
Farhod Bekmuratov: "Natija hozir muhim emas"
Tajribali o‘yinchi Farhod Bekmuratov ayni paytda “Andijon” bilan Antaliyada yig‘inida faol ishtirok etyapti. Doimgidek muxlislarning ushbu o‘yinchidan ham ishonchi katta va shu jumladan murabbiylarning ham. Bekmuratov quyida xorij yig‘ini va o‘rtoqlik uchrashuvlari borasida fikrlarini bildirdi.
TsSKAga qarshi o‘yin haqida
- TsSKA nomdor jamoa. Rossiyaning eng kuchli klublaridan biri. O‘zim uchun yaxshi o‘yin bo‘lishini tasavvur qilgandim. Chunki bu paytgacha ham “Krasnodar”, “Rubin”, “Fakel” kabi klublarga qarshi to‘p surganman. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Aynan yaxshi uchrashuvni kutgandim, yanada kutganimdan ko‘ra yaxshiroq bo‘ldi. Baribir bunday o‘yinlarda o‘zimizni nimalarga qodirligimizni, kuchli va kuchsiz tomonlarimizni bilib olish. 2:0 hisobi uchrashuvga mos bo‘lmadi, deb o‘ylayman. Biz ham hujumlar qildik, kurashdik, ular ham yaxshi jamoa. Biz endi ikkinchi uchrashuvimizni o‘tkazdik. Ular bundan avval BAAda ham yig‘in o‘tkazib, o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazgan. Ularda hozir chempionat davom etyapti. Bizda endi boshlanadi. Chempionatgacha yanada yaxshi o‘yinlar o‘tkazib, sport formamizga kirib olamiz, degan umiddamiz.
Janubiy Koreya hamda TsSKAga qarshi o‘yinlarning farqlari
- Farq sezildi. Chunki TsSKA baribir Koreyaga qaraganda tajribaliroq ekan. Menga ko‘proq TsSKAning o‘yini yoqdi.
Antaliyadagi yig‘in to‘g‘risida
- O‘zlaring ham ko‘rib turibsizlar, kuniga kerak bo‘lsa uch mahalda shug‘ullanyapmiz. Baribir sport formamizni optimal holatga olib chiqishimiz kerak-da. Ta’tildan qaytdik, Xudoga shukr hammasi yaxshi. Trenajyor zalida ishlayapmiz, maydonlar yaqin. Hammasi a’lo darajada ketyapti.
Bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazish og‘ir emasmi?
- Bu savolga keladigan bo‘lsak, ko‘proq o‘ynaganimiz yaxshi. 45 daqiqadan ikkita tarkib bo‘lib o‘ynadik. Endi bitta tarkib 90 daqiqadan o‘ynashimiz kerak. Bu men uchun yaxshi deb o‘ylayman. Chunki o‘yinlar orqali ko‘proq “nagruzka” olamiz, yuguramiz. Mashg‘ulotdan ko‘ra o‘yinlar bo‘lgani ma’qul.
O‘rtoqlik uchrashuvlaridagi natija qanchalik muhim?
- Natija hozir muhim emas. Chunki birinchi maqsadimiz ko‘proq o‘yinimizni shakllantirish. Ikkinchi maqsad esa o‘z o‘yinimizni kuchaytirib, sport formamizga kirib olishdir. Chempionatimiz boshlanishiga bir oy qolgan bo‘lsa, shu paytgacha yaxshi sport formasiga kirib, mavsumni yaxshi boshlab olishni niyat qilganmiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar