
FIFA O‘zbekiston klubiga transfer taqiqini qo‘llaydi
PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev telegramdagi o‘zining sahifasida "Sho‘rtan" klubidagi muammolarga to‘xtaldi. Jamoa sobiq murabbiylar oldidagi qarzdorlikni bartaraf qilmagani bois FIFA tomonidan ogohlantirilgandi. Biroq muammoni hal qilishga berilgan vaqtda ham qarzdorlik qolib ketdi. Shu bois, endi g‘uzorliklar qishki transfer oynasida futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib ololmaydi.
- Klubning sobiq murabbiylari Igor Kriushenko hamda Vitaliy Varivonchik "Sho‘rtan"da qolib ketgan pullarini olish uchun bir necha yildan buyon kurash olib boradi. Bir necha kun avval, FIFA "Sho‘rtan" uchun so‘nggi ogohlantirish berdi, biroq iqtisodiy muammolar girdobida bo‘lgan jamoa qarzlarni baribir bartaraf eta olmadi.
Endilikda FIFA "Sho‘rtan" uchun kelayotgan qishki transfer oynasiga taqiq qo‘yadi. Bizda qishki transfer 4 yanvar sanasida ochiladi hamda 12 mart kuniga qadar davom etadi.
So‘nggi 1 yildan buyon "Sho‘rtan" rahbariyati yaxshi ishlayapti. Buni jamoa qayd etayotgan natijalarda ham ko‘rish mumkin. Taxminan shuncha vaqtdan beri rahbariyat o‘zimizning murabbiylar, futbolchilar va boshqa ishchi-xodimlar bilan sudlashdi, ko‘plab muammolar hal qilindi. Biroq xorijiy mutaxassislar oldidagi pullar masalasini bugungi sharoit bilan hal etib bo‘lmaydi, - dedi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar