
Golli imkoniyatlar va o‘yindagi ustunlik ham g‘alabaga etarli bo‘lmadi yoxud "Bobur arena"da kuchlar teng keldi
O‘zbekiston Kubogi “B” guruhining so‘nggi – 3-turida “Andijon” jamoamiz o‘z uyida Samarqandning “Dinamo”sini qabul qildi.
Vadim Abramov shogirdlari dastlabki ikkita turda g‘alabalarga erishishgani bois keyingi bosqich masalasini hal qilishgandi. Shu sababli “Andijon”ga qarshi uchrashuvda raqib tarkibida rotatsiyalar amalga oshirildi va hattoki, bosh murabbiy ham bellashuvda ishtirok etmadi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Dinamo”da yordamchi murabbiy sifatida ishlayotgan Marat Miftaxutdinov Vadim Karlenovichni betobligi bois kela olmagani bilan izohladi.
O‘yin yaxshi boshlandi. Dastlabki 10 daqiqa yakunlanmasidanoq “Burgutlar”ning jiddiy hujumlaridan biri gol bilan yakunlandi. Farhod Sohibjonovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan keyin bosh hakam penalti belgiladi va bu vazifani Doniyor Abdumannopov bexato bajardi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqada esa samarqandlik futbolchilar standart vaziyatdan so‘ng hisobni tenglashtirdilar.
Ikkinchi bo‘limda “Andijon” hujumkorlikni yanada oshirdi. Raqib darvozasi oldida ketma-ket golli imkoniyatlarni yaratdilar. Faqat gol etishmadi. Gohida darvozabon yaxshi o‘ynadi, gohida zarbaga aniqlik etishmadi. “Burgutlar” g‘alaba qozonish istagida faqat hujumkor o‘yin ko‘rsatdilar. Shunga qaramay, yakunda 1:1 hisobi o‘zgarmasdan qoldi. Har qanday holatda ham andijonlik fanatlar jamoani qo‘llab-quvvatlab, ularga ishonishda davom etishlarini yana bir bor isbotladilar.
To‘g‘ri, shu bilan “Andijon”ning O‘zbekiston Kubogidagi ishtiroki nihoyasiga etdi. Asosiy e’tibor chempionat o‘yinlariga qaratiladi. Endilikda "Andijon" jamoasida yangi sahifa ochiladi. Bosh murabbiy sifatida o‘zbek futbol afsonalaridan biri Maksim Shatskix bosh murabbiy sifatida e’lon qilindi. Unga Vitaliy Shpanyuk yaqindan yordam beradi. Shatskix 14 may sanasidan jamoani qabul qilib oladi va debyutini 17 may kuni Superliganing 10-turi doirasida safarda “Sho‘rtan”ga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” – “Dinamo” – 1:1 (1:1).
13 may. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 4216 tomoshabin.
Hakamlar: Umidjon Rahimjonov, Aziz Isakov, Axror Rahmatov
Zaxira hakami: Asadbek Qosimjonov
Nazoratchi: Viktor Serazetdinov
Komissar: Said Shoxruh
“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Miomir Jurichkovich, Abdurahmon Komilov, Oleg Zoteev, Altin Kreziu (Iskandar Shoyqulov, 63), Ilhom Abdug‘aniev (Damir Temirov, 63), Farhod Sohibjonov, Doniyor Abdumannopov (Bektemir Abdumannonov, 80), Mirzad Mexanovich (Usmonali Ismonaliev, 80), Islam Mashukov (Rustam Turdimurodov, 46).
“Dinamo”: Edem Nemanov, Akbar Abdirasulov, Maykon, Xislat Halilov, Abdulahad Hoshimov (Oybek Hamroqulov, 33), Maqsudxo‘ja A’loxo‘jaev (Bakir Saidov, 75), Muhammadaziz Ibrohimov (Dilyor Baxtiyorov, 46; Ravshan Abdumannonov, 80), Behruz Oblaqulov, Muhsin Bozorov, Ismoil Farhodov, Vohid Oqbo‘taev.
Gollar: Doniyor Abdumannopov, 9-pen. – 1:0. Akbar Abdirasulov, 45+2 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Islom Mamatkazin, 89 – Ismoil Farhodov, 76.
Fikrlar