
Gol urgan Shomurodov haqida qiziq fakt va Mourino o‘yindan keyin nimalar dedi?
Nihoyat, Eldor Shomurodov yana bir karra gol ura olishini isbotladi. Yuzinchi marotaba tashkil etilgan Italiya kubogidagi yurishini nimchorak finaldan boshlagan Rim klubi dastlabki uchrashuvini avvalgi bosqichlarda ketma-ket ikkita jamoani musobaqadan chiqarib yuborgan “Lechche” bilan kuch sinashdi.
“Olimpiko”dagi o‘yin shundoq ham muxlisu mutaxassislar tanqidi ostida qolayotgan “Roma” uchun o‘ta omadsiz boshlandi. Uchrashuvning 14-daqiqasida mehmonlar vakili Arturo Kalabrezi bosh bilan aniq zarba yo‘llab, Ruy Patrisiu darvozasini ishg‘ol qildi.
Rimliklar tanaffusga yaqin hisobdagi farqni yo‘qqa chiqardi. Mezbonlarning eng qimmatbaho futbolchi Temmi Abraxam uzatgan to‘pni raqib darvozasiga aniq joylagan Marash Kumbulla Joze Mourinoning tanaffusga xotirjam chiqishini ta’minladi.
Ikkinchi bo‘limda, ya’ni 54-daqiqada Abraxamning o‘zi shu kuni rimliklar safida 100 o‘yinini o‘tkazayotgan Genrix Mxityaranning aniq to‘p uzatishidan foydalanib, jamoasini hisobda olib chiqdi. Goldan o‘n daqiqa o‘tib, maydonga Eldor Shomurodov tushdi.
Hamyurtimiz 81-daqiqada o‘yin taqdirini hal qildi. Genrix Mxitaryan maydon markazida to‘pni Eldorga etkazib berdi. Katta masofani tezkorlikda bosib o‘tgan legionerimiz raqib himoyachisini dog‘da qoldirib, g‘oliblik masalasini hal qilgan aniq zarbani yo‘lladi – 3:1.
Uchrashuvdan so‘ng statistika bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar Shomurodovga oid qiziqarli faktni e’lon qildi.
O‘zbek hujumchisi Italiya maydonlaridagi gollarining 83 foizini, ya’ni 12 ta goldan 10 tasini ikkinchi bo‘limda kiritgan. Ma’lumki, Shomurodov “Jenoa” safida sakkizta gol urgan bo‘lsa, “Roma” hujumchisi sifatida to‘rtinchi golini nishonladi.
Genuya klubidagi gollarini faqat A Seriyada urgan hamyurtimiz “Roma” safida milliy chempionatda ikkita, Konferentsiyalar ligasi va Italiya kubogida bittadan to‘p kiritdi. Shu tariqa Eldor Italiyada o‘zi ishtirok etgan barcha turnirlarda o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi.
Chorak final yo‘llanmasini naqd qilgan “Roma” klubi keyingi bosqichda jiddiy raqib – Italiyaning amaldagi chempioni “Inter”ga qarshi to‘p tepadi.
Italiya kubogining chorak finalidagi juftliklar quyidagicha ko‘rinish olgan:
“Yuventus” — “Sassuolo”
“Atalanta” — “Fiorentina”
“Milan” — “Latsio”
“Inter” — “Roma”
Uchrashuvlar 9 fevralga belgilangan va bitta o‘yindan iborat bo‘ladi. Italiya kubogining amaldagi sohibi “Yuventus” hisoblanadi.
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino uchrashuvdan keyin Mediaset nashriga quyidagi fikrlarni bildirdi.
- Jamoamizning kamchiliklari bor va biz ularni yaxshi bilamiz. Oldinda qilinadigan ish ko‘p. Oldimizda bir necha o‘yin va qisqa tanaffus ham bor. Men keyingi raqibimiz “Inter” ligada va Italiya kubogi musobaqasida eng kuchli raqib ekaniga zarracha ham shubha qilmayman. Demak, oldinda juda qiyn to‘qnashuv bor va biz “Inter”ni maydoniga hammani hayratga solish uchun boramiz.
Futbol nuqtai nazaridan 4-8-o‘rinlar orasida kurashish men istagan holat emas. Rejamiz va loyihamizning maqsadi boshqa. Albatta, keyingi mavsumimiz bunisidan yaxshi bo‘ladi.
“Lechche”ga qarshi birinchi bo‘limda hafsalam pir bo‘lganini yashirmayman. Texnik jihatdan rasvo o‘ynadik. Hozir esa o‘zimni baxtiyor his qilyapman. Men “Roma”da uch yil ishlashga so‘z berganman va bu loyihani boshqasiga almashtirmayman. Endi “Inter”ga qarshi o‘yinda jiddiy tayyorgarlik ko‘rishim kerak, menga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi, - dedi Joze Mourino.
“Real” ikki futbolchisini "Roma"ga bermadi
Shomurodov Ronaldu va Serxio Ramos qatoriga qo‘shildi!
Fikrlar