyosov jamoasini yana oldinga olib chiqqandi. Biroq 82-daqiqada g‘alabani qo‘ldan chiqardilar. G‘iyosov esa boshqalardan faolligi bilan ajralib turdi. Iqtidorli o‘yinchi haqli tarzda eng yaxshi futbolchiga aylandi.
OKMK – “So‘g‘diyona” – 3:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Javohir Qahramonov
Olmaliqda bo‘lib o‘tgan OKMK – “So‘g‘diyona” uchrashuvi gollarga boy o‘tdi va unda mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Qizig‘i, beshta goldan to‘rttasi “So‘g‘diyona” futbolchilarining hisobiga yozildi. Bundan ikkitasi avtogol bo‘lsa, yana ikkitasi Javohir Qahramonovga tegishli bo‘ldi. Jamoa sardori “So‘g‘diyona”da Jasur Hasanov singari o‘z o‘rniga ega bo‘lib, etakchilikni qo‘liga olyapti. OKMKga ham ancha muammolar tug‘dirdi. Garchi jamoasi yutqazganiga qaramasdan Qahramonov eng yaxshisi bo‘ldi.
“Nasaf” – “Neftchi” – 2:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Umar Eshmurodov
“Neftchi”ning Superligadagi mavsum boshidan beri davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasi Qarshida yakun topdi. “Nasaf” “Neftchi”ni to‘xtatishni uddaladi. Albatta, bu o‘ziga yarasha qiyin kechgani rost. Raqib bejizga yutqazmayotgandi va mezbonlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Shunga qaramay, “Nasaf” sardori Umar Eshmurodov boshchiligidagi himoya chizig‘i juda ishonchli o‘ynadilar. Eshmurodov jarohatidan forig‘ bo‘lgach, yana jamoasiga foyda keltirishni boshladi.
“Andijon” – “Paxtakor” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Rubin Xebay
Ha, bunga shubha bo‘lishi mumkin emas. Albaniyalik Rubin Xebay yana trendda. U “Paxtakor” darvozasiga shunaqangi gol urdiki, hali buni ko‘pchilik, ayniqsa, “Paxtakor” darvozaboni yodidan chiqarmaydi. “Andijon” to‘purari Superligani “yondiryapti”.
“Buxoro” – “Navbahor” – 0:3. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi - Temurxo‘ja Abduholiqov
Tajribali hujumchi nihoyat “Buxoro”ga qarshi o‘yinda gol urdi. Shuningdek, “Navbahor”ning faol futbolchilaridan biri bo‘ldi, gollarda ishtirok etdi. Albatta, hujumchi sifatida uning gollari kamroq, adashmasak chempionatda to‘rtinchi golini urdi. Ammo “Buxoro” bilan bellashuvda Abduholiqov tom ma’noda o‘zini ko‘rsata oldi va haqli ravishda eng yaxshi futbolchiga aylandi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar