
Ishlaydigan sxema yoxud an’anaga aylangan holat. "Liverpul" amalga oshirayotgan transferlar haqida
"Liverpul" UEFA Chempionlar ligasi chorak finalida "Benfika"ga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Portugaliyada o‘tgan bellashuvda "qizillar" 3:1 hisobida raqibdan ustun kelgandi. "Benfika"ning yagona goliga Nunes mualliflik qildi. Javob o‘yinida 3-3 hisobi qayd etildi. Portugallarning bir goliga yana Darvin mualliflik qildi. Klopp ushbu ikki bahsdan so‘ng shunday degandi:
- Juda ajoyib yigit, to‘g‘rimi? Shuningdek, o‘z ishining ustasi bo‘lgan futbolchi. Men u haqda faqat yaxshi gaplar ayta olishim mumkin. Uning nimalarga qodir ekanligini bilardim. U Konate bilan qiyin duellarda ishtirok etdi hamda vaziyatlarni sovuqqonlik va hotirjamlik bilan yakunladi. Agar u shunday tempda davom etsa, Nunesni katta marralar kutib turibdi.
Ayni vaqtda u Mersisayd klubi futbolchisiga aylanib ulgurdi. Bu an’anaga aylanib ulgurgan sxema. "Liverpul"ga gol urgan ayrim futbolchilar ko‘p o‘tmay shu klub futbolchisiga aylanmoqda. Keling, avval sodir bo‘lgan holatlar bilan tanishib chiqamiz.
Sadio Mane
Senegallik "Liverpul"dan oldin "Sautgempton"da o‘ynagani borasida ko‘pchilik bilsa kerak. U 2015/2016 yilda Klopp jamoasini anchagina qiynab qo‘ygan. Liga kubogida Manega hisobni ochish uchun 39 soniya kifoya qilgan. To‘g‘ri, yakunda uning jamoasi 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan, lekin APL doirasidagi ikki bellashuvda Sadio mersisaydliklarning qimmatli ochkolarini tortib olishga muvaffaq bo‘lgan. Safarda u jamoasi bilan 1:1 hisobidagi durangga erishgan bo‘lsa, o‘z maydonida o‘tgan o‘yinda kambek amalga oshirilgan. Dastlab, Klopp jamoasi 2:0 hisobida oldinga o‘tib olgan. Biroq yakunda Manening dubli hamda Gratsiano Pelle tomonidan urilgan gol evaziga Sent-Meris arenasi egalari g‘alaba qozongan.
Ko‘rsatilgan ajoyib o‘yinlardan so‘ng "Liverpul" uni ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, 3 oydan so‘ng o‘z safiga qo‘shib oldi. Mane o‘sha vaqtda afrikalik eng qimmat futbolchiga aylandi (34 million funt sterling).
Muhammad Saloh
Manening rekordini kelasi yilda Saloh yangiladi. Uni "Liverpul" 36.5 million funt sterlingga xarid qildi. Ushbu transfer nafaqat afrikalik, balki, o‘sha vaqtda klub tarixidagi eng qimmat transferga aylandi.
2016 yilning avgustida Muhammad mavsum oldi o‘rtoqlik uchrashuvida "Roma" safida "Liverpul"ga qarshi o‘yinda g‘alaba golini kiritgan. (2:1) Shundan so‘ng rimliklar uni "Chelsi"dan to‘liq sotib olgan. Biroq ular misrlik iqtidor egasini A Seriyada atigi bir yilga saqlab qola oldi.
Takumi Minamino

Klubga yaqin manbalarning yozishicha, "qizillar" o‘sha o‘yindan keyin tezda muzokaralarni boshlagan. Dekabrdagi javob uchrashuvi hammasi to‘g‘ri davom etayotganiga ishora qildi. U sheriklari uchun ajoyib vaziyatlar yaratdi. Ertasi kuni mashg‘ulotlarda Van Deyk va Xenderson Kloppga murojaat qilib, jamoa rahbarlaridan Minaminoni sotib olish borasida taklif bildirishini so‘radi. Bunga javoban nemis faqat kulib qo‘ydi. Sababi, muzokaralar allaqachon yakuniy bosqichda edi.
Luis Dias va Diogu Jota
O‘tgan yili kolumbiyalik futbolchi "Portu"da "Liverpul"ga qarshi ikki bor o‘ynagan. U har ikki uchrashuvda ham samarali harakatlar muallifiga aylana olmadi. Shunday bo‘lsa-da, Dias namoyish etgan futbol Kloppni hayrat osmoniga etakladi. Vinger qishda 37.5 million funt sterling evaziga "qizillar" safiga ko‘chib o‘tdi. O‘z o‘rnida Klopp portugaliyalik vinger borasida juda iliq fikrlar bildirdi.
- Luis Dias biz uzoq vaqtdan beri kuzatib kelayotgan ajoyib futbolchi. Joriy mavsum boshida uning qanchalik xavfli ekanligini, tezkorligini va fe’l-atvori orqali jamoasiga yordam bera olishini ko‘rdik. O‘ylaymizki, u bizning o‘yinimizga moslashish va Premer-ligada ham jismoniy va ruhiy tomonlama o‘sishga qodir futbolchi.
Diogu Jota bir marta portladi. 2019 yilda "Vulverxempton" "Liverpul"ni Angliya kubogining 1/16 final bosqichidayoq chiqarib yubordi. (2:1) Jota mazkur bellashuvda urilgan ilk golga assist vazifasini bajargandi.
"Liverpul" ayni vaqtda dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Bu klubga ko‘plab o‘yinchilar iqtidor sifatida keladi va yulduz bo‘lib etishadi. Bularning barchasi jamoada transfer siyosati yaxshi ishlayotganidan dalolat. Klopp kelganidan keyin "qizillar" himoyasi anchagina tartibli o‘ynaydigan bo‘lib qoldi. Bu mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish u qadar ham oson emas. Agar raqib jamoa safida kimdir bu ishni uddalasa, nemis mutaxassisi unga qoyil qolganini ta’kidlaydi va ko‘p o‘tmay o‘sha futbolchini "Liverpul" safida ko‘rib qolishimiz mumkin. Klopp yaratgan mexanizmni buzib yuborishga qodir o‘yinchilar uning o‘ziga kerak. Shunda mazkur mexanizm yana ham mukammallashadi.
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar