Husanov yordamida “Manchester Siti” tarkibi qayta quriladi!

  • 5 fevral, 11:02
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Evropada qishki transferlar oynasi yopildi. Aksariyat jamoalar o‘zlariga kerakli o‘yinchilarni ijaraga olish yoki to‘liq transfer qilish ishlarini amalga oshirdi. Aslida qishki transferlar davrida katta o‘zgarishlar kam bo‘ladi.

Angliya Premer-ligasida ishtirok etayotgan yigirmata klubdan 18 tasi transfer bozoriga kirdi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat  klublar o‘z kamchiliklarini vaqtincha yopish yo‘lini tanlab, asosan o‘yinchi olishning ijara usulini qo‘lladi.

Premer-liga eksperti Aleks Keble yanvar oyidagi transferlarni tahlil qilib chiqdi va har bir klubning bu yo‘nalishdagi ishlariga baho berdi.

Sports.uz portali Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ni tanlagani bois, Aleks Keblening “shaharliklar” amalga oshirgan transferlari haqidagi mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.

- “Manchester Siti” qayta tiklanishni boshladi. Xosep Gvardiola uning yosh o‘tib qolayotgan tarkibida jiddiy o‘zgarishlar qilish davri kelganini yaxshi anglab turibdi. Jiddiy yangilanishga kirishildi.

“Shaharliklar” qishki transferlar davrida umumiy summasi 170 million funt sterlingni tashkil qilgan to‘rtta jiddiy transferga qo‘l urdi. Bu borada manchesterliklar Premer-liganing barcha klublarini qo‘shib hisoblaganda ham ulardan katta mablag‘ sarfladi.

“Portu”dan yaqindagina 50 million funtga olingan Niko Gonsales “Manchester Siti” katta ehtiyoj sezayotgan Rodrining o‘rnini bosadi. Bu futbolchi manchesterliklarning kuchli to‘rtlikka kirishida asosiy figuralardan biriga aylanishi kutilyapti.

Himoya markazini kuchaytirish uchun taklif etilgan Abduqodir Husanov yangi jamoada debyutini nishonlab bo‘ldi. Lekin o‘zbekistonlik legioner kabi Niko Gonsalesga ham yangi ligaga moslashishi uchun biroz vaqt kerak bo‘lishi tabiiy.

Yangi kelgan o‘yinchilardan Umar Marmushning vaziyati yaxshiroq ekanini ta’kidlash lozim. Ko‘p va tez yuguradigan hujumchi Xosep Gvardiola o‘yin sxemasiga juda mos tushdi.

19 yoshli braziliyalik himoyachi Vitor Reys esa, kelajak uchun transfer qilingan o‘yinchi hisoblanadi va u hali tajriba to‘plashi maqsadga muvofiq.

Umuman olganda, Manchesterga olib kelingan o‘yinchilarning aksariyati yangi avlod vakillari hisoblanadi. Xosep Gvardiola bu gal jahon yulduzi darajasidagi nomdor futbolchilarni emas, balki iste’dodli yoshlarga ishonch bildirgani ispaniyalik mutaxassis sovrinlar uchun kurashni kelasi mavsumdan boshlashidan dalolat beradi, - deb yozdi Aleks Keble  premierleague.com saytida e’lon qilgan tahlilida.

Ta’kidlash joizki, bu to‘rtta yirik transfer fonida “shaharliklar”ning yana bir yangi o‘yinchisi sezilmay qoldi. “Manchester Siti” yanvar oyida “Nyu-York Siti”da tarbiyalagan 18 yoshli chap qanot himoyachisi  Kristian Makfarleynni erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib oldi. Bundan tashqari o‘tgan yilning boshida Argentinaning “River Pleyt” jamoasiga ijaraga jo‘natilgan 19 yoshli hujumkor futbolchi Klaudio Echeverri ham  Manchesterga qaytdi.

O‘z navbatida, “Manchester Siti” o‘z futbolchilaridan Josh Uilson-Esbrandni “Stok Siti”ga, Jeykob Raytni “Norvich”ga, tajribali himoyachi Kayl Uokerni “Milan”ga ijaraga jo‘natdi.

Fayzullaev sovrinlar uchun kurashmoqchi, Nikolich Abbosni xato uchun tanqid qildi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!