Jaloliddin Masharipov: "Superligada yaxshi o‘ynab qo‘ydi degani,terma jamoaga chaqirish shart degani emas"

  • 29 yanvar, 15:02
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston terma jamoasi va Eronning "Istiqlol" klubi etakchisi - Jaloliddin Masharipov bilan ko‘plab mavzular borasida suhbat uyushtirdik. Futbolchi bugungi xolati, terma jamoa va Katanets iste’fosi haqidagi muhim savollarga ochiqchasiga javob berdi. Bundan tashqari, yangi mavsumda Superliga chempionligi yo‘lida kimlarni asosiy da’vogar ekanligi haqida ham fikr bildirdi.

Eron klubi bilan kontraktni uzaytirishga qaror qildingiz. Bunga nima asosiy sabab?

Bunga asosiy sabab “Istiqlol“ ishqibozlari. Ular meni doim qo‘llab-quvvatlaganini his qildim. Ularni ko‘nglidan joy olganimdan xursandman. Qolgan 2,5 yil davomida yaxshi natijalar bilan ularni xursand qilmoqchiman. Klub tarixida o‘z nomimni qoldirishni istayman.

Siz bilan “Neftchi“ bog‘langan edi. Klub etakchisi obrazida sizni ko‘rgan edi, nega rozi bo‘lmadingiz?

To‘g‘ri, “Neftchi“ klubi meni o‘z tarkibiga qo‘shib olish borasida taklif bilan chiqdi. O‘sha payt ularga Eron klubi yangi shartnoma taklif etmoqchi ekanligini aytgan edim. To‘g‘risi, O‘zbekistonga hozir qaytgim kelmadi. Agar qaytadigan bo‘lsam ham, birinchi navbatda “Paxtakor“ bilan muzokara o‘tkazsam kerak. Undan so‘ng, boshqa klublardan kelgan takliflarni ko‘rib chiqamiz.

Srechko Katanetsni iste’fosini qanday qabul qildingiz?

Uning iste’fosi nafaqat men, balki ko‘plab muxlislar uchun ham og‘ir bo‘ldi. Bir necha yillar davomida g‘alabalar bilan ishqibozlarimizni xursand qilgan edik. U terma jamoada o‘z uslubini yaratgan edi. Unga ancha o‘rganib qolgan edik. Ba’zida, qattiq gapirib yuborsam ham, meni to‘g‘ri tushunar, mendan xafa bo‘lib jamoada chetlatib yubormas edi. Bu uning professional ekanligidan dalolat. Bunday reaktsiyani avvalroq Shota Arveladzeda ham ko‘rganman. Ikkisi ham yuqori darajada futbol o‘ynagan va futbolchini yaxshi tushunar edi. Nafaqat men, boshqa futbolchilar bilan ham munosabatlari a’lo darajada edi. O‘rganib qolgan edik unga.

Uning sog‘lig‘i bilan muammolar so‘nggi paytlarda mashg‘ulotlarda sezilgan edimi yoki yo‘q?

Hammasi sog‘ligidagi muammolardan kelib chiqdi. Biz unga ortda qolgan yillar uchun tashakkur bildiramiz. Agar JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritsak, bunda uning hissasi katta bo‘ladi. To‘g‘risi, Srechko mashg‘ulotlar paytida sog‘lig‘idagi muammolarni bildirmaslikka uringan, ammo unda ruhiy holatida muammolar ko‘zga tashlangani rost. Endi kelgan paytida unda boshqacha azart ko‘rganimiz uchun, biroz sovuqqonroq bo‘lib qolgani rost. Keling, tan olaylik hammamiz insonmiz. O‘lim ro‘para kelganida hamma biroz ehtiyotkor bo‘ladi. Uni ham yashagisi kelgani aniq. Unda ich-ichidan qandaydir qo‘rquv bor ekanligini sezib turar edik. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.

Sloveniyalik mutaxassis o‘zidan so‘ng, terma jamoa uchun nima tashlab ketdi deb o‘ylaysiz?

U ko‘p narsa tashlab ketdi deb o‘ylayman. U muxlislar qalbidan joy oldi va terma jamoada qanday ishlash kerakligini ko‘rsatib ketdi. Aqli insonlar undan o‘rganadigan narsalar ko‘p ekanligini darrov tushungan. O‘zim uchun futbolchi sifatida ko‘p narsa o‘rgandim. Kelajakda murabbiy bo‘lsam, kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni oldim, deb ayta olaman.

Timur Kapadze terma jamoa rahbarligini qo‘lga olgach, birinchi uchrashuvda ko‘pchilik kutgan o‘yinni ko‘rmadik. Bunga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

Timur Kapadze termani qabul qilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Kapadze yaxshi murabbiy. Yaqindagina Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Biz terma jamoada Kapapdze boshqaruvida Eron va Urugvayyga qarshi to‘p surganmiz. Bundan tashqari, futbolchi sifatida ham birga to‘p surganmiz. Yaxshi inson va yaxshi murabbiy. Menimcha, murabbiyimiz ham hozir nimalarnidir o‘zgaritirish xato ekanligini sezib turibdi. 1-2 o‘yinda mundial masalasi hal bo‘lishi mumkin. Kelajakda ham u katta ishlar qilishiga yuz foiz ishonaman. Sababi, mutaxassis sifatida o‘z ustida ishlaydi va mukammallikka intiladi.

O‘rtoqlik o‘yiniga keladigan bo‘lsak, bu erda bir muhim omil bor. Ko‘pchilikka yoqmasa ham aytaman, terma jamoa libosini kiyganida, insonda juda kuchli hayajon bo‘ladi. Buni hamma ham ko‘tara olmaydi. Superligada yaxshi o‘ynab qo‘ydi degani, terma jamoaga chaqirish kerak degani emas. Milliy jamoada o‘ynash uchun ruhiy tomondan kuchli bo‘lish kerak.

Timur Kapadze terma jamoa postiga kelgach, etakchilar bilan suhbatlashdimi?

O‘zaro suhbatlashdik. Sog‘lig‘imni so‘radi va mart oyidagi muhim o‘yinlarda kerak ekanligimni aytdim. Timur aka barcha etakchilar bilan suhbatlashganiga shubham yo‘q. Sobiq futbolchi bo‘lgani bois, bu narsa qay darajada muhim ekanligini yaxshi biladi.

Yaqinlashib kelayotgan muhim o‘yinlar oldidan Timur Kapadze o‘s uslubiga zid bo‘lsada, Katanetsning strategiyasi asosiyda harakat qilishi kutilmoqda. Bu to‘g‘ri qarormi?

Aytib o‘tganimdek, bizda o‘yin uslubi tayin. Hamma futbolchi maydonda nima qilish kerakligini yaxshi biladi. Hozir katta o‘zgarish qiladigan payt emas. Vaqt juda kam. 10 kun ichida ikkita o‘yinda maydonga tushamiz. Bu orada nimadir keskin o‘zgartirishni imkoni yo‘q.

Sizningcha, MTJ uchun JCh saralashidagi asosiy raqib kim?

Asosiy raqibimiz Eron terma jamoasi. Qolgan jamoalarni hurmat qilamiz, ammo ular bizga raqib emas. Daraja jihatidan ham olib qaralsa, Eron asosiy raqibimiz.

Superliga haqida ozgina suhbatlashsak. Sizningcha, “Nasaf“ nima evaziga Superligada g‘alaba qozondi?

“Nasaf“ chempion bo‘lmasa ham bo‘lmas edi, Ro‘ziqul Berdiev chempion bo‘lmasa ham bo‘lmasdi. U chempionatni va kim nimaga qodir ekanligini juda yaxshi biladi. Qo‘shimchasiga, akademiyadan chiqqan futbolchilar hozir kuchga to‘ladi. Agar iqtidorli mutaxassis bir necha yillar davomida akademiyasi bor va yaxshi yo‘lga qo‘yilgan klubda ishlasa, albatta maqsadiga etadi. Bundan tashqari, Berdiev aql bilan ish ko‘radigan murabbiy. Chempionlikni asosiy sababchisi sifatida uning vaziyatga to‘g‘ri yondashganini e’tirof etish kerak.

Yangi mavsumda sizningcha chempionlik uchun asosiy 3 ta da’vogar kim va ularni ro‘yxatini tuzib bering.

“Nasaf“ “Paxtakor“ va “Neftchi“ni chempionlik uchun asosiy da’vogar deb o‘ylayman. Shuningdek, “Navbahor“ ham qarab turmasa kerak. “Andijon“ esa, muxlislari yordamida bosim qilib o‘ziga tegishli narsani olishga intiladi.

Cheran haqida qaerdadir hali yana to‘purar bo‘ladi degan edingiz. Sizningcha, kelasi mavsumda o‘zini ko‘rsatadigan 3 ta futbolchi kim?

To‘g‘risi, Cheranni “Paxtakor“dan ketkazib yuborilgani menga yoqmadi. 5-6 yildan beri Superligadagi to‘purari va chempionlik olib berayotgan futbolchini bunday ketmasmasliga kerak edi. Hurmat qilish kerak edi uni. “Nasaf“da o‘yin to‘liq shakllangan. Eski “Paxtakor“da bo‘lgani kabi, “16”ni ichiga kirib gollar urishda davom etadi. Mana ko‘rasizlar, u bu mavsum ham chempionat to‘purariga aylanadi. Ro‘yxatni to‘ldirish uchun Jamshid Iskanderovni aytishim mumkin. To‘g‘risi, boshqa futbolchini ismi yodimga kelmadi. Agar men eslay olmasam, demak ular o‘z ustida ko‘proq ishlashi va boshqalarni o‘zi haqida gapirishga majbur qilishi kerak.

Bu yil JChga chiqamizmi?

Qolgan o‘yinlarda hammasini to‘g‘ri qilsak, muxlislarimiz orzusini amalga oshiramiz. Xudo xohlasa, mundialga boramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!