"Iste’foni kutmagandim, biz isbotlay oldik, endi Ispaniyaga qaytib sharhlovchilik qilaman". "Surxon"ni tark etgan Lopes suhbatda dilidagi gaplarni aytdi

  • 7 sentabr, 2022, 08:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

“Surxon” klubi ispaniyalik mutaxassis Anxel Lopes bilan hamkorlikni to‘xtatgani haqida bir necha kun ilgari saytimiz orqali xabar bergandik.

Tecno

Biz esa Lopes bilan suhbatlashishga kelishib olgandik. Chunki “Surxon” bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarilgani sababli ispaniyalik mutaxassisga beradigan savollarimiz bor edi.

Nihoyat, murabbiyning o‘zi Sports.uz uchun intervyu berishga tayyorligini bildirdi.

- “Surxon”ni tark etishingiz AGMKga uchralgan mag‘lubiyat bilan bog‘liqmi yoki bu erda boshqa gap bormi?

- Birinchi navbatda aytib o‘tishim kerakki, men O‘zbekistondagi tajribadan rohat oldim. Bu juda qiyin loyiha bo‘ldi. Men bu erga mavsumoldi tayyorgarlikning o‘rtasida etib keldim. Futbolchilarni o‘zim tanlay olmadim. Biror marta ham o‘z uyimizda futbol o‘ynay olmadik. Biz doim Termizdan tashqarida o‘ynadik. Afsuski, o‘z muxlislarimiz qarshisida to‘p tepa olmadik. Biz juda yaxshi o‘ynadik, zamonaviy futbol namoyish etdik. Doim raqiblarimizga nisbatan raqobatbardosh bo‘lishga harakat qildik. Menimcha, biz buni uddaladik. Aminmanki, jamoamiz bilan to‘g‘ri yo‘lda edik va o‘z maqsadlarimizga erishishga imkoniyatlarimiz bor edi. Shunchaki, bizga ko‘proq vaqt va biroz sabr kerak edi. “Surxon”ning barcha futbolchilari menga juda chuqur ishonch bildirishgandi. Shu bois ham men uchun ushbu loyihani to‘xtatish qiyin. Ammo baribir qarorni qabul qilishni o‘rganishim kerak. Albatta, loyihada ishlashni davom ettirishni xohlardim. Yana “Surxon”da faoliyat olib borishni juda istagandim. Ammo rahbariyat meni iste’foga chiqarishga qaror qildi.

- Albatta, siz klubdan ketishni istamagandingiz. Biroq rahbariyat siz bilan hamkorlikni to‘xtatishni lozim topdilar. Ularning bunday munosabati sizni qanchalik hayron qoldirdi?

- Ha, men kutmagandim. Chunki bu erga katta loyiha uchun kelgandim. Futbolda siz qandaydir boshqacha narsa qurmoqchi bo‘lsangiz bu ko‘proq vaqtni oladi. Biz rostdan ham yaxshi o‘ynayotgandik. Holbuki, tarkibimiz unchalik yaxshi holatda ham emasdi. Futbolchilar bilan kundalik yashash sharoitimiz ham u qadar havas qiladigan darajada emas. Lekin jamoam qay holatda o‘ynaganidan faxrlanaman.

anxel

- O‘rningizni Hamidjon Aktamov egallashi haqida gap-so‘zlar yuribdi...

- Men bilmayman. Bu haqida klubdan so‘rashingiz kerak.

- Haqiqiy murabbiy ekaningizni Baxtiyor Qosimovni chinakam futbolchi qila olganingizdan bildim. Chunki bungacha ushbu o‘yinchining faoliyatida o‘sish kuzatilmagan va asosan quyi ligada o‘ynab yurgandi. Qo‘l ostingizda esa u katta o‘sishga erishib, legionerga ham aylandi. Men faqat bitta misolni keltirdim xolos. Bu erdagi ishingiz o‘zingizga ham yoqdimi?

- Men juda xursandman. “Surxon” futbolchilarini fevralda tahlil qilgandim va hozirgi holati bilan solishtirganimda ularda katta o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu albatta bizning qattiq mehnatimizning samarasi edi. Menda katta maqsadlar bor edi, xuddi Baxtiyor Qosimovnikiga o‘xshagan. Ularni yaxshiroq klublarga va hattoki, Ispaniya jamoalariga sotib klubimizga yanada yordam bermoqchi edim. Ammo barchasi mana shu erda tugadi.

- O‘zingiz uchun nimani kashf qildingiz?

- Men juda ham rohat oldim. Fikrimcha, bu juda yaxshi va sifatli chempionat. Bu mening Osiyodagi uchinchi tajribam bo‘ldi. O‘ylashimcha, ajoyib mamlakatni o‘zim uchun kashf eta oldim. Bu erda futbol yuqori darajada ekanligi va mahalliy futbolchilarning bu qadar yaxshi darajada futbol o‘ynashi meni hayron qoldirdi.

anxel4

- Keyingi rejangiz qanday? Oldingizda aniq takliflar bormi yoki biroz dam olasizmi?

- Hozirda Ispaniyaga qaytib ketyapman. Futbol o‘yinlarini tomosha qilish hamda ularni tahlil qilishda davom etaman. Ispaniyadagi futbol mediasi bilan doimiy hamkorlik qilaman. Ularda sharhlovchi sifatida ishlayman. Umid qilamanki, yana tez orada murabbiylik faoliyatiga qaytaman.

- “Surxon”ning keyingi taqdiri haqida nima deya olasiz?

- Aminmanki, jamoa chempionatda o‘z o‘rnini saqlab qoladi va Superligadagi ishtirokini davom ettiradi.

- Yana o‘zbek futboliga qaytish niyatingiz bormi?

- Albatta, o‘z faoliyatimni shu erda davom ettirishni juda xohlagan bo‘lardim. Hozirda fevralda kelganimdan ham ko‘ra tayyorman. Chunki men isbotlay oldim va barchaga zamonaviy futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsata oldik. Yaxshi darajada o‘ynayotgandik. Hattoki, top-klublarga qarshi barqaror o‘yin namoyish eta oldik. Ushbu barqarorlikni yo‘qotib qo‘yganimiz yo‘q. Shu tariqa, men O‘zbekistonda muvaffaqiyatli loyihani kuchaytira olishda imkoniyatim borligini ko‘rsata oldim. Biz yuqori pressingli hujumkor futbol o‘ynadik va doim tavakkalchilik qilib turdik. Jamoamizning kuchli uslubi bor edi. G‘oyalarimiz ham shunga yarasha kuchli edi. O‘ylashimcha, mahalliy futbolchilar bizning o‘yin uslubimizdan xursand edilar.

anxel3

- Agar sizdan O‘zbekiston haqida so‘rashsa nima deb javob berasiz?

- Bu yuqori darajadagi futbol. O‘yinlar doim zamonaviy futbolni o‘rganishga chanqoq holatda bo‘ldilar. O‘zbekiston odamlari nihoyatda mehribon.

- Muxlislar uchun qanday gaplaringiz bor?

- “Surxon” klubida ishlayotgan paytimda Termizda o‘ynab, mahalliy muxlislarni xursand qilish va Termizdagi o‘yinlarda rohat olish imkoniyatiga ega bo‘lmaganimdan juda ham afsusdaman. Umid qilamanki, tez orada klub o‘z stadionini ta’mirdan chiqaradi va jamoa Termizda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘z maydonida o‘ynab jamoa yanada rivojlanishini xohlagan bo‘lardim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Олға насаф
07/09/2022 09:11
Ҳақиқатан ҳам яхши мураббий эди. Менимча бошқа мураббий Сурхонни бу даражада кўтара олмаган бўларди. "Сурхон"га омад тилаймиз.
Ungboev Jamshid
07/09/2022 16:46
Bekor qilishdi Lopesga vaqt berish kerak edi
араббаевич давлат
07/09/2022 11:52
Сурхонга омад.
Baxil Alihuja
07/09/2022 19:20
Бизга айнан Лопесга ухшаш мураббийлар керак! Зико ва пахтаойга келган македония, черногориялик, бразилиялик бошка ахлат тренерлар эмас! Айнан уйинчиларимизни хорижга реклама килиб сотадиган мураббий керак. Ана шунда футбол усади.