
Jahon chempionati startiga qadar 31 kun! Bu gal Mane boshchilik qilayotgan, sardori Kulibali bo‘lgan Senegal haqida gaplashamiz
Qatar mezbonligidagi Jahon chempionati startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Biz o‘z odatimiz bo‘yicha mazkur mundialda ishtirok etadigan jamoalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Demak, JChga 31 kun qolgan bir paytda "A" guruhining 3-jamoasi - Senegal haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashamiz. Bungacha mezbon Qatar hamda Ekvador to‘g‘risida suhbatlashgandik.
Jamoa haqida
Senegal terma jamoasi, Senegal futbol federatsiyasi (FSF), laqabi - "Teranga sherlari".
Tashkil topgan yili: 1960 yil (FIFAna 1964 yilda a’zo bo‘lgan)
Bosh murabbiyi: Aliu Sisse
Jamoa sardori: Kalidu Kulibali
Ilk rasmiy uchrashuvi: Benin - Senegal 2:3 (1961)
Eng yirik g‘alaba: Senegal - Mauritaniya 10:1 (1972 yil)
Eng yirik mag‘lubiyat: Gvineya - Senegal 5:0 (1966 yil).
Senegalliklar ayni paytda FIFA reytingida 18-pog‘onani egallab turibdi. Bu jamoa tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Eng yomon natija esa 2013 yilga to‘g‘ri keladi, o‘shanda ular 99-o‘ringacha tushib ketgan.
"Teranga sherlari" ilk bor 2002 yilgi Jahon chempionatida qatnashgan. Janubiy Koreya va Yaponiya mezbonlik qilgan o‘sha mundialda afrikaliklar o‘ta muvaffaqiyatli ishtirok etgan va o‘zlarining eng yaxshi natijasini qayd etgan, chorak final.
Sisse shogirdlari ayni paytda rasman Afrikaning eng yaxshi jamoasi hisoblanadi. Ular o‘tgan yili o‘tkazilgan Afrika Millatlar kubogi finalida Misrni mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqqan.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Senegalliklar Qatarga o‘z qit’asining eng kuchli termasi sifatida tashrif buyuradi. Bu ham ularning zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi turgan gap. Turnir davomida biror marta mag‘lubiyatga uchramagani ham buning isboti bo‘lishi aniq.
Bundan tashqari, Mane boshchiligidagi tarkib ruhiya tomondan ham ancha kuchli sanaladi. Ular ketma-ket ikki bor Misrni penaltilar seriyasida enggandi.
Shundan so‘ng Senegal o‘tkazilgan 7 uchrashuvning 3 tasida g‘alaba qozondi, yana shuncha bahsda durang o‘ynadi. Faqatgina Janubiy Afrika Konsulligi kubogi yarim finalida Zambiyaga imkoniyatni boy bergan, 3:4.
Oxirgi bahsini qit’amiz etakchilaridan biri Eronga qarshi o‘tkazgan senegalliklar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekkan. JCh startiga qadar Sisse shogirdlari Qozog‘iston milliy terma jamoasiga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushishi kutilmoqda. Bahs sanasi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Tarkib
Jahon chempionatiga boradigan futbolchilariga e’tibor qaratsak, anchagina katta nomlarni ko‘rishimiz mumkin. Sadio Mane, Kalidu Kulibali, Ismaila Sarr, Abdu Diallo kabi nomlarning o‘zi ham ularning qanchalik qudratli ekanini ko‘rsatib turibdi. Jamoaning umumiy transfer qiymati ham kattagina - 286,5 million evro.
JCh-2022'dagi taqvimi
Senegal Qatardagi Jahon chempionatining "A" guruhida, tartib bo‘yicha 3-jamoa sanaladi. Ularning taqvimi quyidagicha:
21 noyabr
Senegal - Niderlandiya
25 noyabr
Qatar - Senegal
29 noyabr
Ekvador - Senegal.
Fikrlar