
Farhod Nurullaev: "Ekaterinburg Arena"da to‘p surish hammaga ham nasib qilavermaydi. Finalda "Ural"ni yutish uchun bor imkoniyatni ishga solamiz"
Ekaterinburgdagi xalqaro turnirda "Qizilqum" Serbiyaning "IMT Belgrad" klubini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng matbuot anjumanida "Qizilqum" katta murabbiyi Farhod NURULLAEV jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Avvalo turnir tashkilotchilariga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizni bu erda juda iliq qarshi olishdi. Jamoamiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi. O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, bizda yaqindagina Superliga bahslarining birinchi davrasi yakuniga etdi. Ushbu turnir biz uchun yangi va yosh futbolchilarimizni sinovdan o‘tkazib olish uchun yaxshi imkoniyat deb hisoblayman. Qolaversa, ikkinchi davra boshlanishiga qadar bir nechta futbolchilarni jamoaga taklif etib, mavsumning qolgan qismini yaxshi natijalarga erishishni maqsad qilganmiz.
- Bugungi yirik g‘alabadan keyin jamoangiz finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahsdagi raqib esa «Ural» jamoasi bo‘lishini bilasiz...
- Ha, bugun murabbiylar shtabi «Ural» – «Ravshan» jamoalari uchrashuvini stadiondan kuzatishga muvaffaq bo‘ldik. Biz final uchrashuvini «Ekaterinburg Arena»da mezbonlarga qarshi o‘tkazamiz. Bu stadion JCh-2018 musobaqasida bir nechta uchrashuvlarga mezbonlik qilgan. Bunday arenalarda to‘p tepish hammaga ham nasib etavermaydi. Qolaversa, bu jamoa tarkibida ushbu stadionda aynan navoiylik futbolchi Oston O‘runov ham to‘p tepganini ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Shu sabab «Ural»ga qarshi final uchrashuvini munosib tarzda o‘tkazib, musobaqada g‘olib chiqish uchun bor imkoniyatni ishga solamiz.
Fikrlar