
Jaloliddin Masharipov: "Al-Nassr" bilan sovrin yutmasdan turib hech qaerga ketish yo‘q"
Legionerimiz Jaloliddin Masharipov harakat qilayotgan Saudiya Arabistonining "Al-Nassr" klubi yangi mavsumga Ispaniyada tayyorgarlik ko‘rmoqda. Klubni yaqindagina frantsiyalik murabbiy Rudi Garsiya qabul qilib oldi. Masharipov jarohati sababli jamoasining o‘yinlarida ishtirok eta olmayapti. SPORTS.uz sayti hamyurtimiz bilan bog‘lanib yangi mavsumga tayyorgarlik va jarohati haqida suhbatlashdi.
– Yangi mavsumta tayyorgarlik qanday kechmoqda?
– Tayrgarlik ko‘ngildagidek kechayotgandi, kutilmaganda jarohat oldim. To‘g‘risi, ispan klublariga qarshi o‘ynashni juda xohlagandim, ammo doim ham sizning aytganingiz bo‘lavermaydi. Hozircha tiklanish jarayonidaman. Mavsum startiga tayyor bo‘lishni rejalashtiryapman. Oldinda bizni qiziqarli mavsum kutmoqda.
– Jamoaga frantsiyalik mashhur murabbiy olib kelindi. U bilan munosabatlaringiz qanday? U sizni o‘z rejalariga kirityaptimi?
– Rudi Garsiyani hamma juda ham yaxshi taniydi. U jamoaning ichki muhitiga qattiq e’tibor qaratarkan. Qisqa muddat ichida hamma bilan tez chiqishib ketdi. Uning kuchli murabbiy ekanligi sezilib turibdi. Hurmatga loyiq tarafi, Garsiya barcha futbolchiga birdek muomala qilyapti. Umid qilaman, bu yil jamoamiz muxlislar orziqib kutayotgan chempionlikka erishamiz.
– Sizni Saudiya chempionitini tark etadi degan xabarlar ham tarqalgandi. Kelajagiz borasida bir qarorga keldingizmi?
– Men qaerda o‘ynagan bo‘lsam har doim chempion bo‘lganman yoki kuboklarni yutganman. Shunday ekan, "Al-Nassr" bilan sovrin yutmasdan turib hech qaerga ketish yo‘q.
Fikrlar