Irismetov mundialda pley-offga chiqish yo‘lini aytdi

  • 19.06.2026 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq futbolchisi Ja’far Irismetovning fikricha, yurtdoshlarimiz 2026 yildgi jahon chempionatida guruh bosqichida hatto birinchi o‘rinni egallash salohiyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, musobaqadagi ilk uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Guruh bosqichida qolgan ikki o‘yin Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoalariga qarshi o‘tkaziladi.

- Fabio Kannavaro, ehtimol, tarkib va taktikani keskin o‘zgartirmas. Biz qarshi hujumga juda yaxshi chiqyapmiz, to‘pni ushlab tura oladigan futbolchilarimiz bor, yaxshi hujumchilarimiz bor, masalan, Eldor Shomurodov. 

Shuningdek, chuqurroq zonalardan hujumga qo‘shiladigan, o‘yinni kuchaytirib beradigan yigitlarimiz ham yetarli, – deya ta’kidladi Ja’far Irismetov.

Irismetov bo‘lajak raqib Portugaliya yetakchisi haqida to‘xtalar ekan, jamoa bir kishiga emas, umumiy o‘yinga e’tibor qaratishi kerakligini aytdi.

- Ronalduni qanday to‘xtatish mumkin? Hozir u qay darajada ekanini aniq bilmayman. Menimcha, kattaroq xavf Bruno Fernandes va boshqa futbolchilardan keladi. 

Lekin baribir Ronaldo – bu Ronaldo. U o‘yin davomida unchalik ko‘zga tashlanmasligi mumkin, ammo bitta imkoniyatni golga aylantirishga qodir. Bu ishni juda yaxshi uddalaydi. 

Shuning uchun uni alohida nazorat qilish maqsadida bir futbolchini maxsus biriktirish shart, deb o‘ylamayman.

Biz jamoaviy o‘yinimiz bilan kuchlimiz. Agar biz portugaliyaliklarga katta bo‘shliq qoldirmasak, zich va intizomli o‘ynasak, ularni mag‘lub etishimiz, kamida maydonni ijobiy natija bilan tark etishimiz mumkin.

 To‘g‘risi, endi qo‘rqadigan, yo‘qotadigan narsamiz qolmadi – qanday sharoit bo‘lishidan qat’i nazar, ochko olishga harakat qilishimiz kerak. 

Eng muhimi – mag‘lub bo‘lmaslik, shundan keyin uchinchi o‘yinda ham ochko olish haqida o‘ylash mumkin. Albatta, Kongo ham oson raqib emas, – dedi Ja’far Irismetov.

Tajriba­li mutaxassisning fikricha, guruhdan chiqish uchun to‘rt ochko jamg‘arishning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin.

- To‘rt ochko olsak, guruhdan chiqishga yaxshi imkoniyat paydo bo‘ladi. Yo uchinchi o‘rindan, yo ikkinchi o‘rindan. Balki birinchi o‘rin ham qo‘limizdan kelar, – deya xulosa qildi Ja’far Irismetov. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!