
Har bir o‘yinning o‘z qahramonlari bor yoxud "So‘g‘diyona"ning javohiri Superligada 3 ta o‘yindan beri tengsiz!
Superliganing ikkinchi davrasidagi shiddat va murosasizlik borgan sari jiddiy tus olyapti. Har bir o‘yin jamoalar uchun o‘ziga yarasha mashaqqat bilan o‘tyapti va aslo oson uchrashuvlarning o‘zi qolmagan. Shunga yarasha har bir o‘yinning o‘z qahramonlari bor.
“Nasaf” – “Buxoro” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Alibek Davronov
Ikkinchi davraning dastlabki ikkita uchrashuvida g‘alaba qozona olmagan “Nasaf” uchun bu safargi o‘yin juda muhim edi. Chunki g‘alaba qozonmasa bo‘lmasdi. Chempionlik uchun kurashayotgan qarshiliklar ikkita bahsda 5 ochko yo‘qotib, asosiy raqobatchilarini o‘zidan oldinga o‘tkazib yubordi. Shuning uchun “Buxoro”ga qarshi bellashuvda uch ochko suv va havodek zarur edi. Ammo g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilgani yo‘q. Hadeganda gol urishni eplay olmayotgan jamoaga himoyachi Alibek Davronov katta sahnaga chiqdi va 74-daqiqada gol urib “Nasaf”ga uch ochkoni taqdim etdi. 21 yoshli futbolchi himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatishi bilan birga o‘zi o‘yin taqdirini ham hal qilib ketdi. Davronov misolida “Nasaf”dan yana bir kelajagi porloq futbolchi etishib chiqmoqda.
“Navbahor” – “Paxtakor” – 1:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Hojiakbar Alijonov
Chempionlik yo‘lidagi kurashda asosiy favoritlar ishtirokidagi uchrashuv shubhasiz markaziy o‘yin maqomiga ega edi. Bunda “Paxtakor” mezbonlardan kuchli ekanligini ko‘rsata oldi. Ayniqsa, qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonov o‘yinni “yondirdi”. U raqib futbolchilarini shoshirtirib qo‘ydi va unga hech kim bas kela olmadi. Ikkinchi golni qanday yaratilganini ko‘rgandirsiz, buning asoschisi shubhasiz Hojiakbar.
OKMK – “Olimpik” – 2:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Xurshid G‘iyosov
Osiyo Chempionlar ligasi pley-off o‘yini oldidan OKMK chempionatda qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Olimpik” bilan uchrashuvda dastlabki golni penaltidan urgan Xurshid G‘iyosov yakunda o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
“Neftchi” – “So‘g‘diyona” – 0:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Javohir Qahramonov
Jasur Hasanovning jarohatidan keyin sardorlik bog‘ichi ostida maydonga tushayotgan Javohir Qahramonov so‘zsiz “So‘g‘diyona”ning asosiy figurasiga aylandi. U hozircha bir ko‘rsatkich bo‘yicha yagona bo‘lib turibdi. Bilasizmi, ikkinchi davra boshlanib, 3 ta tur ortda qolgan bo‘lsa, barchasida Qahramonov o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilmoqda. Ha, Javohir “So‘g‘diyona”ning chinakamiga javohir o‘yinchisiga aylandi.
“Surxon” – “Turon” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Silvanus Nimeli
“Surxon” ikkinchi davrani ham ishonchli tarzda o‘tkazyapti. Termizliklar ortda qolgan uchta turda 2 g‘alaba va 1 durang qayd etdi. Oxirgi turda “Turon”ni qabul qilgan holda Silvanus Nimelining goli evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, uchrashuv qahramoniga aylangan Nimeli haqli tarzda eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.
“Bunyodkor” – “Andijon” – 2:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Igor Ivanovich
“Qaldirg‘ochlar” “Burgutlar”ga qarshi uchrashuvda irodali g‘alabani qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor. “Bunyodkor”ning legioneri Igor Ivanovich jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. U maydonning har bir qarich erida faollik ko‘rsatishga harakat qildi va gollarda ham ishtirok etdi.
“Qizilqum” – “Metallurg” – 0:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Zabihillo O‘rinboev
Bekobodliklar Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi bahsda qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. O‘tgan turda “Navbahor”ga qarshi o‘yinda oxirgi soniyalarda gol urib jamoasini mag‘lubiyatdan qutqaran Zabihillo O‘rinboev eng yaxshi futbolchiga aylangandi va bu safar ham u yana eng yaxshisi bo‘ldi. “Metallurg” ikkinchi davradagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi va O‘rinboev yana katta hajmdagi ishni bajardi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar