"Istiqlol"dan ketish rejamda yo‘q edi, mundialda qanday raqiblar bo‘lmasin guruhdan chiqamiz" - Jaloliddin Masharipov bilan suhbat

  • 11 iyul, 16:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Eronning “Istiqlol” klubi futbolchisi Jaloliddin Masharipov yozgi ta’tilni tugatib, fors yurtiga jo‘nab ketgan.

Tecno

Hamyurtimiz u erda “Istiqlol” ixtiyoriga qaytgan holda yangi mavsum uchun tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Masharipov bilan bog‘landi.

- Sizni ham orzuingiz amalga oshdi va milliy terma jamoamiz bilan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdingiz. Mundial ishtirokchisiga aylanganimizdan keyin hayotingizda qanday o‘zgarishlar sezyapsiz? Eronga, klubingizga qaytganingizda ular qanday reaktsiya bildirishdi?

- Avvalambor, barcha O‘zbekiston xalqini jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan tabriklayman. Jahon chempionatiga chiqqanimizdan keyin nimalar o‘zgardi? Birinchi navbatda juda ham xursandman, katta tarixga kirganimdan. Klubdoshlarim, rahbariyat menga mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimizdan so‘ng tabriklar yozilgan smslar jo‘natishdi, sizlarni jahon chempionatiga chiqqaninglar bilan xursandmiz, baribir O‘zbekiston kuchli jamoa, deya barcha tabrikladi. Endi O‘zbekistonda ham ko‘chalarda bemalol yuribmiz. Kim ko‘rsa yutug‘imiz bilan muborakbod etishib xursandchiligini yashirishmayapti. Bundan o‘zimiz ham albatta mamnunmiz. Futbolchi bo‘lib turib ko‘chalarda bemalol yuribmiz. Oldin esa odamlar qachon mundialga chiqamiz deb so‘rashardi. Baribir ko‘chada yurganimizda ham shu narsa biroz bosim bo‘lib turardi. Hozir esa oilaviy, do‘stlar davrasida ham ko‘cha-kuyda bemalol yuribmiz. Muxlislar ko‘rib qolishsa ham hurmat qilib tabriklashyapti. Bundan boshim osmonga etyapti. Katta tarixga kirganimdan nihoyatda xursandman.

- Yaqingacha ham sizni O‘zbekiston chempionatiga qaytishi mumkin, jamoasini o‘zgartiradi, degan gap-so‘zlar yangradi. Ko‘rib turibmizki, siz yana "Istiqlol”dasiz. Rejangiz yana ushbu klubingiz bilan bog‘liqmi?

- Har doim transfer oynalari ochilgan paytda menda O‘zbekiston klublaridan va Qatar hamda BAAdan takliflar bor edi. Lekin hali “Istiqlol”dan ketish rejam yo‘q edi. Hali hech kimga hech nima aytmay turgandim. O‘zbekistonni 3-4 ta klubi takliflar bilan chiqishdi. Erondagi vaziyat tufayli balki qaytarsan deyishdi. Shunaqa muammo bo‘lgan taqdirda ham menimcha Qatar yoki BAAga ketgan bo‘lardim. Chunki aytganimdek, u erlardan ham takliflar bor edi. Har doim transfer oynasi ochilganida o‘zbek jamoalari aloqaga chiqishadi, qaytish rejang bormi deb so‘rashadi, biz tayyormiz deb aytishadi. Bundan xursandman. Nimagaki, hammaga kerak ekanligingiz - bu yaxshi deb o‘ylayman. Ularga hozir shartnomam bor yoki rejalarim yo‘q deb tushuntiraman, bir-birimizni hurmat qilamiz.

- “Istiqlol” klubi OChL 2 da qatnashadi.”Andijon” bilan bir savatchadan joy oldi. Bu esa bir guruhga tushmaydi degani. Umuman, OChLning yangi mavsumida O‘zbekistondan “Nasaf” va “Andijon” qatnashadi. Jamoalarimizdan nima kutyapsiz? Ayniqsa, debyutini o‘tkazadigan “Andijon” haqida nima deya olasiz?

- O‘ylashim bo‘yicha OChL juda qiziqarli bo‘ladi, “Istiqlol”, “Andijon” va “Nasaf” uchun ham. “Andijon” birinchi marta ishtirok etadi. Lekin muxlislari qo‘llab-quvvatlashi bilan “Andijon” yaxshi o‘yin ko‘rsatib, yurishini ijobiy davom ettiradi, deb o‘ylayman. OChLda Osiyo klublariga qarshi o‘ynagan paytda nafaqat andijonliklar, balki butun O‘zbekiston “Andijon” jamoasiga muxlislik qiladi. Bu xalqaro musobaqa, ichki chempionat emas. “Andijon”ga omad tilayman. “Nasaf” OChLda tajribali. Qarshiliklarni ham yaxshi ishtirok etishadi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, eski klubim – “Al-Nassr” ham bor. Bu safar Ronaldu bilan juda qattiq yurish qilishadi. Chunki “Al-Nassr” yanada kuchli o‘yinchilarni qo‘lga kiritmoqchi. Shu bois bu safargi musobaqa juda ham qiziqarli bo‘ladi. Bundan tashqari, Eronda “Istiqlol” jamoamizni ham muxlislarimiz ko‘p. Maqsadimiz OChLda chempion bo‘lish. 

- Shuningdek, yaqinda andijonlik muxlislar orasida siz haqingizda yana bir xabar chiqdi. Masharipov “Andijon”ga o‘tishi va yordam berishi mumkin ekan, degan xabarlarga ko‘zimiz tushdi...

- Ha, o‘zim ham “Andijon” muxlislari so‘raganini eshitdim. Ushbu jamoa ishqibozlarini qattiq hurmat qilaman. Oxirgi 3-4 yil ichida “Andijon” muxlislari o‘zbek futboliga katta effekt berishdi. Buni albatta aytib o‘tish kerak. Nimagaki, klubini yaxshi qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘tgan yili O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishdi. Terma jamoa o‘yinlarida ham ajoyib tarzda qo‘llab kelishyapti. Bundan xursandman. Andijonlik ancha-muncha muxlislar bilan aka-uka bo‘lib oldik. Barcha andijonlik ishqibozlarga katta rahmat va qo‘llab-quvvatlashda davom etishsin. Biz ularni hurmat qilamiz. Lekin o‘zimga “Andijon” klubidan hech kim aloqaga chiqqani yo‘q. Meni kelishimni faqat jamoa muxlislari xohlashdi.

- Milliy terma jamoamizni mundialga chiqishida sobiq bosh murabbiy Srechko Katanetsning ham hissasi katta. Kelasi yili bo‘ladigan jahon chempionatida uning terma jamoamiz murabbiylar shtabida bo‘lishini ko‘pchilik xohlashmoqda. Siz nima deysiz?

- BAA bilan o‘yindan keyin echinish xonasida hamma xursandchilik chog‘ida men Katanetsga qo‘ng‘iroq qilinglar dedim va u bilan aloqaga chiqdik. Srechko bilan gaplashdim. 10 iyun kuni Qatarga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda sizni kutamiz deb aytdim. O‘yinda bo‘lishingizni xohlaymiz, chunki termamizni mundialga chiqishida eng ko‘p sizni hissangiz qo‘shilgan dedim. Baribir hamma sistemani joy-joyiga qo‘yib ketgan shu. Katanets biz bilan birga bo‘lsa bu yaxshi. U hammani biladi. Timur Kapadze bilan ikkalasi maslahatlashib ish olib borsa yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu yurish terma jamoamiz uchun faqat yaxshi tarafga yuradi. Katanets bo‘lsa biz ham terma jamoa bilan birga xursand bo‘lamiz.

- Eron chempionatida yana futbolchilarimiz ko‘payib boryapti. Masalan, Rustam Ashurmatov ham “Istiqlol”ga o‘tdi va yana boshqa o‘yinchilarimizga ham qiziqishyapti. Bu nimadan darak? Siz, Oston O‘runov kabilarning u erda ko‘rsatgan o‘yinlari tufayli futbolchilarimizga qiziqish yanada ortganmi?

- Albatta, 100 foiz men bilan O‘runovni u erda ishtirok etganimiz va bundan  tashqari O‘tkir Yusupovni ham o‘zini ko‘rsatgani yaxshigina rol o‘ynaydi. Uchalamiz ham terma jamoamiz a’zolarimiz. O‘z klublarimizda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib muxlislarning ko‘nglidan joy olib kelyapmiz. Terma jamoa o‘yinlari paytida ham Eronga qarshi uyda yoki safarda o‘ynaymizmi, qo‘rquv yo‘q, hattoki ulardan ustun o‘ynagan o‘yinlarimiz ham bo‘ldi. Eron O‘zbekistonda kuchli futbolchilar ko‘pligini bilib turibdi. Ashurmatov ham qo‘shildi. Katta ehtimol bilan Odil Hamrobekovni ham Eron chemmpionatiga kelishi kutilmoqda.

-  Milliy terma jamoamizni jahon chempionatidagi ishtirokini qanday tasavvur qilyapsiz va nima kutyapsiz?

- Xudo xohlasa, qanaqa raqiblar tushishidan qat’iy nazar guruhdan chiqamiz, deb o‘ylayman. Nega deganda, hozirda bizda juda yaxshi shakllangan terma jamoamiz bor. Hamma sog‘-salomat bo‘lib tursa, jahon chempionatida chiroyli yurishlarni amalga oshirib, o‘yinlarimiz va g‘alabalarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilamiz. Mundialga chiqdik degani u erga borib aylanib, shunchaki guruhda o‘ynab kelamiz degani emas. Niyatimiz guruhdan chiqish. Bunga hamma narsamiz etarli, kuchimiz ham, aqlimiz ham. Bundan tashqari, muxlislarimiz bizni qo‘llab-quvvatlash uchun borishadi. Butun O‘zbekiston xalqi bizni qo‘llashini yaxshi bilamiz. Birinchi qiladigan ishimiz guruhdan chiqish, albatta. U yog‘iga yanada yaxshi emotsiyalar bilan, ishtiyoq ochilib ketib, chiroyli natijalar ko‘rsata olamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Фидойи
11/07/2025 21:53
Эрондаги уйинчиларги хаммаси узб терма жамода уйнашади. Бу эрон командалари учун фойдали томонлари бор. Масалан ЖЧга катнашган хар бир терма жамони уйинчиларини уйнаетганкомандасига. Жч ташкилотчиоари томонидан пул утказиб беради