
Husanov transferiga bosh bo‘lgan superagent “Lans”ni qanday “uxlatdi”?
2025 yilning boshidagi eng shov-shuvli transferlardan biri O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tayotgani bo‘lib turibdi.
Bir qarashda, bu transfer “Lans” uchun o‘ta foydali ko‘rinadi. “Shaharliklar” Angliya Premer-ligasi tarixidagi birinchi o‘zbek futbolchisi uchun Frantsiya klubiga 40 million evro miqdorida badal puli va 10 million evro bonus, jami 50 million evro to‘lashi aytilmoqda.
Aslida “Lans” rahbariyati o‘z kashfiyotini 25-30 million evroga baholagan va bu transferni amalga oshirish uchun eng qudratli agentlardan Jorje Mendeshga mandat bergandi. Portugaliyalik mutaxassisga Husanov transferidan 10 foiz ulush ajratilgan.
Frantsiya futbolini yoritib kelayotgan le11hdf.fr portali Abduqodir Husanov transferining ko‘pchilikning nazaridan chetda qolgan “nozik” tomonlari yoritilgan maqola chop etdi. Ushbu axborotda taniqli ijodkor Romen Molina o‘zbek futbolchisi transferi bo‘yicha jurnalistik surishtiruv o‘tkazgani va unda qanday xulosalarni o‘rtaga tashlagani muhokama qilinadi.
- Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferi 50 million evro atrofidagi summaga tushganini inobatga olsak, bu “Lans” tarixidagi rekord ko‘rsatkich va Lois Opendaning “Leyptsig”ga transfer qilingan narxidan (44 million evro) oshib ketdi.
Biroq Romen Molina o‘z YouTube kanali orqali chiqishida “Lans” rahbariyati eng serdaromad transferni amalga oshirish vakolatini superagent Jorje Mendeshga berib, katta xatoga yo‘l qo‘yganini ochib tashladi.
“Husanovning transferini oxiriga etkazish uchun Mendeshning umuman keragi yo‘q edi. “Lans” Evropaning bir necha qudratli klubi talashayotgan futbolchi transferi uchun futbol agentiga mandat berishning nima keragi bor?
Mendesh avval boshdan Husanovning transferini 40-50 million evroga uddalash mumkinligini yaxshi anglagan holda bu ishga kirishgan. Agent bu ishga umuman taklif yubormagan “Real Madrid”ning qiziqishi haqidagi xabarlarni ham qo‘shdi. Haqiqatan o‘yinchiga qiziqqanlardan “Nyukasl” bor edi, biroq ular taklif berishda mankunianlarga yaqinlasha olmadi.
Husanovning ishini Mendeshga topshirish orqali “Lans” burnining tagidagi yana bir daromadli transferni qo‘ldan chiqardi. Lansliklar etakchisi Kevin Dansoni “Vulverxempton” asosiy nishon sifatida belgilagan edi. Biroq “bo‘rilar” oxir-oqibat “REyms”dan Emmanuel Agbaduni 20 million evroga oldi.
Bu operatsiyaning boshida kim turgan edi? Yana o‘sha Jorje Mendesh! Bu gal u “Reyms” uchun ishlab berdi.
Bularning hammasi Mendeshning tomoshasi, o‘yini. Superagent ishlarni tez uddaladi. Natijada “Lans” Husanovni 40-50 million evroga sotdi, Dansoning transferidan quruq qoldi.
Klub agentlarga mandatni biror o‘yinchini sotishda qiyinchilikka duch kelsa yoki o‘yinchi klubni dog‘da qoldirishga urinsagina berishi kerak. Husanov transferida “Lans” hozirgidan ko‘proq ishlab olishi mumkin edi. Biroq bu transfer superagentlarning natijaga o‘z ta’sirini o‘tkazishdagi ustunligini ko‘rsatib turibdi”, degan Romen Molinaning tahlili va xulosasini keltirdi le11hdf.fr portali eksperti Entso Paylot.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov Frantsiya futbolidagi birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. “Lans” uni 2023 yilning yozida Belarusning “Energetik-BGU” klubidan 100 ming evroga transfer qilgan. Mana oradan bir yarim yil o‘tib, lansliklar o‘z xarajatini 500 bavarav qilib chiqarib olish imkoniga ega bo‘ldi.
Husanovni qo‘ldan chiqargan Madrid superklubi yana 7 nafar himoyachi topdi
“Real” shokda! “Manchester Siti” Husanov orqali “Real”ning “burnini erga ishqaladi”
Fikrlar