
Ikki charm qo‘lqop ustamiz navbatdagi janglari uchun Vengriyaga yo‘l olishdi
26 aprel kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi "Folyondar Sports Hall" majmuasida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi.
Ahamiyatlisi, turnir doirasida ikki charm qo‘lqop ustamiz — Shohjahon Abdullaev hamda Komronbek Turg‘unboev ham ringga ko‘tariladi. Ayni shu daqiqalarda bokschilarimiz murabbiy Davron G‘ofurov va Ruslan Telimbaev hamrohligida turnir manzili tomon yo‘lga chiqishgan.
Ma’lumot uchun, 22 yoshli Abdullevga 26 aprel kungi jangida Venesuela vakili Ivan Matyut raqiblik qilsa, 21 yashar Turg‘unboev moldovalik Ivan Petrovga qarshi ringga ko‘tariladi.
Bu Shohjahon Abdullaev uchun prof boksdagi to‘rtinchi jang bo‘ladi. U bundan avvalgi janglarining barchasida raqiblaridan ustun kelgandi. Abdullaevning bo‘lajak raqibi — 31 yashar Matyut hisobida esa 31 g‘alaba, 20 ta mag‘lubiyat va 2 durang bor.
Yarim o‘rta vaznli Komronbek esa 2023 yilda prof boksda debyut qilib, Bogdan Utegenovni mag‘lub etgandi. Petrov (7-16-2)ga qarshi jang hamyurtimiz uchun professional faoliyatidagi ikkinchisi bo‘ladi.
Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Fikrlar