Ibrohim Yoʻldoshev: "Moslashuv qiyin boʻlmadi, barchasi koʻngildagidek"

  • 24.01.2026 11:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Andijon”ning Antaliya yig‘ini davom etmoqda. “Burgutlar” u yerdagi birinchi bosqichni yakunladilar va ikkinchi yig‘inga kirishadilar.

Klubning yangi a’zolaridan biri sanalgan Ibrohim Yo‘ldoshev kuni kecha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- “Andijon”ni yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonida bevosita ishtirok etyapsiz va ilk bosqichi yakuniga yetdi. Bu boradagi taassurotlaringiz nimalardan iborat?

- Yig‘inimizning birinchi bosqichi o‘ylaganimizdek yaxshi chiqdi. Kuniga ikki mahal mashg‘ulotlar o‘tkazib, yuklamalarni jiddiy oldik. Birinchi yig‘inda asosan jismoniy holatga e’tibor qaratildi. Endi ikkinchi yig‘inimiz boshida turibmiz. Bu yo‘g‘iga jamoaviy harakatlar, bir-birimizni tushunishni yaxshilab olamiz. Bilasizlarki, jamoamiz yangi va deyarli boshqatdan tashkil topyapti. Jamoa o‘zagi 85 foizga o‘zgardi, desak ham bo‘ladi. Shundan kelib chiqib tayyorgarlikni davom ettiramiz.

- Yangi klubga moslashuv jarayoni sizda qanday kechyapti?

- Moslashuvga keladigan bo‘lsak, yangi yig‘ilganimiz bilan baribir hammanni taniymiz. Qachondir bir-birimiz bilan birga o‘ynaganimiz. Qiyin bo‘lmadi, barchasi ko‘ngildagidek.

- Jamoada o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

- Erkin. Hammasi joyida.

- “Andijon” dastlabki uchta o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi va bunga qanday baho berasiz?

- Birinchi raqibimiz biroz kuchsizroq edi. Unda jismoniy holatimizdan kelib chiqib o‘ynadik. Ikkinchi va uchinchi uchrashuvlarda biz shakllanib bo‘lgan raqiblarga qarshi o‘ynadik. Ularda mavsumni eng avjiga chiqqan pallasi, kuchga to‘lgan paytlari. Ularga qarshi bahslarda biroz charchoq alomatlari bo‘ldi. O‘ylaymanki, yig‘in davomida bu narsalar ortda qoladi.

- Antaliyaga uchta so‘z bilan qanday ta’rif berasiz?

- Futbol uchun hamma sharoit bor. Ikkinchisi, jamoalarni yig‘indisi. Hamma davlatlarda har xil klublar bor. O‘zingizga moslashtirib raqib tanlasangiz bo‘ladi. Uchinchi si, yaratilgan shart-sharoitlar. O‘zbekistonda iqlim sovuqroq, qor yog‘moqda. Bu yerda bahoriy havo.

- Yangi mavsumga tobora oz fursat qolmoqda. Muxlislarni jamoadan umidi katta. Ular uchun nima deya olasiz?

- Kelishsin, qo‘llab-quvvatlashsin, birga g‘alabalarni baham ko‘ramiz, Xudo xohlasa.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!