Hasanboy Do‘stmatov qay tarzda sport formasini ushlab turibdi yoxud u yoshlarga juda qiziq maslahat berdi

  • 11 aprel, 2020, 22:09
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

  Mamlakatimizning eng mashhur sportchilarining karantin holatida qanday foydali mashg‘ulotlar bilan band ekanligi va  o‘z o‘rnida qay tarzda vaqtini unumli o‘tkazish kerakligi borasidagi tavsiyalarini berib borayotgan edik. Bu safar ham an’anaga muvofiq Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatovning ayni kunda qay yo‘sinda mashg‘ulotlar olib borayotganligi va yoshlarimizga qanday maslahatlar berishni lozim topganini taqdim etamiz.

Tecno

- Bilasiz, professional boksda o‘z faoliyatimni boshlaganman. Aslida, vizam chiqishi bilan AQShga yo‘l olishim kerak edi. Lekin koronavirus pandemiyasi tufayli, barchasi ortga surildi. Shunday bo‘lsa-da, u erdagi murabbiylar bilan bog‘lanib, qolaversa, ustozim Ziyoyiddin Tayg‘onboevdan maslahatlar olib, qa’tiy rejim asosida mashg‘ulotlar olib borayapman. Har qanday sharoitda ham o‘zingizda kuchli xohish bo‘lsa, o‘z ustingizda ishlashning imkoni bor.
Yoshlarimizga esa, ko‘proq kitob o‘qishlarini tavsiya qilardim. Ayniqsa, O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki o‘tmishdagi bobokalonlarimizning amalga oshirgan ishlari, dunyo ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissalari borasida ma’lumotlar olish, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Najmiddin Kubro, Amir Temur kabi buyuk insonlarning avlodi ekanligimizni anglash va ularning hayotini o‘rganish insonga juda katta motivatsiya beradi.

Shuningdek, yosh sportchilar uchun buyuk chempionlarning bosib o‘tgan yo‘lini, qanday qiyin sharoitlarda shug‘ullanib, o‘z maqsadi sari intilganlarini, yakunda orzulari amalga oshganini o‘qib-o‘rganishlarini maslahat berardim. Bu borada ko‘plab kinolar ham ishlangan. Ularni ko‘rishsin. Qolaversa, oilasi bag‘rida, ota-onalariga quloq solgan holda, karantin qoidalariga rioya qilishlarini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Qisqa qilib aytganda, vaqtini bexuda ishlarga sarflashmasin.

Aytgancha, uyda qoling! Karantinga amal qiling va biz koronavirusni birgalikda engamiz!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!