“Manchester Siti” bir o‘yinchidan voz kechadi
Xosep Gvardiola jamoasida o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan tayanch yarim himoyachisi Kelvin Fillips qishki transferlar oynasi ochilishi bilan boshqa klubga o‘tishi kutilmoqda.
Jarohatini davolatib, tiklanish jarayonini o‘tayotgan 29 yoshli futbolchi asosiy tarkibga kirishi uchun “Oltin to‘p” sohibi Rodri va yanvarda kelgan Niko Gonsales bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Gvardiola ko‘proq ispan futbolchilariga ishonch bildiryapti.
Kelvin Fillips esa, “Everton”ga o‘tishi mumkin. Bu klub angliyalik yarim himoyasiga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida Football Insider nashri xabar tarqatdi.
“Everton” Kelvinni mavsum oxiriga qadar ijaraga olmoqchi. “Manchester Siti” rahbariyati yarim himoyachi Gvardiola ishonchini qozona olmagani uchun uni qo‘yib yuborishga tayyor.
Kelvin Fillipsning manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning 30 iyunigacha davom etadi. Transfermarkt portali ekspertlari tajribali yarim himoyachini 12 million evroga baholamoqda.



Fikrlar