
Futbol bayrami boshlanyapti yoxud muxlislar intiqlik bilan kutayotgan Superliganing 8-turi haqida
Bugun Superliganing 8-turiga start beriladi. O‘yinlar 21 mayga qadar davom ettiriladi. Siz bilan bizni kutayotgan 7 ta juftlik haqida albatta to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Zero, har bir o‘yinning o‘ziga xos qiziq va e’tiborli jihatlari bor.
18 may
19:00. “Andijon” – “Metallurg”
Doimgidek “Andijon” jamoasining ishtirokidagi o‘yinga qiziqish katta. Ushbu bahsga klublar turlicha ko‘rinishda etib keldilar. Masalan, “Andijon” turnir jadvalida “Navbahor”dan keyin 2-o‘rinda bo‘lsa, “Metallurg” eng oxirgi o‘rindan bir pog‘ona tepada -13-o‘rin. Bekobodliklar hisobida hali g‘alaba yo‘q. Albatta, Vesko Steshevich jamoasini og‘ir uchrashuv kutyapti. “Andijon” favorit sifatida e’tirof etilyapti. Ammo “Metallurg” borini beradi. Shunga qaramay, ularga ikki karra og‘ir. Chunki “Bobur arena”da qanday muhit bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Gollarga boy o‘yin bo‘lishi ham mumkin.
19:00. “Qizilqum” – “Olimpik”
O‘tgan turda Olmaliqda “Metallurg” bilan durang o‘ynab qaytgan “Qizilqum” Qarshida “Olimpik”ni qabul qiladi. Timur Kapadze jamoasi 7-turda o‘z maydonida “Paxtakor”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘yganini bilasiz. Qarshidagi bo‘lajak bahsda ikkala jamoaning kuchi teng baholanyapti.
19 may
19:00. “Navbahor” – “Neftchi”
Turning markaziy uchrashuvi albatta Namanganda o‘tadi. Bu turda yana vodiy derbisiga guvoh bo‘lamiz. O‘tgan safar farg‘onaliklar o‘z uyida “Andijon”ga qarshi vodiy derbisida arang mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. Bu gal ular mehmonda turnir peshqadami “Navbahor”ga qarshi maydonga tushishadi. O‘z oldiga chempionlik maqsadini qo‘ygan ikki jamoa o‘rtasidagi kurashga chindan qiziqish juda katta. Hozircha imkoniyatlar 50x50. Lekin maydonda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bu oddiy o‘yin emas.
19:00. OKMK – “So‘g‘diyona”
O‘tgan turda g‘alaba nashidasini surgan OKMK mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan “So‘g‘diyona”ni imtihonidan o‘tkazadi. Jizzaxliklar safarda ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatishayotganini oldingi natijalari ko‘rsatib turibdi. Mirjalol Qosimov jamoasi esa Toshkentda “Lokomotiv”ni taslim qilish orqali omadsiz o‘yinlariga qanchalik barham berganini aynan “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda bilib olamiz.
20 may
19:00. “Dinamo” – “Paxtakor”
Jizzaxda “Dinamo” amaldagi chempion “Paxtakor”ni qabul qiladi. Vadim Abramovning Maksim Shatskix jamoasiga qarshi kechadigan o‘yini ham qiziqarli o‘tishi kutilyapti. Hozircha ikkala jamoada barqarorlik kuzatilayotgani yo‘q. Jizzaxdagi stadiondan vaqtincha foydalanib turgan “Dinamo” g‘alaba uchun bor kuchini ishga solishi shubhasiz. Tarkibi yoshargan “Paxtakor” baribir Dragan Cheranga suyanmoqda. O‘tgan yili “Dinamo” ushbu raqibini O‘zbekiston Kubogi 1\8 finalida musobaqadan chiqarib yuborgandi. O‘shanda samarqandliklar pro ligada edi. Jizzaxdagi bahs ham hujumkor ruhda o‘tsa ajab emas.
19:00. “Surxon” – “Nasaf”
O‘z o‘yinini topib olgan “Surxon”ni qarshisida endi “Nasaf” turibdi. Chempionatda mag‘lubiyatga uchramagan ikkita jamoa qoldi. Biri “Navbahor” bo‘lsa, ikkinchisi “Nasaf”. Albatta, “Surxon” “Paxtakor” markaziy stadionida “Ajdarlar”ni mag‘lub etish yo‘llarini qidirib ko‘radi. Ma’lumot uchun, “Nasaf” O‘zbekiston Kubogida “Andijon” tomonidan mag‘lub etildi. Biroq Superligada hali Ro‘ziqul Berdiev jamoasi engilgani yo‘q. Lekin “Nasaf”ga ham g‘alaba zarur. O‘z uyida “Bunyodkor” bilan durang o‘ynab qimmatli ochkolardan mahrum bo‘lgandi. “Surxon” kuchli raqibiga qarshi jang taklif qiladi, bu aniq. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
21 may
19:00. “Bunyodkor” – “Lokomotiv”
Toshkent derbisidagi ushbu jamoalarni hozircha ikki omadsizlar desak to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. “Bunyodkor” musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinda. Hisobida 3 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat bor. “Lokomotiv” esa 8 ochko bilan 10-pog‘onada. Ammo ular oxirgi turlarda ketma-ket mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgan. “Bunyodkor” ham, “Lokomotiv” ham g‘alaba uchun borini tashlaydi. Eshitishimizcha, bu o‘yin “Loko” ustozi Stoymirovich uchun oxirgisi bo‘lishi mumkin ekan, agar yutmasa. “Bunyodkor”da esa qisqa fursat ichida uchta murabbiy almashdi va shuning uchun ham jamoa oxirgi o‘rinda. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘larkin? Hozircha “Bunyodkor” o‘z darvozasidan eng ko‘p – 13 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Biroq o‘tgan turda “Nasaf” bilan bellashuvda darvozasi daxlsizligini saqlay oldi. O‘sha durang “Qaldirg‘ochlar”ni ruhlantirgan bo‘lsa ajablanmaymiz.
Fikrlar