Jahongir Mehmonovning "Navbahor"dan nega ketgani, bir yillik kelishuv va qulay taklif haqida

  • 9 fevral, 2020, 11:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Termizning “Surxon” klubi yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tarkibini yanada kuchaytirib bormoqda. Ayniqsa, “Navbahor”dan bir qator etakchi bo‘lgan futbolchilarni jalb qilishmoqda. Aytaylik, bunga qadar namanganliklar sharafini munosib himoya qilib kelgan Jahongir Mehmonovni tilga olishimiz mumkin. “Navbahor”da jamoa sardori sifatida ham faoliyat olib borgan himoyachi endilikda Termizning “Surxon” jamoasida to‘p suradi. Avvaliga uning bu klubga o‘tish yoki o‘tmasligi ham ayrim muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Boisi avvaliga Mehmonovning rasman “Surxon”ga o‘tganligi haqida xabar chiqqandi. Lekin darhol futbolchi bunga munosabat bildirib, hali “Navbahor”dan ketmaganini ma’lum qilgandi. Shunga qaramasdan oradan biroz vaqt o‘tganidan keyin Jahongirning baribir “Surxon” a’zosiga aylanganligi rasman o‘z tasdig‘ini topdi. Shundan keyin futbolchi termizliklarning mashg‘ulotlarida qatnasha boshladi.

Tecno

- Bungacha faoliyatimni vodiyda o‘tkazib keldim. Endi esa oldingidek yosh emasmiz, - deya gap boshladi, Mehmonov. - Ozmi-ko‘pmi, professional futbolchiga aylandik. Qaerda yaxshi taklif bo‘lsa, o‘shani ko‘rib chiqamiz. Inkor etmayman, menga xorijdan ham aniq takliflar bo‘lgandi, ammo ular bilan kelisha olmadik. Bu borada Malayziya, Tailand, Indoneziya va arab klublaridan qiziqishlar bor edi. O‘zimizning klublardan ham takliflar bo‘lgani rost. Lekin “Surxon” menga aniq va jiddiy taklif bilan chiqqani uchun o‘zimni u erda sinab ko‘rishga qaror qildim. Endi qo‘limizdan kelganicha yangi jamoamga yordam berishga harakat qilaman. Bu yil “Surxon”ning maqsadlari katta.

Chindan ham Mehmonovning oldida chetdan ham variantlar bor edi. Shu bois uning legioner maqomiga aylanishi hech gap emasdi. Balki u moliyaviy va yana ayrim masalalarda kelisha olmagandir. Biroq “surxon”dagilar uning ko‘ngliga yo‘l topa oldilar. Demak, bundan chiqdi, Jahongirga moliyaviy tomondan yaxshigina taklif bildirishgan bo‘lishsa ajab emas. Buni futbolchining o‘zi ham tasdiqlab shunday dedi:

- Albatta, menga “Surxon”dagilar boshqalardan ko‘ra yaxshiroq taklif bildirishdi. Ularning menga yaratib beradigan sharoiti xorij klublarining taklifiga yaqinroq edi. Shu bois termizliklar bilan ishlashga rozi bo‘ldim. Bu erda oldin birga o‘ynagan do‘stlarim ham bor. A’zam Aliev, Darko Stanoevich, Dilshod Jabborov va yana boshqa futbolchilarni aytishim mumkin. U erdagi tarkib menga tanish. Bunday muhitda esa yangi jamoaga moslashishda ham qiynalmayman.

Shuningdek, sobiq jamoasi – “Navbahor”ni ham pul uchun tark etganmidi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu borada gap ketar ekan, Mehmonov ushbu masala bo‘yicha ham o‘z munosabatini bildirdi.

- “Navbahor”dagi faoliyatim davomida menga boshqa klublardan yaxshi takliflar bo‘lgan paytida ham jamoani tashlab ketmagandim. Masalan, menga o‘tgan yili ham, undan avvalgi yilda ham har tomonlama qoniqarli takliflar bo‘lgan. Shunda ham “Navbahor”da qolib yordam berishga qaror qilganman. O‘sha paytlarda klub ham yuqori o‘rinlarga ko‘tarilayotgandi va bu borada biz ham o‘z hissamizni qo‘shishni istaganmiz. Shuning evaziga boshqa takliflarga umuman e’tibor ham bermaganmiz. O‘sha paytda moliyaviy holat biz uchun muhim rol o‘ynamagandi. Endi esa klubni va muhitni o‘zgartirish fursati kelgandi. O‘z kuchimni ham boshqa jamoada sinab ko‘rishni istayotgandim. “Navbahor” rahbariyatidan mening ketishimga ruxsat berishlarini iltimos qildim. To‘g‘ri, ular boshida mening ketishimga qarshi chiqishdi. Ammo keyinchalik vaziyatni to‘g‘ri tushunishdi. Buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

mehmonov_1

Qiziq, Jahongir Mehmonovni “Surxon”ga aynan kim taklif qilgan? Bu borada ham taxminlar yo‘q emas. Bunga oydinlik kiritish uchun futbolchining o‘ziga murojaat qildik.

- “Surxon” rahbari taklif bilan chiqdi. Qolaversa, u erda sobiq jamoadoshlarim ham o‘ynashayotgani mening u erga o‘tishimga ham turtki bo‘lishdi. Klubga o‘tishdan oldin o‘shalar bilan ham gaplashdim. Biz bir-birimizni to‘g‘ri tushundik.

Namanganda ancha muddat faoliyat olib borgan Mehmonov “Navbahor”ni qanday tark etdi? Klubdagilar yoki boshqalar bilan oralarida xafagarchilik o‘tmaganmidi? Umuman, u erdan ketishiga nima sabab bo‘ldi? Mazkur masala bo‘yicha ham himoyachiga murojaat qildik.

- Bu vaziyatda hech qanday xafa bo‘ladigan holat yo‘q. Futbolda hamma narsa bo‘ladi. O‘tgan mavsumning birinchi davrasidan keyin jamoamizda ayrim muammolar bo‘lgandi. Biroz qiynaldik. Klub ham pastki o‘rinlarga tushib ketdi. Albatta, rahbariyat bizdan ko‘p narsani talab qiladi va bu borada ular haqli. Afsuski biz oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalay olmadik. Gapning ochig‘i vodiy futbolidan biroz chetga chiqishni xohladim. Umuman aytganda, “Navbahor”da o‘ynaganimdan xursandman. Birga to‘p surgan futbolchilar juda ajoyib edi. Ayniqsa, uchinchi o‘rinni egallab tarixga kirganimizdan juda mamnunman. Adashmasam, o‘shanda bronza medalini qo‘lga kiritganimizga 18 yil bo‘lgandi. O‘shanda klub tarkibida qaysi futbolchilar o‘ynashgan degan savol bo‘lsa, bizning ham nomimiz ko‘rsatiladi. O‘z navbatida bu jamoaga minnatdorchilik bildiraman.

Shu o‘rinda futbolchi “Navbahor”da birga ishlagan rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskisning klubdan ketishiga aloqasi yo‘qligini aytib, u haqida ijobiy fikrlar bildirdi.

- Oldin ham aytganimdek, mening Kanchelskis bilan hech qanaqa muammoim yo‘q. U yaxshi murabbiy va doim Kanchelskis haqida iliq fikrdaman. Odamgarchilik tomonidan ham u ajoyib murabbiy. O‘ylaymanki, bosh murabbiy ham mening qarorimni to‘g‘ri tushundi.

Namanganlik muxlislarning qanchalik talabchan ekanligini hamma yaxshi biladi. Aslida bunday talabchan ishqibozlar qarshisida o‘ynash ham oson emas. Sizdan faqat g‘alabani talab qilayotgan bir paytda bu futbolchiga ortiqcha bosim ham yuklashi mumkin. Muxlislar esa “Navbahor”ga kelgan va ketgan har bir o‘yinchiga ham o‘ziga yarasha munosabat bildiradilar.

- Hozir ham ayrim muxlislar qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rab turishadi va keyingi faoliyatimda omad tilashyapti. “Navbahor”da qolmaganimga biroz xafa ham bo‘lishdi. Albatta, besh qo‘l barobar emas. Kimgadir yoqasiz, kimgadir yoqmaysiz. Men esa hammaga faqat yaxshilik tilayman, hech kimga yomonligim yo‘q, - deya ishqibozlar haqida fikr bildirdi, Mehmonov.

mehmonov2_1

Shuningdek, klublarga qo‘shilayotgan yangi o‘yinchilarning aksariyati faqat bir yilga mo‘ljallangan shartnomalarni imzolashmoqda. Jahongir Mehmonov ham boshqalar qatori “Surxon” bilan mavsum oxirigacha kelishuvga erishgan. Lekin nima uchun ko‘p yillik bitimlar imzolanmayapti? Yoki klub va futbolchi bir-biriga u qadar ishonmaydimi? Ammo Mehmonov ushbu masala haqida gapirar ekan, bir yillik shartnoma nisbatan qulayroq ekanini ham yashirmadi.

- “Surxon” bilan birga yilga shartnoma tuzdim. Menimcha, ikkala tomonga ham bir yillik kelishuvga erishish ma’qul kelsa kerak deb o‘ylayman. Balki shuning hisobiga aksariyat klublar va o‘yinchilar o‘zaro kelishgan holda bir mavsumlik shartnomalar tuzishayotgandir, yana bilmadim. Balki kimgadir ko‘proq muddatga shartnoma taklif qilinar. Menga esa bir yillik shartnoma qulay deyishim mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!