
Ja’far Irismetov: "Yigitlarimiz bu chempionatni yutishga qodir"
Qatarda o‘tayotgan U23 Osiyo Kubogining 2-turida terma jamoamiz Quvaytga qarshi maydonga tushdi.
Dastlabki turda g‘alabani qo‘lga kiritgan Timur Kapadze boshchiligidagi vakillarimiz bu safar ham muxlislarni xursand qilishdi va raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldilar.
Shubhasiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi musobaqaning asosiy favoritlaridan biri ekanini ko‘rsatmoqda. Muxlislar yaxshi bilgan mutaxassislarimizdan biri Ja’far Irismetov terma jamoamizning dastlabki ikkita o‘yini va imkoniyatlar xususida gapirdi.
“Futbolchilarimiz muvozanatni yo‘qotmasdan to‘p surishyapti”
“Olimpiya terma jamoamizning ikkita o‘yinini ko‘rdim. Hali biror narsa deyish qiyin. Chunki raqiblarni bo‘sh desa ham bo‘ladi. Bular munosib raqiblar emas. Ammo xursand qilayotgan tarafi shuki, raqiblar bo‘shroq bo‘lishiga qaramasdan futbolchilarimiz o‘yin muvozanatini yo‘qotmasdan to‘p surishyapti. 100 foiz e’tiborni jamlagan holda yaxshi o‘yin namoyish qilishyapti. Bo‘shashmasdan keyingi uchrashuvlarda ham yaxshi natijalar ko‘rsatishsa xursand bo‘lamiz. Butun O‘zbekiston qo‘llab-quvvatlab turibdi. Raqibni mensimaslik holatlari kuzatilmayapti va shu tomoni xursand qilyapti”.
“Terma jamoamiz Olimpiadaga chiqishga haqli”
“To‘g‘risini aytsam, biz eng yaxshisini kutyapmiz. Chempion bo‘lsa, o‘z-o‘zidan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Albatta, chempionlikni qo‘lga kiritishi muhim. Boshqa termalarni ham ko‘ryapman. Biroq u qadar yorqin ko‘rinishmayapti. Janubiy Koreya, Yaponiya kabilar chakki emas. Lekin ko‘pi bo‘shroq. Osiyo chempionatiga kuchsizroq bo‘lib kelishgandek, go‘yo. To‘g‘ri, terma jamoamiz nisbatan kuchli ko‘rinyapti. Lekin har galgidek nimadir etmay qolmasin deb aytyapmanki, yigitlarimiz har bir bahsda oxirigacha muvozanatni saqlagan holatda o‘ynashlari kerak. Mana shunday, g‘alabaga oxirigacha ishonib o‘ynasa albatta natija bo‘ladi. Terma jamoamiz Olimpiadaga chiqishga haqli. Musobaqada 1-o‘rinni oladimi yoki yo‘qmi, Olimpiadaga chiqsa xursand bo‘lamiz. Lekin chempionlikni qo‘lga kiritib Olimpiadaga yo‘l olsa, ikki hissa xursandchilik bo‘ladi”.
“Fayzullaev va Xusanovning kelishi jamoamizni yanada kuchaytiradi”
“Ha, Fayzullaev bilan Xusanovning kelishi jamoamizni bundan-da kuchaytiradi. Hamma O‘zbekistonni favorit deb hisoblamoqdalar. Lekin bu futbol. Guruhda qandaydir bo‘shashlik bo‘lishi mumkindir, ammo pley-offda...Mana, “Real” bilan “Manchester Siti” o‘yinini ko‘rdingiz-ku! “Manchester” 100 daqiqa to‘pni nazorat qilgani bilan baribir yutqazib qo‘ydi. Shuning uchun futbolchilardan muvozanatni yo‘qotmaslikni so‘ragan bo‘lardim. Buni yigitlarni o‘zlari ham, Kapadze ham yaxshi biladi. O‘yinchilarimizda hamma narsa bor. Jismoniy va texnik tarafdan ham tayyorlar. Menimcha, yigitlarimiz bu chempionatni yutishga qodir”.
“Bizga raqibni farqi yo‘q”
“Keyingi bosqichda bizga kim raqib bo‘lishini farqi yo‘q. Nima bo‘lganda ham g‘alaba qozonishda davom etsak va Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritsak bo‘lgani. Bu yo‘lda terma jamoamizga omad tilaymiz”.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar