Isroil Madrimov navbatdagi jangi uchun kimni nishonga olgani yoxud amerikalik jurnalistlar hamyurtimiz bilan qiziqarli intervyu uyushtirdi

  • 14 avgust, 2020, 11:48
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Isroil Madrimov (5-0,5 KO) 15 avgust kuni (Toshkent vaqti bilan 16 avgust tongda) Erik Uokerga qarshi navbatdagi jangini o‘tkazadi. Amerikalik jurnalistlar bevosita ZOOM tarmog‘i orqali Madrimov bilan suhbat qurdi.

Tecno

Quyida, ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz. 

- Divizion ravnaqi uchun qo‘shayotgan hissangiz tufayli, atrofingizda hayratlanish holatlari juda ko‘p. Aytingchi, o‘z vazn toifangizdagi etakchi bokschilardan alohida ajralib turadigan jihatingiz nimada?

- Ringda men doimo kuchli jang ko‘rsatishga va boshqalardan ajralib turishga harakat qilaman. Shunchaki, yaxshi boks tushishga urinaman. Shu xolos.

 - Biz bilgan qaysi bokschilar siz uchun namuna bo‘lgan?

 - Vasiliy Lomachenko va Gennadiy Golovkin. Bu bokschilarni juda hurmat qilaman va men ham ularga o‘xshab harakat qilishga intilaman. Menga Lomachenkoning oyoq harakatlari yoqadi. Golovkinda esa kuchli zarba bor.

- Erik Uoker haqida nimalarni bilasiz? Uning va sizning uslubingiz bir-biriga mos keladimi?

- Uoker yaxshi bokschi va juda tez harakat qiladi. Nima bo‘lishini ringda ko‘ramiz. Barchasi ringda hal bo‘ladi.

Havaskor boksdagi ajoyib faoliyatingiz professional yo‘nalishda yordam berdimi? Chunki hozir profida tajribali raqiblarga qarshi jang olib bormoqdasiz?

- To‘g‘ri, havaskor boksda juda ko‘p jang o‘tkazganman. Bundan tashqari, WSB ya’ni, yarim professional yo‘nalishda ham jang qilganman. Bu ham juda katta yordam bermoqda.

- Siz eliminator jangida ringga ko‘tarilasiz. Aytingchi, qachon jahon chempionligi va barcha yo‘nalishlarda titul uchun chempionlik janglarini o‘tkazasiz?

- Men har doim tayyorman. Agar, muhim chempionlik janglarini berishsa, chiroyli va tomoshabop boks namoyish etishga harakat qilaman.

 - Charli Navarro va Erik Uokerga qarshi janglarning farqi nimada?

 - Charli juda baquvvat bokschi edi. Men buni kutmagan edim. Navarro qulay va u qadar tezkor emasdi.  Uoker esa juda tez va noqulay raqib.

- Amaldagi jahon chempionlari: Erislandi Lara, Jermell Charlo, Xeyson Rosario haqida qanday fikrdasiz?

- Juda ajoyib bokschilar. Lara qanday harakatlanishini hamma biladi. U o‘z maktabiga ega, juda tezkor bokschi. Charloning zarbasi juda kuchli va xavfli. Rosario haqida hozircha ko‘p ham bilmayman. Ammo u chempion va uning o‘ziga xos uslubi bor.

- Jangda omad. Siz allaqachon WBA reytingida ikkinchi raqamdasiz... Sizni titul uchun juda tez olib kelishmadimi va siz muhim chempionlik jangi uchun tayyor bo‘lasizmi?

 - Rahmat, buni eshitganimdan xursandman.  Men professional yo‘nalishdagi debyut jangimdanoq chempionlik jangiga tayyorlanishni boshlaganman. Chempionlik jangiga qadar tajriba to‘plab bormoqdamiz. Agar, ular bunday jangini berishgan taqdirda ham, hech qanday muammo bo‘lmaydi.

- 6 haftadan so‘ng, Charlo-Rosario o‘rtasida kamarlarni birlashtiruvchi jang bo‘lib o‘tadi. Mazkur to‘qnashuv haqidagi fikringiz qanday? Agar g‘alaba qozonsangiz, unda siz qaysi kamar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vogarga aylanasiz: WBA yoki WBA Super?

- Savolingiz uchun rahmat. Charlo - Rosario? Menimcha, Charloning g‘alaba qozonish uchun imkoniyatlari juda ko‘p. Uning kuchli zarbasi bor. Ammo bu boks, har qanday narsa bo‘lishi mumkin. Balki Rosario uni to‘xtatib qolar. Ko‘ramiz, lekin juda yaxshi jang bo‘lishi aniq. Menga kelsak, biz ko‘proq Erislandi Larani nishonga olyapmiz.

 - Pandemiya paytida Indioda qoldingizmi?

 - Yo‘q. O‘zbekistonda edim. Keyin bu erga keldim va mashg‘ulotlarni boshladim.

- Indioda bo‘lsangizda, sizning atrofingizda o‘zbeklarning borligi uchun qandaydir ustunlikni his qilyapsizmi?

 - Ha, do‘stlarim bilan birga yashaymiz va tayyorgarlik ko‘ramiz. Butun jamoa bilan iliq munosabatlarga egamiz. Murabbiylar, Joel Dias hamda Antonio Dias bizga o‘zining yaqinlari kabi qarashadi. Menga bu munosabat juda yoqadi. Oldimda doimo do‘stlarim bo‘ladi.

 - Ha, bu siz uchun muhim omil. Omad tilayman!

- Rahmat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!