“Ferrari”lar yurtida Shomurodovning tezligi tortmayapti! Lekin yaxshi o‘zgarish ham bor...

  • 26 noyabr, 2020, 11:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Eldor Shomurodov Italiya chempionatidagi uchinchi uchrashuvini o‘tkazib, bu gal ham maydonni golsiz tark etdi. “Udineze”ga qarshi uchrashuvda o‘zbekistonlik legionerga o‘zini ko‘rsatish uchun yigirma daqiqadan ko‘proq vaqt berildi. Eldor o‘z imkoniyatidan unumli foydalanishga harakat qildi. Lekin bu safar ham samarasiz.

Tecno

Futbol tahlilchilari boshlang‘ich tarkibga kirish uchun kurashda Eldorning asosiy raqobatchisi hisoblangan Janluka Skamakka kuchliroq, samaraliroq va yorqinroq o‘yin ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Asosiy hujumchi rolidagi Goran Pandev ham hali-beri boshlang‘ich tarkibda o‘zbek hujumchisiga joy beradigan emas!

110317_m

“Udineze” bilan o‘yinda bosh murabbiy Rolando Maran qaroriga ko‘ra, makedoniyalik “qariya” Eldorga o‘z o‘rnini 69-daqiqada bo‘shatib berdi. Legionerimiz o‘yinga faol qo‘shildi. Ko‘p yugurdi, ochilishga harakat qildi. Chap qanot hujumchisi vazifasini bajardi. Lekin mutaxassislarning ta’kidlashicha, genuyalik futbolchilar Eldorni etarli darajada qo‘llab-quvvatlay olmayapti. Udine shahridagi o‘yinda ham hamyurtimiz sekin chetga chiqib qolgani sezildi.

Shomurodov shu kuni o‘zi ishtirok etgan ikkinchi qavatdagi yakkakurashlarning barchasida raqibdan ustunlik qildi. U kamida to‘rt marta havodagi to‘pni o‘ziniki qildi va jamoadoshlariga aniq pas berdi. Jarima maydonchasi ichida to‘pni  qulay pozitsiyadagi o‘yinchiga tashlab berganida, u darvozaga zarba berish o‘rniga chetdagi futbolchiga oshirib, vaziyatni qo‘ldan chiqardi. Gol bo‘lganda bormi...

Eldorga A Seriya futbolida o‘z o‘rnini topishi uchun birinchi navbatda tezlik etishmayapti. Tahlilchilar Eldor hali hamon “Rostov”dagi yuksak formasini tiklay olmaganiga e’tibor qaratyapti. Bir yil muqaddam, Shomurodov  o‘z shiddati, tezligi va texnikasi bilan Rossiya premer-ligasidagi jamoalar himoya qo‘rg‘onlarini buzib tashlagandi. Afsuski, hozir ham karantindan keyingi ahvol  – shiddat va tezlik etishmayotgan, tez charchab qolayotgan Eldorni ko‘ryapmiz.

Aksariyat  mutaxassis va muxlislarda “Jenoa” Eldor uchun noqulay jamoa, degan tasavvur shakllana boshladi. Eldor uchun tezlik olishga etarli hudud, yarim himoyachilarning aqlli paslari, jamoadoshlarining qo‘llab-quvvatlashi kabi omillar muhim. “Jenoa”da u ortga qaytib, to‘pni raqibdan olib qo‘yib, keyin hujumga o‘tishiga to‘g‘ri kelyapti. “Udineze” bilan o‘yinda ham  himoyaga yaqin joyga kelib, to‘pni egallab oldi va hujumga otlandi. Lekin yarim himoyachilar u kutgan pasni bermadi.

Eldorning o‘zi hujum tashkil qilishga intilayotgani ham uning yutuq tomonlaridan. Statistika yurituvchi mutaxassislar moslashuv davrini o‘tayotgan o‘zbek futbolchisining o‘yinida oz bo‘lsa-da, ijobiy tomonga o‘zgarishlar borligini ko‘rsatayotgan raqamlarni e’lon qilmoqda. Xususan, “Udineze”ga qarshi uchrashuvda hamyurtimizning o‘yini futbol olamidagi eng nufuzli statistik saytlardan bo‘lgan Whoscored mutaxassislari tomonidan 6.1 ballga baholandi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Eldor  o‘zidan uzoqroq muddat o‘ynagan “Jenoa” yulduzi Goran Pandevni ortda qoldirdi. Lekin 6,3 ballga loyiq topilgan Skamakkadan ortda qoldi.

IMG_20201123_161947_1

Umuman olganda, bu kabi e’tibor va e’tiroflar o‘zbekistonlik muxlislarga qo‘shimcha umid berishi sir emas. Eldor esa, tobora o‘z o‘yinini topib, nimalarga qodirligini ko‘rsata olishi kerak.

“Rostov” daromad olishi uchun Shomurodov Italiyada gol urishi kerak

Eldor o‘yinga tayyor!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Даврон Курбанов
25/11/2020 21:12
Shlmurodovning hali texnikasi kamroq
Даврон Курбанов
25/11/2020 21:11
Unday desak Ronoldu ham xotiga ko'p vaqt sarflayabdi.Lekin 35 yoshda ham zo'r o'ynayabdi.
&
FANAT-MYU
25/11/2020 09:25
Hamma kuchi hotiniga sarflab yuborayapti aynan uylangandan keyin boshlandi eldorda ha maylikuya lekin hamma futbolchilar uylanadi lekin o‘z formasini ushlab turadi