
"Humo"ning eng zo‘r xokkeychisi faoliyatini qaerda davom ettirishi ma’lum bo‘ldi
Toshkentning "Humo" xokkey klubi hujumchisi Evgeniy Grigorenko faoliyatini Tolyattining "Lada" jamoasida davom ettiradi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Grigorenko yakuniga etmay qolgan mavsumda "qanotlilar" safida muntazam chempionatda 51 bahsda ishtirok etib, 39 (18+21) ochko jamg‘arib, jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan edi. Pley-offda esa 11 uchrashuvda 6 ochko ishlagan (3+3).
Ma’lumot uchun, 27 yoshli xokkeychi Magnitogorsk shahrida xokkey sir-asrorlarini o‘rgangan bo‘lib, 2010 yil Yoshlar xokkey ligasida ishtirok etuvchi "Stalnye Lisy" jamoasi safida Xarlamov kubogida g‘olib bo‘lgan. 2014 yilda esa Magnitogorskning "Metallurg" klubi safida Gagarin kubogini qo‘lga kiritgan.
Ilgariroq, "Lada" "Humo"ning 3 nafar xokkeychisi - Pavel Zdunov, Arseniy Eroxin va Nadir Islyamov bilan ham bir yillik kelishuvga erishgan edi.
Fikrlar