
Husanov, Xolandni tabriklab qo‘y!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markziy himoyachisi Abduqodir Husanov bilan birga “Manchester Siti” sharafini himoya qilayotgan norvegiyalik hujumchi Erling Xoland zamonaviy futbolning eng to‘r to‘purarlaridan hisoblanadi.
AQShda davom etayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining 1/8 finalida Xosep Gvardiola shogirdlari kutilmaganda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasiga yutqazib qo‘ydi. Asosiy vaqtda 3:3 hisobida kuchlar teng kelgan bo‘lsa, qo‘shimta taymlarda osiyoliklar g‘alaba to‘pini kiritib, 4:3 hisobida zafar quchdi.
Garchi “shaharliklar” mag‘lubiyatga uchrab, nufuzli turnirni tark etgan bo‘lsa-da, bu o‘yin Erling Xoland uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Norvegiyalik forvardning “Al-Hilol” darvozasiga kiritgan to‘pi uning faoliyatidagi 301-gol bo‘ldi va mohir to‘purar uch yuzlik dovondan o‘tdi.
Yanada aniqroq ma’lumot beradigan bo‘lsak, Xoland faoliyati davomida “Molde”da 20 ta, “Zaltsburg”da 29 ta, “Borussiya Dortmund”da 86 ta va “Manchester Siti”ga kelganidan beri bu jamoa uchun barcha turnirlarda 124 ta to‘p kiritgan.
24 yoshli o‘yinchining xalqaro miqyosdagi statistikasi ham ajoyib ko‘rinish olgan. Norvegiya terma jamoasi safida 43 marta maydonga tushgan Erling bellashuvlarda raqiblar darvozasini 42 marotaba ishg‘ol qilgan.
Xolandning gollari ortidan u o‘ynagan klublar nufuzli sovrinlarga ega chiqqan. Xususan, Erling “Zaltsburg” safida ikki karra Avstriya chempioni va mamlakat kubogi sohibi, “Borussiya Dortmund”da Germaniya kubogi egasi bo‘lgan.
“Manchester Siti”ga kelganidan beri oltita sovrinni qo‘lga kiritdi. Jumladan, ikki bor Angliya Preer-ligasi, bir martadan Angliya kubogi, Evropa Chempionlar ligasi hamda UEFA Superkubogida muvaffaqiyat qozondi.
Ta’kidlash joizki, “Manchester Siti”ning etakchi o‘yinchilaridan hisoblangan Erling Xoland jamoadagi o‘zbek himoyachisi Abduqodir Husanov bilan do‘stona aloqalarga ega. Norvegiyalik futbolchi hamyurtimiz “shaharliklar” safiga qo‘shilganidan beri uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab keladi, uchrashuvlar paytida maslahatlarini ayamaydi, dalda berib turadi.
Shularni inobatga olgan holda, Abduqodir Husanov ham Erling Xolandni to‘purarlik borasida yangi marrani zabt etgani bilan tabriklab qo‘yishi tabiiy.
Endi Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” futbolchilari Angliya Premer-ligasining yangi mavsumiga tayyorgarlikni yanada kuchaytiradi.
Manchesterliklar navbatdagi chempionatning birinchi tur uchrashuvini 16 avgust kuni safarda, kuchli jamoalardan hisoblangan “Vulverxempton”ga qarshi o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov va Erling Xoland hali uzoq muddat birgalikda to‘p tepishiga to‘g‘ri keladi. Chunki 21 yoshli legionerimiz transfer vaqtida “shaharliklar” bilan 2029 yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma tuzgan.
Norvegiyalik hujumchi esa, o‘tgan mavsumda “Manchester Siti” bilan shartnomasini 2034 yilning 30 iyunigacha uzaytirishni maqsadga muvofiq topdi.
Fikrlar