
Jahon chempionatida qatnashgan shaxmatchilarimiz pul mukofotlarini qabul qilib oldi (foto)
Xabaringiz bor, 2021 yil 26-30 dekabr kunlari Polshaning Varshava shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha rapid va blits yo‘nalishlaridagi FIDE jahon chempionatida hamyurtlarimiz munosib ishtirok etishdi.
Jumladan, nufuzli musobaqaning rapid yo‘nalishida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov barcha raqiblarini ortda qoldirgan holda jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘ldi. Shu bilan birga u dunyo tarixidagi eng yosh jahon chempioniga aylandi. Yana bir hamyurtimiz Javohir Sindarov esa blits yo‘nalishida ancha yuqori bo‘lgan 8-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, mazkur jahon chempionatida munosib ishtirok etgan terma jamoamiz a’zolari Turizm va sport vazirligi tomonidan mukofotlanishdi. Jumladan, Nodirbek Abdusattorov 250 million so‘m, uning trenerlari Dmitriy Qayumov (marhum) hamda Jahongir Vohidovlar 100 million so‘mdan, Javohir Sindarov 50 million so‘m va nihoyat Shamsiddin Vohidov 25 million so‘m miqdoridagi pul mukofotiga loyiq ko‘rilishdi.
Bugun shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionati qahramonlari Turizm va sport vazirligida tegishli pul mukofotlarini qabul qilib oldilar. Umid qilamizki, bu rag‘bat shaxmatchilarimizga kuchli motivatsiya berib, ularni yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar