Yangi murabbiy Fayzullaevga qanday baho berdi?

  • 1 iyul, 08:49
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning TsSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev uchun yangi mavsum muhim ahamiyat kasb etadi.

Tecno

21 yoshli legionerimiz terma jamoamizning etakchi o‘yinchilaridan hisoblanadi va kelasi yili AQSh, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qiladishan jahon chempionatida Abbosning zimmasiga muhim vazifalar yuklanishi tabiiy.

Shu bois, Fayzullaev yangi mavsumda klub miqyosida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi, mahoratini charhlab borishi va yuqori sport formasini  ushlab turishi talab etiladi.

Legionerimiz o‘ynayotgan TsSKAda kutilmaganda jiddiy o‘zgarish ro‘y berdi. Jamoani mamlakat kubogi g‘olibi va chempionat bronza medali sovrindoriga aylantirgan serbiyalik murabbiy Marko Nikolich boshqa klubga o‘tib ketdi. Uning o‘rnini shveytsariyalik mutaxassis Fabio Chelestini egalladi.

Abbos O‘zbekiston terma jamoasi safidagi o‘yinlardan keyin muayyan muddat hordiq chiqarib, “armiyachilar”ning tayyorgarlik jarayoniga qo‘shildi. Fabio Chelestini yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari haqida intervyu berib, o‘zbek futbolchisini ham jamoa etakchilaridan ekanini alohida ta’kidladi.

- Butun jamoa yig‘inda jam bo‘lishini kutish kerak. Dastlabki kunlarda biz bir necha muhim o‘yinchilar – Ivan Oblyakov, Danil Krugovoy, Seyku Koyta va Abbosbek Fayzullaevsiz ishlashimizga to‘g‘ri keldi.

Biz jamoaga yaqinda kelganmiz, futbolchilar esa endigina ta’tildan chiqdi, dastlabki kunlardagi mashg‘ulotlar o‘ziga xos tarzda engillashtirilgan bo‘ladi va asosiy e’tibor funktsional tayyorgarlikka qaratiladi, - dedi Fabio Chelestini.

O‘z navbatida, Chelestini o‘zi bilan birga murabbiylar shtabida faoliyat yuritadigan mutaxassislar katta tajribaga ega ekanini aytdi.

- Xose Blesa men bilan “Bazel”da ishlagan. Bu eng yuqori darajadagi futbolchilar bilan ishlagan, boy tajriba to‘plagan zo‘r nutritsiolog. Xususan, u “An-Nasr”da Krishtianu Ronalduga yordam bergan.

Xaver Noyya jismoniy tayyorgarlik murabbiyi. Ilgari “Spartak” va “Rubin”da ishlagani bois rus tilida zo‘r gaplasha oladi.

Avval bir necha xorij mamlakatlarida, jumladan, Italiya va Meksikada ishlab, katta tajriba orttirgan Manel Eksposito ham keldi. Shuningdek, murabbiylar shtabida Aleksey Berezutskiy, Dmitriy Kramarenko va Igor Aksenov kabi mahoratli mutaxassislar ishini davom ettirayotganidan ham mamnunman, - dedi Fabio Chelestini.

Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Shundan beri iste’dodli futbolchimiz Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi musobaqalarida jami 71 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatdi.

Hamyurtimizning moskvaliklar bilan imzolagan shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Keyingi paytda Abbosbek Fayzullaevga Angliyaning “Vulverxempton” va Turkiyaning “Bashakshehir” klublaridan qiziqish bo‘layotgani haqida axborotlar tarqatilgan edi.

Husanov, Xolandni tabriklab qo‘y!

Husanov ko‘z o‘ngida “Manchester Siti” tarixiy rekord o‘rnatdi

Shomurodov kuchayib ketdi...

Legionerimiz Evropada yurish qilishga tayyor!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!