"Hakamlar ko‘p adashishdi, raqibga qizil kartochka berilmadi, "Navbahor"dan yaxshiroq o‘ynadik" - Hamidjon Aktamov ishtirokida matbuot anjumani

  • 4 may, 2021, 20:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Muborakda “Qizilqum” hamda “Navbahor” (1:1) ishtirokidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘yindan keyin navoiyliklar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- O‘yin haqida fikr bildirishimdan avval, “Mash’al” klubiga va shaxsan Ilhomjon Qurbonovga rahmat aytaman. Bizni og‘ir kunimizda o‘z maydonida o‘yin uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Buning uchun minnatdorman. Bugungi uchrashuv chiroyli o‘tdi, deb o‘ylayman. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘ynadi. Ammo hakamlar tajribali bo‘lgani bilan ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi. Hammamiz hakamlarga bosim qilaverganimizdan ular qo‘rqib qolishganmi, bilmayman. 51-daqiqada Salim Mustafoevning oyog‘ini tepib yuborishdi, bu qizil kartochka edi. Yonidagi hakam vaziyatga yaqin edi, ko‘rib turgandi. Bu futbol, ular ham adashadi. Ammo hakamlar ko‘p adashishdi. “Navbahor” ham yaxshi jamoa. Ikkala klubning o‘z maqsadi bor. “Navbahor”ga keyingi o‘yinda omad tilayman.

- Oybek Qilichev maydonda asabiy ko‘rindi. Uni almashtirayotganingizda ham qo‘pol so‘zlarni aytayotgandi. Balki futbolchi bilan tarbiyaviy tomondan ishlash kerakdir?!

- U maydonda o‘zini yaxshi tutadi. To‘g‘ri, almashtirishga majbur bo‘ldik. Ammo Qilichev shunday o‘yinchiki, u yutqazishni yomon ko‘radi. Jahli chiqqanida baribir orqaga ketadi, oldinga yurmaydi. Shuning uchun futbolchini majburan almashtirdik.

- “Qizilqum”ning tarkibi jangovor. Jamoa bugun ikki ochkoni yo‘qotdimi yoki bir ochkoga ega bo‘ldimi?

- Bugun ikki ochkoni yo‘qotdik, buni tan olaman. G‘alabani ushlab tura olmadik. Baribir ikki ochkoni 100 foiz yo‘qotdik.

- Mustafoev hozir jamoa bilan birgami yoki jarrohlik stolidami?

- Salimga hozir shifokorlar qarashyapti.

- Holati qanday?

- Hozir ancha yaxshi.

- Demak, bugungi durangdan qoniqmabsizda-a?

- Yo‘q, qoniqmadim.

- “Qizilqum”ning hujumlarini ko‘rdikki, vaziyatlar bor, ammo uning yakuniy nuqtasi o‘xshamay qolyapti...

- Bu – futbol. To‘g‘ri, o‘xshamay qolyapti, imkoniyatlarni yaratyapmiz, etarlicha foydalana olmayapmiz.

- To‘plar nisbatiga qarasak, “Qizilqum”ning urgan golidan o‘tkazgan goli ko‘proq. Bu himoyaning zaifligidanmi yoki o‘tgan turlarda kuchli raqiblar bilan o‘ynagani bilan bog‘liqmi?

- Ko‘p gol o‘tkazganimizga kelsak, 100 foizli imkoniyatlardan emas, balki raqibga o‘zimiz gollarni “sovg‘a” qilib yuboryapmiz. Mana, bugun ham Sherali Jo‘raev qisqa soniyada muvozanatni yo‘qotgani uchun raqib qarshi hujumda gol urdi. Mana shunday vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz.

- “Navbahor”ning qaysi chiziqlarida sizlarga muammolar tug‘dirdi?

- “Navbahor” hech qanaqa qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. Ulardan yaxshi o‘ynadik, deb ayta olaman. Ko‘proq hujumlar uyushtirdik. Faqat oxirgi nuqtani qo‘yadigan hujumchi topilmadi.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abbos Axmedov
05/05/2021 15:17
Балки шундайдур буни имкор этмаймиз. Умуман жамоамиз тузикро ўйнолмаяти бутун Навбахор мухлислари яни биз ўйинларидан қониқмаямиз ўйин 0