FIFA Argentina futbol federatsiyasiga nisbatan intizomiy ish ochdi
FIFA Intizom qo‘mitasi JCh-2026 saralash uchrashuvlaridan so‘ng Argentina futbol federatsiyasiga nisbatan rasmiy tergov boshladi. Bu haqida tashkilotning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Argentina tomoni FIFA intizom kodeksining bir nechta moddalariga rioya qilmaganlikda gumon qilinmoqda. Jumladan, sport musobaqasidan sportga aloqador bo‘lmagan namoyishlar uchun foydalanish taqiqini buzgani aytilmoqda. Bu yerda Folklend orollari haqidagi banner ko‘tarilgani nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, jahon chempionati finali yakunlariga ko‘ra alohida intizom ishlari ham ochildi. Hujum qilish haqidagi moddani buzish ehtimoli yuzasidan Argentina terma jamoasi futbolchilari Nauyel Molina va Leandro Paredes, shuningdek, bosh murabbiy yordamchisi Roberto Ayalaga nisbatan tekshiruv boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, Molinaga ikki epizod bo‘yicha ayb qo‘yilgan, shulardan biri «hujum qilishga urinish» sifatida baholanmoqda. Paredesga esa uchta alohida epizod yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan.
FIFA barcha ishtirokchilarga o‘z pozitsiyasini bayon etish va tushuntirishlar taqdim etish imkoniyati berilganini qayd etdi. Intizom ishlari bo‘yicha yakuniy qarorlar materiallar to‘liq ko‘rib chiqilgandan so‘ng e’lon qilinadi.

Fikrlar