
Erjan Tokotaev: "Andijon"ni zo‘r fanatlari borligini bilaman, stadiondagi muhitni his qilish uchun yakshanba kungi o‘yinni intiqlik bilan kutyapman"
“Andijon” klubining yozgi transferlaridan biriga aylangan qirg‘izistonlik tajribali darvozabon Erjan Tokotaevni muxlislar yaxshi bilishadi.
Ayniqsa, uning jahon chempionati saralash doirasida Qirg‘iziston terma jamoasi tarkibida ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari barchada juda iliq taassurotlar qoldirgani rost.
Turkiya chempionatida faoliyat olib borgan posbon endi “Andijon” sharafini himoya qiladi.
Klub matbuot xizmati esa Erjandan intervyu oldi.
- Erjan, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Hammasi juda tez yuz berdi. Siz shunday bo‘lishini o‘ylaganmidingiz?
- Katta rahmat. Albatta, muzokara juda tez bo‘ldi. Bir sutka davomida shartnomaning barcha detallarini kelishib oldik. Natijada kelishuvga asosan jamoaga qo‘shilishga tayyor bo‘ldim.
- Jamoadagi dastlabki taassurotlar qanday? O‘ylashimcha, siz “Andijon”dagi ilk kuningizdanoq muxlislarimizning kuchini his qildingiz.
- Taassurotlarim yaxshi. Barcha yigitlar do‘stona. Jamoa yosh va yangi kollektivga tez kirishib ketdim. Muxlislarni mashg‘ulotda ko‘rish ancha zavqli bo‘ldi. “Andijon” jamoasini jiddiy va juda ham zo‘r fanatlari borligini bilaman. Mashg‘ulotda muxlislarning meni yaxshi so‘zlar bilan qo‘llab-quvvatlashayotganini eshitdim. Bunday so‘zlarni eshitish men uchun juda ham quvonchli bo‘ldi. Bilasizmi, stadiondagi muhitni his qilish uchun yakshanba kungi o‘yinni katta ishtiyoq bilan kutyapman.
- “Andijon”ni tanlashingizning asosiy sababi nimada?
- Bungacha Evropani bir qator jamoalari bilan gaplashgandik. Faoliyatimni Evropada davom ettirishni xohlab turgandim. Lekin buni bir qancha qiyinchiliklari bor edi. Keyinchalik “Andijon”dan qo‘ng‘iroq bo‘lib, jamoa murabbiylari meni ko‘rishni istayotganini eshitganimdan so‘ng ko‘p o‘ylanmadim va rozi bo‘ldim. Chempionatning darajasi yuqori. “Andijon” esa Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Shuningdek, ushbu shahar o‘z uyimdan uzoq emas. Eng asosiysi, murabbiylar shtabi menga ishonch bildiryapti va menga o‘yin amaliyotini bermoqchi. Shu sababli ularga rahmat. Bu ham klubga o‘tishimga turtki bo‘ldi.
- Ma’lumki, “JCh-2026” 3-saralash bosqichida Qirg‘iziston termasi O‘zbekiston bilan bir guruhda qatnashdi. Jamoangizning ishtirokini qanday baholaysiz?
- Terma jamoa haqida nima deyishim mumkin? Birinchi navbatda biz oldimizdagi vazifani bajara olmadik. Hech bo‘lmaganda minimal hisobda keyingi bosqichda ishtirokimizni davom ettirishni istagandik. Ikkinchi tomondan biz yaxshi o‘yinlarni o‘tkazdik. Har kimda o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bo‘ldi va kim nimaga qodirligini ko‘rsatdi. Raqobat kuchli edi. Shu bilan birga Qirg‘iziston Osiyoning kuchli jamoalari qatoriga kira oldi, deb o‘ylayman. Hamma futbolchi katta tajriba to‘pladi. Bu esa bizga kelajakda faqat yordam beradi.
- Erjan, Qirg‘izistonda ham futbol o‘sib boryapti. Futbol mamlakatingizda birinchi raqamli sport turi. Sizningcha, chempionat qay darajada rivojlanyapti?
- Futbol mamlakatda tez rivojlanib boryapti. Eski stadionlar rekonstruktsiya qilinyapti. Yangi stadionlar qurilyapti. Mahalliy chempionatda yangi jamoalar shakllandi va raqobat kuchaydi. Futbolchilarda ko‘proq o‘ynashga imkoniyat paydo bo‘lyapti. O‘ylaymanki, yaqin yillar ichida chempionat yanada kuchli darajaga chiqadi.
- Bungacha ikki yil Turkiya chempionatida o‘ynadingiz. U erda faoliyat olib borganingiz sizni qanchalik o‘zgartirdi?
- Ikki yil davomida Turkiyada juda yaxshi vaqtlarni o‘tkazdim. U erda o‘zim uchun ko‘p narsalarni o‘zlashtirdim. Yangi tanishuvlar, yangi do‘stlar, yangi tajriba...Chempionat ham etarlicha kuchli. Ko‘plab murabbiylar bilan ishladim. Har biridan o‘ziga yarasha yangilik oldim. Har bir murabbiy yangi narsalarni o‘rgatdi. O‘rganganlarim kelajakda menga asqotadi, deb o‘ylayman. Jamoani ikkita sabab bilan tark etdim: Birinchi sababi, shartnomam tugagandi. Ikkinchi sababi, biz birinchi ligani tark etdik va ikkinchi ligada esa legionerlarning to‘p surishi mumkin emas ekan. Shu sababli klubni tark etishga majbur bo‘ldim.
- “Andijon” klubi faoliyatingizda yangi chaqiriq...
- Hech qachon nima bo‘lishini oldindan bilmaysan. Hammasi o‘zimga bog‘liq. Barchasini yaxshi bajarishga harakat qilaman. Klub va muxlislar mendan kutayotgan barcha talabni bajarishga va ularning umidlari oqlashga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.
- Sizni “Andijon”ga o‘tishingiz O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham ancha e’tiborni o‘ziga tortdi. Buni his qildingizmi?
- Ha, bu atmosferani juda yaxshi his qildim. Meni juda yaxshi kutib olishdi va yoqimli bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bunday e’tiborni kutmagandim.
Fikrlar