
Jaloliddin Masharipov "negativ" muxlislarga va tanqidlarga keskin javob berdi
O‘zbekiston Milliy terma jamoasi va Eronning "Istiqlol" klubi futbolchisi Jaloliddin Masharipov muxlislarning e’tirozi va salbiy fikrlariga munosabat bildirdi.
O‘zbekistonlik muxlislar o‘rtasida termamiz Qatarga qarshi o‘yinni sotgan kabi fikrlar yangray boshladi. Futbolchi o‘z instagram sahifasi orqali bu kabi farazlar xato ekanligi aytib, muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
- Bizni nomimizni qoralab ijtimoiy tarmoqlarga video tayyorlab, obunachi yig‘adiganlar ham bor. Buni o‘rniga mehnat qilishingizni so‘rab qolaman. Agar menga e’tirozingiz bo‘lsa yoki jiddiy gaplashib olmoqchi bo‘lsangiz, instagram orqali xabar qoldirishingiz yoki biror erda ko‘rishib olamiz, deb taklif bildirsangiz, men bunga qarshi emasman. Shunday muxlislar bor bizni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Baxtsiz odamlar esa qoqilishimizni kutib yuradi.
- Terma jamoamiz chempionatni mag‘lub bo‘lmay tark etdi. Penaltilar seriyasi bu - lotoreya. To‘g‘ri, bizning reja kuchli to‘rtlikka kirish edi. Ayrimlar bizni futbolni yaxshi ko‘rmaslikda aybladi. Aslida, bizda ham gap ko‘p. Biz ham qo‘limizdan kelgan ishni qilamiz.
- Futbolchilar jahon chempionatida o‘ynashni yoki O‘zbekistonni Jahon chempionatiga olib chiqishni xohlamaydi, deb o‘ylaysizmi? Siz jamoadagi ichki muhitni bilmaysiz-ku? Futbolchilar gapirmaydi deb, kamera ortida xohlagan gapingizni aytyapsiz. Menimcha, biz jim bo‘lganimizni qo‘rqoqlik, deb hisoblaysizlar, shekilli.
- Ota-ona hamda vatan hech qachon sotilmaydi. Shuning uchun, biz vatanni sotib, uyimizga non olib kirmaymiz. Bizga hech kimni puli kerakmas.
Shomurodov, Alijonov, Aliqulov kabi futbolchilarimizda jarohat olmaganida, hammasi boshqacha bo‘lardi. Tarkibda shu kabi muhim o‘yinchilar bo‘lmagan holatda ham yaxshi ishtirok etdik. Bizni qo‘llab-quvvatlasangiz, nasib etsa, Jahon chempionatiga chiqamiz.
Odamlar mening yurish-turishimga qarab baho beradi. Mening kiyinishimga qarab, kibrli deyishadi. Meni tanimay turib, qanday yomon ko‘rishlari juda qiziq. Shu kabi gaplarni aytayotganlar men bilan hayotda uchrashmagan va gaplashib ko‘rmagan.
Qatar bizdan jismonan kuchli edi, demagan bo‘lardim. Shunchaki, seriyada omadi keldi. Hattoki Eron o‘yinda yutqazib chiqib ketdi. 4-5 ta asosiy futbolchilarimiz tarkibda bo‘lganida, hammasi boshqacha bo‘lardi.
Karim Xudayqulov tayyorladi
Fikrlar