
“Jenoa”: Shomurodov uchdi!
Italiya kubogining 1/16 final bosqichi Genuya shahrining ikki zabardast jamoasi – “Sampdoriya” va “Jenoa”ni o‘zaro ro‘baro‘ qildi. Bu ikki jamoa uchrashuvi Genuya derbisi sifatida doimo keskin va murosasiz o‘tadi.
“Sampdoriya” va “Jenoa” Italiya chempionati musobaqa jadvalida qaysi pog‘onada bo‘lishidan qat’i nazar raqobat doim keskin bo‘lgan. 1 noyabr kuni A Seriya doirasida “Sampdoriya” maydonida o‘tgan uchrashuvda “Jenoa” bir ochko olishni uddalagan edi.
Italiya kubogidagi to‘qnashuv ham derbiga xos o‘tdi. Mezbonlik mas’uliyatini bo‘yniga olgan “Sampdoriya” futbolchilari birinchi bo‘limning o‘rtalarida Valerio Verrening uzoq masofadan yo‘llagan aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi.
Birinchi bo‘lim mezbonlar ustunligida o‘tdi. Lekin Rolando Maran tanaffusda shogirdlarini g‘alabaga ruhlantira oldi.
O‘yinning oltmishinchi daqiqasida Eldor Shomurodovning mahorati hisob tenglashishida asosiy omil bo‘ldi. Tezkorligi evaziga raqiblarni aldab o‘tgan hujumchimiz to‘pni qulay vaziyatda turgan jamoadoshi Janluka Skamakkaga ajoyib tarzda etkazib berdi. Yosh hujumchi Eldorning tuhfasidan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi.
Nihoyat, Shomurodov “Jenoa”dagi birinchi samarali harakatini amalga oshirib, golga hammuallif bo‘ldi.
O‘yinning qolgan daqiqalarida ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirgan “Jenoa” Lukas Lerager va Skamakkaning yana bir aniq zarbasi evaziga 3:1 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuvdan so‘ng, “Jenoa” rasmiy sayti g‘alabaga katta hissa qo‘shgan futbolchilarni alohida tilga oldi.
- O‘yinning birinchi qismida asosiy e’tibor himoyaga, “Sampdoriya” hujumlarini qaytarishga qaratildi. Darvozabon Federiko Marketti ayrim vaziyatlarda mahorat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Tanaffusdan keyin bosh murabbiy Rolando Maran vaziyatni o‘zgartirish uchun taktik o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Maydonga Milan Badel va Filippo Melegoni tushirildi.
Avvaliga maydon markazidagi ustunlikni qo‘lga olish qiyin bo‘ldi. Sal vaqt o‘tib, Genuya “portladi”. Shomurodov raqib himoyachilaridan “uchib” o‘tdi va shu jarayonda Skamakkaga zo‘r pas bera oldi. Janluka esa ishini bajardi. Keyinroq, Lerager va Skamakka muvaffaqiyatni mustahkamladi. Luka Pellegrini ham juda faol o‘ynadi. Shu kuni “Jenoa” futbolning haqiqiy go‘zalligini namoyish etib bera oldi, - deb yozmoqda “Jenoa” rasmiy sayti.
Endi “Jenoa”ni nimchorak final bahsida katta sinov kutib turibdi. Genuyaliklar bosh sovrin uchun kurashda Italiyaning eng nomdor va kuchli klubi “Yuventus” sinovidan o‘tishi kerak bo‘ladi.
“Yuventus” – “Jenoa” uchrashuvi 2021 yilning 13 yanvar kuni tashkil etiladi. Bu juftlik g‘olibi yarim final yo‘lida “Sassuolo” va SPAL o‘rtasidagi o‘zaro bahsda zafar quchgan jamoaga qarshi o‘ynaydi.
Eslatib o‘tamiz, Italiyaning eng qadimgi jamoasi hisoblangan “Jenoa” o‘z tarixida bir marotaba mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan va bir marta finalda yutqazgan. Shuningdek, “Jenoa” to‘qqiz karra Italiya chempionidir.
Fikrlar