
FIFA bosh kotibi Terma jamoalar markazidagi qurilish ishlari bilan tanishdi
O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar hamda mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qilish maqsadida FIFA bosh kotibi Fatma Samura boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.
Bugun Fatma Samura FIFA ko‘magida Toshkent viloyatida qad rostlayotgan O‘zbekiston Terma jamoalari markazini ko‘zdan kechirish uchun qurilish maydoniga tashrif buyurdi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov mazkur bazadan o‘rin olgan obektlar, xususan, futbolchilar istiqomat qilishi uchun mo‘ljallangan mehmonxona, mashg‘ulot maydonchasi va zallari, stadion loyihasi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadigan tibbiy-tiklanish markazi, kutubxona, restoran, yashil hudud kabi obektlarning aynan ushbu bazadan joy olishi aytildi.
Bundan tashqari, ushbu markazni xalqaro standartlar asosida bunyod etish, jihozlash va faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir nechta davlatlarning tajribalaridan keng foydalanilayotgani qayd etildi.
O‘z o‘rnida, FIFA Bosh kotibi ham mazkur qurilish loyihasi haqida ijobiy fikrda ekanligini aytib, bir nechta masalalar yuzasidan o‘zining takliflarini bildirdi.
Manba: O‘FA matbuot xizmati.
Fikrlar